«O‘zbekneftgaz» AJ va SOCAR’ning bo‘linmasi - «Neftgaz» tomonidan OGU-2019 23-Xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida Qashqadaryoda neft qazib olish hajmini oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasining G‘arbiy Toshli va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan hamda Garmiston konlarida uglevodorodlar qazib olishni SOCAR kompaniyasi ilg‘or uslublari hamda texnologiyalarini qo‘llagan holda ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy shartlari belgilab berilgan.
Bu «O‘zbekneftgaz» AJning Ozarbayjonga tegishli SOCAR kompaniyasi bilan birinchi shunday loyihasi. «O‘zbekiston neft va gazi OGU-2018» Xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida uni birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgan. Global neft-gaz kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Energetika vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish hamda Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ta'sir ko‘rsatadi.