Qo‘shilgan qiymat solig‘i qishloq xo‘jaligi korxonalariga qo‘shimcha xarajat emas, aksincha foydali -  ekspert

Iqtisodiyot 18:37 / 23.05.2019 11028

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tabiatiga ko‘ra bilvosita soliq bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmatlarning mulk huquqini har bir almashishi jarayonida yaratiladigan qo‘shimcha qiymatdan undiriladi. 2019 yil 1 yanvardan iqtisodiyotning keng joriy etilgan QQS tizimiga o‘tishi ayrim vaziyatda tushunarsiz holatni ham keltirib chiqardi. 

Masalan, soliq qonunchiligida fermerlarning QQSdan ozod etilishi belgilanganligi bir qarashda ma'quldek tuyuladi, lekin, bunday «imtiyoz»  fermer xo‘jaliklari uchun ham, ularning mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar uchun ham unchalik foydali emas. Chunki fermerning QQS hisoblamasligi, QQSni hisoblashning ketma-ketlik zanjirini uzilishiga hamda avval to‘langan QQS summasini ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shilishi natijasida mahsulot tannarxini oshishiga olib keladi.

«O‘z navbatida mahsulotni, masalan, paxta xom-ashyosini, uni qayta ishlovchi korxonalarga QQS summasisiz sotilishi soliq yukini paxtani tozalash zavodlariga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Natijada paxta tozalash korxonalari nafaqat fermer o‘rniga QQS to‘laydi, balki avval paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlariga kiritilgan QQS ustiga yana QQS hisoblashlariga to‘g‘ri keladi. Narxlarni bunday o‘sishi zanjiri to‘qimachilik korxonalarida davom etib, QQSni to‘lash oxirgi iste'molchi, ya'ni aholi zimmasiga borib tushadi», —  deydi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti vakili Sergey Voronin.

Mutaxassis fikricha, bu jarayonni respublikadagi paxta xom-ashyosini ishlab chiqarishning hisob-kitob ma'lumotlari misolida ko‘rib chiqilsa, tushunarli bo‘ladi. 

«Masalan, 2019 yilning paxta xom-ashyosini sotib olish uchun belgilangan 4,0 mln. so‘m xarid narxi ichida tovar-moddiy boyliklar (mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarga himoya vositalari, yoqilg‘i-moylash materiallari, urug‘, mexanizatsiya xizmatlari va boshqalar) sotib olishda to‘langan 365 ming so‘m miqdoridagi (kirim) QQS ham mavjuddir.

Fermerning xarajatlari, jumladan QQS uchun to‘lov summalar, paxta xomashyosi tannarxi tarkibida paxta tozalash zavodining soliq bazasiga va keyinchalik zanjir bo‘yicha to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalar hamda ulgurji va chakana savdo korxonalari soliq bazasiga kiritiladi.

QQS to‘lovini ishlab chiqarish xarajatlariga kiritilishi va keyinchalik uning ustiga yana QQS hisoblanishi, albatta, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxining oshishi hisobiga uning raqobatbardoshligini pasaytiradi», —  deydi u.

Agar fermer o‘zining mahsulotiga QQS hisoblasa va kirim qilinayotgan QQS to‘lovi summasiga mahsulot sotishda hisoblangan QQS summasini kamaytirsa (hisobga olsa), uning paxta xom-ashyosining ishlab chiqarish xarajatlari 4,0 mln so‘mdan 365 ming so‘mga yoki 9,0 foizga kamayadi. Bunda paxta xom-ashyosini sotib olish narxlari 4,5 mln. so‘mgacha oshadi, deb hisoblaydi Sergey Voronin.

Mahsulot sotish jarayonida inobatga olingan QQS hamda QQSsiz amalga oshganda olinadigan foyda summasi bir xil, ya'ni 100 ming so‘m bo‘lgani holda, fermer mahsulotining rentabellik darajasi 2,6 foizdan 2,8 foizga o‘sadi.

Mutaxassis fikricha, o‘z o‘rnida paxta tozalash zavodi, fermerdan xomashyoni QQS bilan 3,75 mln. so‘mdan xarid narxda sotib olib, undan 33,3 foiz paxta tolasi ishlab chiqariladi deb hisoblansa, paxta tolasining ulgurji sotish narxi 14,5 mln. so‘mdan 13,6 mln. so‘mga, yoki 6 foizga qisqarishiga erishiladi.

«Agarda mazkur omil keyingi beshta qayta ishlash bosqichlarida ham o‘z ta'sirini o‘tkazishini hisobga olsak, unda yakuniy mahsulot narxining umumiy kamayishi eng kamida 2,5 foiz bo‘ladi. Bu faqatgina bitta omil – qishloq xo‘jaligi korxonalariga QQSni joriy qilish hisobiga bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan, fermer xo‘jaliklari uchun QQS joriy etilishi maqsadga muvofiq bo‘lib, bu qayta ishlovchi korxonalarning raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi. Bunda QQSni hisoblash bilan bog‘liq ma'muriy xarajatlarni qisqartirish uchun, hisob va hisobotni yuritish vazifasini budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan fermer xo‘jaliklarini buxgalteriya hisobini yurituvchi oldingi yilda tashkil etilgan xizmatlar amalga oshiradi», — deya qayd etgan u.

Ta'kidlash lozimki, fermer xo‘jaliklarini buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlar uchun hisob yuritish va hisobotni tuzish uchun maxsus dasturiy mahsulot ishlab chiqilgan.

Ko‘proq yangiliklar: