O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati mamlakatdagi Diniy konfessiya vakillarining hayit bayrami tabrigini taqdim etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov muborak Ramazon hayiti bilan barchaga tabrik yo‘lladi.
“Aziz yurtdoshlar! Barchangizni ertaga kirib kelayotgan Ramazon hayiti – Iyd al fitr bayrami bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan va o‘z shaxsim nomidan chin qalbdan muborakbod qilamiz”.
Shuningdek, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy ham musulmonlarni bayramlari bilan qutladi.
“O‘zbekistondagi barcha musulmonlarni Ramazon hayit bayrami bilan chin qalbdan tabriklayman. Hech qanday tashqi va ichki kuchlar, Xudoga shukrki, birdamligimizni buzolmaydi, sindira olmaydi”, deyiladi tabrikda.
Rim-katolik cherkovi yepiskopi Matsulevich Yejining tabrigida shunday deyiladi: “Ramazon – bu faqatgina ro‘za tutish emas, bu oyda inson Rabbisi bilan juda yaqin keladi. Bu bayram shukuhi hammamizga sezilib turadi. Bu kun barchamiz uchun ham bayramdir”.
“Xudo barchamizning qilgan duolarimizni eshitib turibdi. Qalbimizda poklik, dasturxonimizda mo‘l-ko‘lchilik va atrofimiz tinch-xotirjam bo‘ldi. Yurtimizda xotirjamlik bo‘lsin. Yana bir bor qalbdan tabriklayman”, deyiladi Yahudiylar diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov tabrigida.
Arman apostollik cherkovi ruhoniysi Grigoryan Aramais Ramazon hayiti bilan quyidagicha tabrikladi: “O‘zbekiston – barcha millatlar uchun vatandir. Biror bir millat bu yurtda o‘zini begona his qilmaydi. Hammamiz uchun bu o‘z uyimiz, vatanimizdir. Bu yurtga bir marta kelgan kishi, albatta, ikkinchi marta kelishni istab qolishiga shubha yo‘q”.