Assanjga AQShda yangi ayblovlar qo‘yildi. U 175 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Jahon 07:42 / 24.05.2019 11387

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj AQSh sudi tomonidan 175 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu unga qo‘yilgan yangi ayblovlar bo‘yicha berilishi mumkin bo‘lgan eng maksimal jazo muddatidir.

Assanjga bildirilgan 17 ta yangi ayblov orasida josuslik va maxfiy axborotni oshkor qilish qonunini buzish ayblovlari bor. Shuningdek, jurnalistga qo‘yilgan avvalgi ayblov – kompyuterni buzib kirish maqsadida til biriktirish ayblovi ham o‘z kuchida qoladi.

Yangi ayblovlarning har biri bo‘yicha maksimal jazo 10 yilni, kompyuterni buzib kirish maqsadida til biriktirish uchun esa 5 yilni tashkil qiladi. Shu tariqa Assanjga tayinlanishi mumkin bo‘lgan maksimal jazo 175 yilni tashkil qiladi.

“Agar u aybdor deb topilsa, unga til biriktirishdan tashqari, har bir modda bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin”, deb aytilgan xabarda.

WikiLeaks asoschisi AQSh so‘rovi bilan Britaniyada 11 aprelda hibsga olingandi. Britaniya sudi 2 may kuni AQShga Assanjni ekstraditsiya qilish uchun yuridik asoslangan so‘rovni berish uchun 65 kunlik muhlat bergan.

Ko‘proq yangiliklar: