Prezident qarori: eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi o‘rnatiladi

Iqtisodiyot 07:56 / 25.05.2019 9779

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga:

tijorat banklarining eksportoldi kreditlari, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 10 foizlik punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, xorijiy valutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi, biroq 4 foizlik punktdan oshmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etadi;

tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan, eksportoldi kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 4 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.

Belgilanishicha, ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 29 noyabrdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5587-son farmoni 1-ilovasida ko‘rsatilgan xomashyo tovarlari eksportiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘armaning buyurtmanomalari asosida 2019-2020 yillar davomida ushbu bandda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 50 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratadi.

O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda eksport qiluvchi korxonalarni, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar berish orqali moliyalashtirish turlarini kengaytiradi.

Mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga ro‘yxatga muvofiq mahsulotlarni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi joriy qilinadi.

Belgilanishicha, ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash chorasi qo‘shni davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlarga tatbiq etilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mahsulotni eksportga tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu band bilan tasdiqlangan ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berildi.

Ko‘proq yangiliklar: