O‘zbekistonda qadimiy shaharlardagi turistik obektlar o‘zaro «dor yo‘li» bilan bog‘lanishi mumkin

Jamiyat 09:17 / 27.05.2019 7854

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida qadimiy shaharlardagi turistik obektlarni o‘zaro “dor yo‘li” (kanatka) bilan bog‘lash haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, turizm mamlakatda jadal rivojlanib borayotgan sohalardan biri hisoblanadi. 

“Prezidentning tashabbusi bilan bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Turistik makonlarning jozibadorligini oshirish uchun infratuzilmalar ham ajoyib bo‘lishi kerak. Hozirgi kunda jahonning turli joylarida shaharlarni tepadan tomosha qilish imkonini beradigan dor yo‘llari mavjud. Bu turistlar oqimini yana ham oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, keksalarimiz ham ziyoratga kelsa, mashinadan tushib to ziyoratgohlarga kelguncha charchab qolayotganini ko‘p kuzatganmiz”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, dor yo‘li ham bir transport kabi. Undan foydalanish ko‘pgina yengilliklarni va ajoyib taassurotlarni olib keladi.

“Dor yo‘li (kanat)ni milliy me'morchilikka asoslangan holda tarixiy imoratlarimizning ko‘rkiga putur yetkazmasdan qurish lozim. Shaharlarimizni tepadan va toza havodan nafas olgan holda tomosha qilishga qiziqish juda ommalashadi. Buni tajriba tariqasida Samarqand, Xiva yoki Buxoro shaharlarida sinov tarzida tatbiq qilsa bo‘ladi. Dor yo‘li kabinalarini ekonom, biznes, turist va shunga o‘xshash boshqa turlarga ajratish mumkin”, - deyiladi petitsiyada.

Ko‘proq yangiliklar: