Bosh prokuratura: Qashqadaryoda o‘ldirilgan ayiq aholi hayotiga xavf tug‘dirgan

Jamiyat 12:10 / 02.06.2019 51572

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi Qashqadaryo viloyatida bir guruh shaxslar Xalqaro qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni o‘lasi qilib do‘pposlagani haqidagi xabar yuzasidan ma'lumot berdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga xabar qilishicha, joriy yilning 28 may kuni Chiroqchi tumani, Langar MFY, Tutli qishlog‘iga Samarqand viloyati bilan chegara hududdan ayiq kirib kelib, tomorqalarni payhon qilish, uy hayvonlariga zarar yetkazish bilan birga aholi hayotiga xavf tug‘dirgan.

Xususan, fuqaro To‘rayev Husan, Sulaymonov Rustam, Ochilov Haydar va boshqalarning xonadoniga kirgan ayiq agressiv harakatlangan holda xonadon egalariga tahdid (otilib) qilib, qo‘rqitgan.

Shu sababli qishloq aholisi tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan ovchi Qahramon Ismoilovich Sulaymonov yordamga chaqirilib, ayiqni IJ-17 rusumli miltiq bilan 16-kalibrli o‘qdan otib o‘ldirgan.

Xabarga ko‘ra, hodisa joyiga yetib borgan profilaktika inspektori Sh.R. joyni ko‘zdan kechirib, ishni protsessual tartibda rasmiylashtirgan va ayiq tuman markaziga olib kelingan.

Mazkur holat tuman IIBning jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ro‘yxatga olish kitobida 28.05.2019 yilda 1009-raqam bilan ro‘yxatga olinib, ayni vaqtda tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Holat bo‘yicha so‘ralgan H.To‘rayev o‘sha kuni tomorqasida ishlab turganida adirdagi tepalikdan uning xonadoniga ayiq hujum qilib kirib kelganini, unga qarab ikki marta tahdid sifatida baqirganidan qo‘rqib ketganini, shu vaqtda qishloq aholisi tomonidan chaqirilgan ovchi uning xonadonidan 20 metr pastroqda ayiqni otib tashlaganini bayon qilgan.

Ayiq jasadi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshliqlari tomonidan ko‘zdan kechirilib, ayiqning holatiga oid hamda (quturish) kasalliklarga chalingani yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun veterinariya bo‘limiga topshirilgan.

Ayni vaqtda tuman veterinariya bo‘limi tomonidan ayiq jasadidan olingan namunalar ekspertizadan o‘tkazish orqali holatga aniqlik kiritish maqsadida hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi markaziga yuborilgan.

«Mazkur ishga vakolatli idoralardan malakali mutaxassislar jalb etilgan hamda tekshirish harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Tekshirishda asosiy e'tibor, ayiqning o‘ldirilishi aynan oxirgi zarurat bilan bog‘liqligi, uni o‘ldirmasdan ham xavfning oldini olish imkoni bo‘lgan yoki yo‘qligiga qaratilgan bo‘lib, tegishli shaxslar harakatiga huquqiy baho berish bilan natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: