Svet o‘chsa, «osmon uzilib yerga tushadimi?». Elektr energiyasining mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati to‘g‘risida

Iqtisodiyot 16:57 / 23.05.2019 27068

O‘zbekiston energetika tarmog‘i mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inidir. Hukmingizga havola qilib boriladigan turkum maqolalarda sohada mavjud dolzarb muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida so‘z boradi.

Qiymat zanjiri

«Elektr toki o‘chib qolgach, shahar chuqur jimlik qa'riga cho‘mdi. Ha, shovqin odamlardan chiqmayotgan ekan...», degan edi Mixail Jvanetskiy. Ushbu iqtibos asosan yirik shaharlar, megapolislar to‘g‘risida aytilgan bo‘lsa-da, elektr energiyasining har birimiz uchun bugungi kundagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib bera oladi. Darhaqiqat, u bugun majoziy ma'noda «shovqin» manbaiga, ya'ni deyarli barcha insoniy harakat, reja, yumush, intilish va maqsadlarni amalga oshirish uchun zarur vositaga aylanib qoldi.

Insoniyat axborot asrida yashamoqda. Innovatsion qurilmalar, smartfonlar va turli gadjetlar zamonaviy sivilizatsiyaning qo‘zg‘atuvchi kuchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa elektr energiyasi tobora jadal sur'atlarda kundalik maishiy hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib boraveradi, degani.

Elektr tokining kundalik turmushdagi ahamiyati qanchalik yuqori bo‘lmasin, buni uning mamlakat iqtisodiy hayotidagi o‘rniga qiyoslab ham bo‘lmaydi. Bejizga elektr energiyasini iqtisodiyot tomirida oqayotgan qonga o‘xshatishmaydi. Chunonchi sanoat, biznes va har qanday ishbilarmonlik faoliyati uchun uning ahamiyati beqiyos.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan bank-moliya, soliq ma'murchiligi, kichik biznes sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash, milliy iqtisodiyotga chet el investitsiyalarini faol jalb etish va boshqa qator masalalar bo‘yicha boshlangan ishlar o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda.

Modomiki oldimizga qo‘yilgan maqsad-marralarni yo‘ldan og‘ishmay zabt etishni istar ekanmiz, energetika, xususan elektr energetika sanoati barqarorligini ta'minlashimiz zarur.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatning turli hududlari, ayniqsa poytaxtdan olis go‘shalarda asosan yilning sovuq mavsumlarida yuz berayotgan elektr energiyasidagi uzilishlar mamlakat iqtisodiyotiga ulkan zarar keltirmoqda.

Ushbu zarar ko‘lami «qiymat zanjiri» (Value Chain) nuqtai nazaridan qaraganda qanchalik katta ekanini tasavvur qilish og‘riqlidir.

Mahsulotlar va xizmatlar bozorida har bir korxona o‘z faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib iste'molchi uchun «qiymat» yaratadi. Iste'molchiga yetkazib beriladigan deyarli barcha mahsulotlar yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar iste'molga yaroqli holga yetib kelgunicha u yoki bu jihatdan qiymat qo‘shuvchi bir necha murakkab bosqichlarni bosib o‘tadi. Ko‘p hollarda bu jarayonlarda bir necha korxonalar ishtirok etadi.

Ya'ni iqtisodiyot o‘zaro bog‘liq murakkab jarayonlar yig‘indisidir. Shunday ekan, unda har bir ishtirokchi samaradorligidagi yo‘qotishlar umumiy tizim yo‘qotishlariga olib keladi.

Misol uchun, elektr energiyasidagi uzilish sabab o‘z vaqtida texnik xizmatdan o‘tkazilmagan avtomobillar avtota'mirlovchi korxonaning hamda avtomobil haydovchilarining ishini to‘xtatib turish bilan birgalikda hududda faoliyat yurituvchi yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi savdoga ham oz bo‘lsa-da ziyon yetkazadi.

O‘z vaqtida tayyorlanib yetkazib berilmagan gazmol tikuvchi yoki kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxonaning, vaqtida yopilmagan qolipli non esa ulgurji va chakana non sotuvchilarining mehnat unumdorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Elektr energiyasidagi uzilish sabab soatlab «dam olayotgan» yoqilg‘i quyish shoxobchasining yuzlab, balki minglab xaridorlari ham yoqilg‘i yo‘qligi tufayli istalmagan «hordiq»dan bahramand bo‘lishga majbur bo‘lishadi. Ular orasida taksi haydovchilari ham, mahsulot yoki taom eltib berish bilan shug‘ullanuvchi transportlar ham, boshqa viloyatga o‘z ulovida yo‘l olishni rejalashtirgan mahalliy turistlar ham bor. Shu birgina misolning o‘zida yuzaga kelgan noxush vaziyatdan savdo shoxobchasi, transport xizmati, umumiy ovqatlanish tarmog‘i, turizm kabi bir necha kichik va o‘rta biznes sohalari vakillari bevosita va bilvosita aziyat chekayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Misollarda qiymat zanjiriga ergashib borsak, nafaqat u yoki bu biznes tuzilmaning xaridorlari, balki ulardan ham quyiroq pog‘onadagi ishtirokchilar tarafidan ko‘riladigan ziyonga duch kelishimiz mumkin. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi xaridorlari orasida transport xizmati ko‘rsatuvchi avtomobillarni ham tilga olgandik. Ko‘rinib turganidek, o‘z vaqtida transport xizmatidan foydalana olmagan ishlab chiqaruvchi korxona xomashyo yetishmasligi sabab vaziyatning navbatdagi qurboniga aylanishi mumkin.

Shuningdek, qiymat zanjiridagi sekinlashish va silkinishlar biz misolda ko‘rayotganimiz korxonaga mahsulot va xomashyo yetkazib beruvchilar faoliyatini ham chegaralaydi. Masalan, o‘z vaqtida yopilmagan nonlar un ishlab chiqarish korxonasida tayyor mahsulot turib qolishiga, oqibatda ushbu korxona faoliyati sekinlashuviga olib keladi. Turgan gapki, qiymat zanjirida undan oldingi pog‘onada turgan bug‘doy yetkazib beruvchi fermer ham bundan ziyon ko‘radi.

Tabiiyki, iqtisodiyotda bunday novvoy (yoki non sexi), avtomobil ustaxonasi, tikuvchi (yoki kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxona) hamda yoqilg‘i quyish shoxobchasidek minglab tranzaksiya ishtirokchilari bor. Bu esa millionlar, balki milliardlar qiymatdagi pul, mahsulot va xizmatlar harakati sekinlashib borishi demakdir.

Albatta, iqtisodiyotning o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmi mavjud. Bozor munosabatlarini, talab va taklif muvozanatini tartibga soluvchi «ko‘rinmas qo‘l» (Invisible Hand) iste'molchilar ehtiyojini qondirishning muqobil yo‘llarini taqdim etadi. Lekin bu har doim ham mamlakat iqtisodiyoti uchun istalgan oqibatlarga olib kelmaydi.

Misol uchun, surunkali xomashyo yetishmasligidan aziyat chekavergan kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxona endilikda gazmolni mahalliy ishlab chiqaruvchidan emas, balki Xitoy, Eron yoki Turkiya kabi chet mamlakatlardan sotib olishni boshlaydi. O‘sayotgan iqtisodiyotlarda iste'mol hajmi doim oshib borishini inobatga olsak, u bilan parallel ravishda oshib boruvchi import hajmi mamlakat tashqi savdo debalansiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, import xarajatlari hisobidan mahsulot tannarxi ko‘tarilishi mumkin va bu o‘z navbatida, tayyor mahsulot narxi oshishiga ham sabab bo‘ladi.

Albatta, iqtisodiyot misollarda keltirilganidan ko‘ra anchayin murakkab jarayonlar yig‘indisi. Ularni alohida sodda ssenariylar asosida ko‘rsatishdan maqsad konseptual yaxlitlikka erishish orqali fikrni oson tushuntirish. Tanlangan misollar ham hayotdan aynan olinmagan. Real hayotda o‘xshash vaziyatlar boshqa sohalarda ham yuz berishi va misollarda keltirilgan sohalarda umuman sodir bo‘lmasligi mumkin. Lekin keltirilgan misollar elektr ta'minoti va mamlakat iqtisodiyoti o‘rtasidagi sabab-oqibat munosabatlarini yaqqol ko‘rsatib bera oladi.

Ayrim o‘quvchilar korxonalar ham, iste'molchilar ham allaqachon vaziyatga ko‘nikishgan va undan chiqish yo‘llarini ham topib olishgan, deya e'tiroz bildirishlari mumkin. To‘g‘ri, lekin ushbu «ko‘nikish» ko‘p hollarda mamlakat iqtisodiyotiga qimmatga tushadi. Yuqoridagi misollardan birida aytilganidek, ba'zi tadbirkorlik sub'yektlari import yo‘lini tanlashga majbur bo‘ladi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasiga o‘xshagan korxonalarning esa, tanlovi yo‘qligi sabab, uzilishlar paytida faoliyatini to‘xtatib turishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida, to‘liqsiz quvvatda faoliyat yuritishga majbur bo‘layotgan korxonalardan soliq tushumlari ham kamayishini ta'kidlash mumkin. Shuningdek, axborot tizimlari, ma'lumotlar bazasi yoki avtomatlashgan tizimlar asosida faoliyat yurituvchi ayrim korxonalar uchun elektr uzilishlari katastrofik yo‘qotishlarga olib keladi. Biz misollar orqali ularga to‘xtalmaganimiz sababi odatda bunday korxonalar Favqulodda Holatlar Uchun Elektr Ta'minoti Tizimi (Emergency Power System) bilan jihozlanishi nazarda tutiladi.

