Rossiyada sodir bo‘lgan YTHda ikki nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi 

Jamiyat 16:26 / 25.05.2019 30252

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning 25 may kuni Mordoviya Respublikasi (Rossiya) hududidan o‘tadigan M5 «Ural» trassasida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi ketayotgan O‘zbekiston davlat raqami bo‘lgan Chevrolet Spark avtomobili yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalish qismiga o‘tib ketib qarshisidan kelayotgan yuk mashinasiga urilib ketdi.

Foto: gibdd.rf

Natijada haydovchi Nosirjon Toshmurodovich Dadaxonov (12.11.1961 y.da tug‘ilgan) va yo‘lovchi Dilshodbek Tursunbek o‘g‘li Jamoliddinov (05.05.1991 y.da tug‘ilgan) olingan jarohatdan voqea joyida vafot etdi. 

Foto: gibdd.rf

Fuqarolar Abdug‘affor Abdujabborovich Qodirov (13.01.1969 y.da tug‘ilgan) va Abdiqodir Abdumalikovich Xoliqov (02.07.1969 y.da tug‘ilgan) Zubova Polyana tuman shifoxonasiga jarohat bilan yotqizilgan. Ularning holati, tibbiyot xodimlari bergan ma'lumotga ko‘ra, og‘ir barqaror.

Bosh konsulxona tomonidan mahalliy hukumat organlari bilan aloqa o‘rnatilgan va vaziyat nazoratga olingan.

Konsullik-huquqiy departamenti vafot etganlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijyegorod oblasti, Orenburg oblasti, Penza oblasti, Perm o‘lkasi, Samara oblasti, Saratov oblasti, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov oblasti, Chuvashiya Respublikasi) hududidagi hamyurtlarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatning Qozon shahridagi bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan: +7-967-772-66-00.

Ko‘proq yangiliklar: