O‘zbekiston Respublikasi Velosiped sporti federatsiyasi tashabbusi bilan 2 iyun kuni Toshkent shahrida Xalqaro velosipedchilar kuniga bag‘ishlangan velosayil o‘tkaziladi. Bu haqida Federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Velosiped - ekologik jihatdan eng toza transport turi bo‘lib, u atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va sportni ommalashtirishga xizmat qiladi.
An'anaga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili Xalqaro velosipedchilar kuni nishonlanadi. Bu yilgi tadbirda respublikamizning barcha fuqarolari va mehmonlari ishtirok etishlari mumkin.
Velosayl Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida bo‘lib o‘tadi. Shu bois mazkur tadbir davomida Beshyog‘och, Furqat, Islom Karimov, Sharof Rashidov va Afrosiyob ko‘chalari vaqtincha yopiladi.
Yo‘nalishning umumiy masofasi 5 kilometrni tashkil etib, soat 10:00 da Humo Arena muz saroyi oldida boshlanadi. Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun +71 231 27 06 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.
"Barchangizni 2 iyun kuni #worldbicycleday nishonlash munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan velopoygaga Humo Arena muz saroyi oldida kutib qolamiz. Sog‘lig‘ingizni va tabiatni asrang!", - deyiladi manbada.