Kun.uz saytida joriy yilning 21 may kuni «Qarshi shahridagi ko‘p qavatli uy aholisi yomg‘irdan jabr ko‘rdi. Mutasaddilar muammoni hal etdimi?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Unda Qarshi shahri, «Kunchiqar» mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida yuzaga kelgan holat yoritilgandi.
Ma'lum bo‘lishicha, mahalla 2019 yil «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Chamanbog‘ ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarida 1 may kuni ta'mirlash ishlari boshlangani bois uylarning tom qismi ochib tashlangan. Ta'mirlash ishlari paysalga solinishi oqibatida kuchli yomg‘irda xonadonlar abgor va yashab bo‘lmas darajaga kelgan. Xonadonlarning tom qismidan suv o‘tishi natijasida aholi katta zarar ko‘rgan.
«Bu mahalla joriy yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Shuning uchun ko‘p qavatli uylarda ham ta'mirlash ishlari boshlangan edi. Tom qismi almashtirish uchun olib tashlangandi. Ammo qayta ta'mirlab, yopgunga qadar kuchli yomg‘irlar yog‘di. Shu tufayli bu holat yuzaga keldi. Yomg‘irdan keyin ishlar tezlashtirilib, ikkita ko‘p qavatli uyning tom qismi yopildi. Qolgan ko‘p qavatli uylarda ham ishlar davom etyapti. Yomg‘ir kutilmaganda bo‘ldi va bu tabiat hodisasi. Shuning uchun yetkazilgan zarar qoplanishi haqida aniq bir gap aytish qiyin», – deya holatga izoh bergandi Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Xurshid Ziyatov.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar uylarning 1960 yilda qurilgani, juda ta'mirtalab holga kelib qolgani, bu kabi eski ko‘p qavatli uylardan voz kechib, o‘rniga yangi, zamonaviy uylar qurish afzalligini bildirishgandi.
Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari «Kunchiqar» mahallasidagi ko‘p qavatli uylardagi muammolar ayni vaqtda bartaraf etilganini tahririyatga ma'lum qilishdi va bu haqida ma'lumotnoma, fotosuratlar taqdim etishdi.
«Qarshi shahar hokimligi «Qarshi shahridagi ko‘p qavatli uy aholisi jabr ko‘rdi. Muttasadilar muammoni hal etdimi?» nomli maqola yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.
Qarshi shahar, «Kunchiqar» MFY 2019 yil «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan bo‘lib, shu xududga qarashli Chamanbog‘ ko‘chasida joylashgan ikki qavatli 1-2-3-4 uylarda tom qismini mukammal ta'mirlash-tiklash ishlari boshlangan. Mazkur ish jarayoni olib borilayotgan vaqtda ob-havoning noqulay kelishi va joriy yilning 18 may kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida yuqorida ko‘rsatilgan uylarning tom qismidan ichki tomoniga chakki o‘tib, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi yomg‘irdan jabr ko‘rdi.
Qarshi shahar hokimligi tomonidan ushbu holat bo‘yicha tezkor ishchi guruhi tuzilib, «Kunchiqar» MFY Chamanbog‘ ko‘chasida joylashgan ikki qavatli uylarning tom qismi to‘liq ta'mirlanib, xozirgi kunda ushbu ko‘p qavatli uylarning fasad qismi ta'mirlash bo‘yicha loyiha ishlari olib borilmoqda.
Kelgusida Qarshi shaharning bosh rejasiga asosan «Kunchiqar MFY»da joylashgan ikki qavatli uylar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi PK-2010-sonli «Qarshi shahrining kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l transport kommunikatsiyalarni rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yuqori turuvchi mutasaddi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishini ma'lum qiladi» – deyiladi Qarshi shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari U.Avazov tomonidan imzolangan ma'lumotnomada.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.