Kattaqo‘rg‘onda hokimlik va tadbirkor nizosi davom etmoqda. Muammo qachon yechim topadi?

Jamiyat 10:00 / 02.06.2019 12714

Kun.uz saytida joriy yil 12 mart kuni «Kattaqo‘rg‘onda tadbirkorning binosi ogohlantirishsiz buzib tashlandi. Jabrlanuvchi adolat istamoqda» sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, «Mo‘minxo‘ja» mahallasida yashovchi tadbirkor Qursiya Toshpo‘latovaga tegishli dorixona binosi hokimlik mutasaddilari tomonidan 2018 yilda hech qanday ogohlantirishsiz buzib tashlangani, yeri tortib olingani, o‘rniga va'da qilingan yer ajratib berilmayotgani bayon etilgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, dorixona binosi joylashgan hudud «Obod qishloq» dasturiga tushgan. Buzilgan dorixona binosi o‘rniga qishloq oilaviy poliklinikasi qurilgan.

Ushbu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Sanoqulov va hokimlik huquqshunosi K.Ahmedov bilan uchrashganimizda mutasaddilar tez kunlarda Q.Toshpo‘latovaga buzilgan dorixona binosi va undan olib qo‘yilgan yer evaziga boshqa hududdan yer ajratib berilishini, yer ham belgilab olinganini aytishgandi.

Ammo bu masala yuzasidan tadbirkor Qursiya Toshpo‘latova tahiririyatga takroriy murojaat qildi va tuman hokimligi vakillari hamon uni sarson qilayotganini bildirdi.

Shu asosida bu mavzuga yana qaytdik, tadbirkor va hokimlik mutasaddilari e'tirozlarini tingladik.

Ma'lum bo‘lishicha, tanqidiy maqoladan so‘ng tuman hokimligi mas'ullari bu masala yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

2019 yil 20 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining tadbirkor Q.Toshpo‘latovaga buzilgan dorixona o‘rniga «Kattaming» mahallasi hududidan 150,0 kv.metr yer tanlash va ajratish haqida №1296-Q-sonli qarori chiqqan. Ammo tanlanayotgan yer bo‘yicha hokimlik va tadbirkor kelishuvga erisholmagan.

Bu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari N.Sanoqulov bilan suhbatlashdik.

«Tuman hokimi qarori asosida «Kattaming» mahallasi hududidan tadbirkorga yer tanlandi. Ammo keyinchalik bu yer maydoni boshqa maqsadlar uchun ajratilgani ma'lum bo‘ldi. Shundan keyin tadbirkorning o‘zi istiqomat qiladigan «Mo‘minxo‘ja» mahallasidan yer ajratishga qaror qildik. Bu yerdagi «Mahalla markazi»da qator binolar joylashgan. To‘yxona, tibbiyot muassasasi, mahalla guzari va hokazo. Shu binolar qatoridan yer ajratyapmiz, ammo tadbirkor e'tiroz bildiryapti», – deydi Sanoqulov. 

Toshpo‘latova bilan suhbatlashganimizda, u tadbirkorligi uchun noqulay bo‘lgan hududlardan yer ajratilayotganini bildirdi.

Haqiqatan ham «Mo‘minxo‘ja» mahallasidagi «Mahalla markazi»dan yer ajratilayotgan yer tadbirkor uchun noqulay edi. Ko‘cha tomondan oldiga boshqa binolar tushgan. Bu yerdan tadbirkor dorixona qurganda ham binolar ortidan ko‘zga tashlanmaydi. Tadbirkor aynan shuning uchun e'tiroz bildirmoqda va boshqa hududdan yer ajratilishini so‘ramoqda.

Shu tariqa, bu muammo bir yildan ziyod vaqtdan buyon hal bo‘lmay kelmoqda.

Aslida, boshidan tadbirkorning huquqi buzilgan. 2018 tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan tadbirkor binosi ogohlantirilmasdan buzib tashlangan va yeri tortib olingan.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.

Tuman hokimligi mutasaddilari qarorda ko‘rsatilgan tartibga amal qilishmagan va tadbirkorning huquqini ochiqchasiga buzishgan. Ayni vaqtda esa jabrlangan tadbirkor yana sarson, tuman hokimligi mutasaddilari masalani ijobiy hal etishni paysalga solmoqda. Nizo esa davom etmoqda.

Kun.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: