16-17 may kunlari Navoiy viloyatida O‘zbekiston-Amerika-Kanada biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev, Missisipi shtatining gubernatori Fil Brayant, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchisi Javlon Vahobov, Kanadaning O‘zbekistondagi ishonchli vakili Anni Gulen, AQSh va Kanadalik salohiyatli investorlar, xalqaro ekspertlar, viloyat hokimligi, bojxona boshqarmasi, ishbilarmon doira vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, forumning asosiy voqealari 17 mayda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib o‘tib, ishtirokchilarga viloyatning mavjud investitsion imkoniyatlari bo‘yicha videorolik va ko‘rgazmali materiallar namoyish etildi.
Xususan, hududlarning qazilma boyliklaridan samarali foydalanish, zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish, transport sohasini rivojlantirish, yoqilg‘i - energetika, kimyo sanoatini va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbollari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Forumda bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Tomdi tumanida foydali qazilmalarni qidirish va o‘rganish, Navbahor tumanida bioyoqilg‘i ishlab chiqarish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘stirish va qayta ishlash, Navoiy shahrida zamonaviy klinika va diagnostika markazini tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.
Forumda umumiy qiymati 150 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan investitsion loyihalar bo‘yicha memorandumlar imzolandi.