O‘zbekistonda ziyorat turizmi uchun qulay sharoitlar yaratish va musulmon sayyohlarning yurtimizda bekamu-ko‘st sayohat qilishlari maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda Android operatsion tizimi uchun belgilangan joyda masjidlarni topishga yordam beruvchi Masjid Finder mobil dasturi ishga tushirildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Ayni vaqtda dastur sinov rejimida ishlamoqda va Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi 721 masjid haqida geotexnik ma'lumotlarni saqlaydi.
Yaqin kelajakda dasturga O‘zbekistondagi barcha masjidlar haqida ma'lumotlar qo‘shiladi hamda ularda tahoratxonalar borligi, masjidning holati haqida ma'lumotlar berish va shu kabi qo‘shimcha xizmatlar joriy qilinadi.