Investitsiyalar

Har qanday biznes uchun barqaror va uzluksiz energiya resurslari ta'minoti juda zarurligini inobatga olsak, to elektr energiyasi ta'minoti mukammal holatga keltirilmas ekan, O‘zbekistonning olis va ovloq hududlari investorlar uchun moliyaviy jihatdan xatarli bo‘lib qolaveradi. Bejizga elektr energiya ta'minoti Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro «Ease of Doing Business» indeksini belgilovchi ko‘rsatkichlardan biri qilib tanlanmagan. Aslida ham ushbu indeksni shakllantiruvchi mezonlar har qanday mamlakatda har qanday investor uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar darajasini ko‘rsatadi va jamlangan holda o‘sha mamlakat investitsion jozibadorligini belgilab beradi. Modomiki yurtimizga investitsiya oqimini jadallashtirishni niyat qilgan ekanmiz, ushbu mavjud muammo yechimiga ham imkon qadar tezroq yetib borishimiz kerak.

Xalqaro «Ease of Doing Business» indeksini shakllantirishda «Elektr energiya ta'minoti» mezoni bo‘yicha baholanadigan ko‘rsatkichlar va ularning ulushi

«Ease of Doing Business 2018» hisoboti O‘zbekiston tomonidan 2016/17 hisobot davri mobaynida amalga oshirilgan islohotlarni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha eng yuqori natija sifatida baholadi. Ta'kidlash joizki, ushbu davrda O‘zbekistonda amalga oshirilgan besh islohot orasida elektr energiya ta'minoti bo‘yicha qilingan o‘zgarish ham qayd etilgan. Bu o‘zgarish elektr tarmog‘iga yangi ulanayotgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun loyiha va montajga aloqador barcha ishlarni o‘z ichiga oluvchi «kalitgacha topshirish» (Turnkey Service) xizmatining joriy etilishi bilan bog‘liq.

Biz boshqa mamlakatlardan ancha ustun bo‘lgan jihat, ya'ni elektr energiyasi narxi (darhaqiqat, O‘zbekiston elektr energiyasi qimmat bo‘lmagan mamlakatlar safiga kiradi) xalqaro ekspertlar tomonidan kuzatib boriladi, lekin u mamlakatlarni «elektr energiya ta'minoti» mezoni bo‘yicha baholashda inobatga olinmaydi. Chunki elektr energiyasi qanchalik arzon yoki qimmat bo‘lmasin, u barcha raqobatchi korxonalar faoliyatiga teng ta'sir ko‘rsatadi (Davlat tomonidan alohida korxonalarga energiya vositalari uchun preferensiyalar berish bundan mustasno) va mamlakat umumiy biznes muhitiga katta ijobiy yoki salbiy ta'sir o‘tkazmaydi, deya baholanadi (Elektr energiya narxi bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risida keyingi maqolalarda batafsil to‘xtalamiz).

Amalga oshirilgan islohotlarga qaramasdan, hali bu yo‘nalishda ham qilinadigan ishlar yetarli. Prezidentning 13.07.2018 yildagi PQ–3852-son qarori bilan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan. Ushbu hujjatda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar ijrosini belgilangan muddatlarda nihoyasiga yetkazish va mamlakat va xalqimiz uchun munosib natijaga erishish zarur.

Innovatsion rivojlanish

Biz uning qanchalik siyqasini chiqarmaylik, bugun innovatsiya urf emas, zarurat. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini ta'minlash vazifasi yangi g‘oyalar, yangicha texnologik yechimlar ustida bosh qotirishni talab etadi. Ilg‘or axborot texnologiyalarisiz innovatsiya to‘g‘risida so‘z yuritish esa mantiqsiz.

Bugun jahon iqtisodiyotining barcha jabhalariga zamonaviy texnologiyalar yuqori sur'atlar bilan kirib bormoqda. Raqamli texnologiyalarni to‘g‘ri joriy qilish mehnat unumdorligini bir necha marta oshirish barobarida, uzoq istiqbolda mahsulot tannarxi tushishiga ham olib keladi. Natijada, iste'molchiga yanada arzonroq va sifatliroq mahsulotlar yetkazib beriladi. Kundek ravshanki, bunday maqsad-vazifalarni amalga oshirishning, ya'ni raqobatbardosh, kuchli, moslashuvchan raqamli iqtisodiyot barpo etishning eng asosiy shartlaridan biri barqaror elektr energiyasi ta'minotidir.

Rahimberdi MAMAYuSUPOV.

Ushbu maqolaning maqsadi o‘quvchiga elektr energiyasining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rnini imkon qadar hayotiy misollar bilan ko‘rsatib berish edi. Sohada mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida «O‘zbekiston energetika sanoati» rukni ostida e'lon qilib boriladigan keyingi maqolalarda batafsil so‘z yuritiladi.

Muallif haqida:

Rahimberdi Mamayusupov — Koreya Xalqaro Hamkorlik Tashkiloti (KOICA) va Aju Universiteti (Janubiy Koreya) hamkorligidagi davlat xizmatchilari uchun «Energetik Texnologiyalar va Siyosat» maxsus magistratura dasturi stipendiati, tadqiqotchi, menejment tizimlari bo‘yicha xalqaro auditor va texnik ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: