Moliya vazirligi ichki bozorda davlat obligatsiyalariga ishonch borligini qayd etdi

Iqtisodiyot 10:55 / 23.05.2019 4461

Xalqaro va ichki davlat qimmatli qog‘ozlarining narxlari oshishni davom etmoqda, deya xabar beradi Moliya vazirligi.

Joriy yilning aprel-may oylarida Davlat qimmatli qog‘ozlarining narxlari tashqi va ichki moliya bozorlarida oshishni (foiz stavkalari mos ravishda pasayishni) davom etdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida o‘z nominal qiymatida yoki undan yuqori darajada (premiya bilan) savdo qilindi.

Jumladan, joriy yilning 21 may kuni respublikaning 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarining narxi ikkilamchi bozorda o‘z nominal qiymatiga nisbatan 101,723 foiz va 102,025 foizni (daromadliligi 4,343 foiz va 5,107 foiz) tashkil etdi.

Qayd etilishicha, Davlat qimmatli qog‘ozlarining narxlari ham mahalliy moliya bozorlarida o‘z rekord ko‘rsatkichlarini yangiladi. 

Xususan, 2019 yilning 22 may kuni 18 oy muddatli Davlat qimmatli qog‘ozlarini birlamchi bozorda joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublika valuta birjasida o‘tkazilgan elektron savdolari natijasida:

- Davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha tortilgan daromadliligi 10,04 foizni (o‘rtacha narxi o‘z nominal qiymatiga nisbatan 106,45 foiz) tashkil etdi;

- auksion yakunida Davlat qimmatli qog‘ozlarining sotib olish bo‘yicha qabul qilingan buyurtmalar soni taklifga nisbatan 3 baravar ko‘p bo‘ldi. 

Ichki moliya bozorlaridagi savdo natijalari minimal riskka ega bo‘lgan moliyaviy instrumentlarga talabning yuqori darajada ekanligini hamda moliya bozori ishtirokchilari tomonidan Davlat qimmatli qog‘ozlari yuqori likvidli va ishonchli investitsiya instrumenti sifatida e'tirof etilayotganidan dalolat beradi, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, xalqaro va ichki investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqishning yuqori ekanligi va moliya bozorlari ishtirokchilarining ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusida Davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilishda ularning muddati va hajmi jihatdan diversifikatsiyalash amaliyoti Moliya vazirligi tomonidan davom ettiriladi.

Shu bilan birga, Davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish ichki davlat qarzini samarali boshqarishni ta'minlash vazifalari hamda moliya bozorlaridagi kon'yunkturadan kelib chiqib amalga oshiriladi va Markaziy bank bilan muvofiqlashtirib boriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: