“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bankomatlar orqali naqd pul olinganda foiz to‘lovini chegaralash haqida petitsiya e'lon qilindi.
Ta'kidlanishicha, hozirda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish jarayonida to‘lov 1 foiz etib belgilangan. Agarda 1 mln. so‘m naqd pul naqdlashtirilsa, unda 10 ming so‘m qo‘shimcha haq olib qolinadi.
“Boshida tekin bo‘lgan bu amaliyot ayni vaqtda 1 foiz etib belgilandi. Bank muassasalari buni bankomatga ketadigan xarajatlar: internet, texnik ta'minot, nazorat qilish kabi xarajatlarni qoplash uchun olinadi deb tushuntirishdi. Mayli, bankning o‘z xarajatlari borligini tushungan holatda 1 foizga qarshilik yo‘q, lekin qancha ko‘p pul yechib olsangiz shuncha ko‘p mablag‘ yo‘qotasiz”, - deb yozadi murojaat muallifi.
Bildirilishicha, agarda 5 mln. so‘m naqdlashtirilsa, 50 ming, 10 mln. so‘m naqdlashtirilsa, 100 ming so‘m yo‘qotiladi. Qancha ko‘p naqdlashtirilsa, shuncha zararga tushiladi. Bu masalani ko‘rib chiqish va aholiga qulayliklar yaratish kerak.
Shu sababli, quyidagilar taklif qilindi:
birinchidan, bankomat orqali 1 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yechilganda, 10 ming so‘mdan (ya'ni 1 mln.ni 1 foizi) ko‘p foiz ushlanmasin;
ikkinchidan, agar foydalanuvchi bir oy davomida bankomatdan pul naqdlashtirsa, qaysi bankomatdan pul naqdlashtirganidan qat'iy nazar faqat 1 martagina foiz ushlansin;
uchinchidan, qancha ko‘p pul yechilsa, foiz to‘lovi shuncha kamayib borsin (1 mln. gacha 1 foiz, 5 mln. gacha 0,5 foiz va h.k.);
to‘rtinchidan, bankomatlar o‘zlari tegishli bo‘lgan bank plastik kartochkalaridan foiz ushlamasin.