“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2018 yil noyabrdagi ijro varaqasiga binoan undiruvchi Bahrom Yaqubov foydasiga Alisher Navoiy nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘idan 28 mln 495 ming so‘m moddiy zarar, shu sudning 2019 yil yanvardagi ijro varaqasiga ko‘ra, 70 mln so‘m miqdoridagi ma'naviy zarar undirilishi belgilangan edi”, deb xabar berdi respublika MIB matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, mazkur ijro varaqalar “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bitta qarzdorga nisbatan qo‘zg‘atilgan mulkiy tusga ega bo‘lgan bir nechta ijro hujjati, shuningdek solidar javobgar bo‘lgan bir nechta qarzdorga nisbatan bir undiruvchi foydasiga undiruv bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ijro ishlari bitta ijro ishi yuritishga birlashtirilishi nuqtai nazaridan bitta ijro ishi yurituviga birlashtirilib, MIB Navoiy shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Muxtorov tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Natijada istirohat bog‘ida sog‘lig‘iga ziyon yetishi natijasida moddiy-ma'naviy zarar ko‘rgan Bahrom Yaqubovga davlat ijrochisining sa'y-harakatlari natijasida 98 495 879 so‘m miqdorida zarar undirib berildi.
O‘zAning yozishicha, Bahrom Yaqubov 2017 yil 16 sentabr kuni Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Panda” nomli attraksiondan yiqilish asnosida sozlama uskunalarining tarkibiy qismi bo‘lmagan narvonga borib urilgan va jiddiy jarohatlangan.