Buxoroning Pro-ligadagi ikkita klubiga texnik mag‘lubiyat yozildi

Sport 17:39 / 04.06.2019 4666

Bugun, 4 iyun kuni Pro-ligada bo‘lib o‘tishi belgilangan 9-tur uchrashuvlaridan ikkitasi texnik hisob qayd etilgani bois o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

PFL Buxoroning «Zarangari» va «Ittifoq» klublariga texnik mag‘lubiyat yozdi.

«Ittifoq» chempionatda 8ta tur ortda qolganiga qaramay, hamon badal pulini to‘lab bo‘lmagani uchun, «Zarangari» esa safar o‘yiniga bormagani sababli maydonga tushmay turib yutqazdi.

9-turda «Ittifoq» «Zomin» mehmoni bo‘lishi, «Zarangari» esa «Orol» maydoniga safar qilishi kerak edi.

E'tiborlisi, «Zarangari»ga 3-turda ham «Zomin» bilan o‘yinga belgilangan vaqtda yetib kelmagani tufayli texnik mag‘lubiyat yozilgandi.

Mazkur holatda, PFL bosh direktorining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayevning o‘z Telegram-kanalida ma'lum qilishicha, klub reglamentga asosan musobaqadan chetlashtirilishi kerak. «Zarangari» litsenziyasining qaytarib olinishi masalasi O‘FA tegishli qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, «Zarangari» rasmiylarining O‘zPFL’ga ma'lum qilishicha, 5-turdan o‘rin olgan Navoiyning «Ittifoq» klubiga qarshi uchrashuvda bir qator futbolchilar totalizatorda ishtirok etgan.

«Shundan kelib chiqib, O‘FA maxsus inspeksiyasi mazkur jamoalar ishini o‘rganishni boshlaydi. «Zarangari» klubidan ro‘yxatdan o‘tgan futbolchilar bu ish bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarilmaguniga qadar boshqa klublardan ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi katta ehtimol», – deb yozadi Imomxo‘jayev.

«Xullas, futbol rivojiga bolta urayotgan futbolchi va murabbiylar sekin-sekin chiqib kelyapti», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Ma'lumot uchun, «Zarangari» va «Ittifoq» klublari G‘arb mintaqasida 8 jamoa orasidan mos ravishda 6- va 8-o‘rinlarni egallab turibdi.

«B» Pro-liga, 9-tur
4 iyun, seshanba
17:00 Rubin — Lokomotiv-BFK
17:00 Yashnobod — Bunyodkor-2
17:00 Rash-Milk — Turon
17:30 Chig‘atoy — Andijon-2

17:00 Zirabuloq — Ittifoq-N
18:00 G‘ijduvon — Yangiyer
18:00 Zomin — Ittifoq-B +/-
18:00 Orol — Zarangari +/- 

Ko‘proq yangiliklar: