Adliya vazirligi: Tadbirkorlar videokonferensaloqa orqali bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilishi mumkin

O‘zbekiston 12:01 / 18.05.2019 2941

Tadbirkorlar masalalarini qabul qilish maqsadida tashkil etilgan bosh vazir qabulxonasiga videkonferensaaloqa orqali ham murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Bu haqida Adliya vazirligi brifingida ma'lumot berildi.

2019 yilning 14 may kuni «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. Mazkur farmonga asosan har bir hududda bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etiladi.

Qabulxonalar orqali quyidagi funksiyalar amalga oshiriladi:

─ tadbirkorlik sub'yektlari hamda xorijiy investorlarni qabul qilish, ularning huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta'minlash;
─ tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish, byurokratik va boshqa masalalardagi to‘siqlarni bartaraf etish;
─ ta'magirlik va korrupsiya holatlari bo‘yicha darhol prokuratura organlarini xabardor qilish;
─ tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish, umumlashtirish, monitoringini olib borish va nazorat qilish, qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Adliya vazirligi vakilining bayon qilishicha, xorijiy investorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida murojaatlarni videokonferensaloqa orqali qabul qilish, shuningdek, sayyor qabullar o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yiladi. Qabul jadval bo‘yicha har kuni o‘tkaziladi. Murojaatlarni hal qilish «tuman/shahar – viloyat – respublika» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Quyi bosqichlarda hal etilmagan murojaatlar yuqori hududiy qabulxonaga yo‘naltiriladi, ular Vazirlar Mahkamasi Kotibiyatida ham hal etilmasa, ko‘rib chiqish uchun bosh vazirga kiritiladi.

«Tadbirkorlarning muammolarini hal etish uchun qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun business.gov.uz portali ishga tushiriladi. Tadbirkorlar mazkur portal orqali murojaat qilishlari, murojaat ko‘rib chiqilishini o‘zlarining shaxsiy kabinetida «onlayn» real vaqt rejimida kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi», ─ deyildi brifingda.

Bosh vazir har chorakda Qabulxonalar faoliyati natijalarini alohida yig‘ilishlarda, shu jumladan videokonferensaloqa o‘tkazish yo‘li bilan ko‘rib chiqadi. Zarurat bo‘lganda tadbirkorlik sub'yektlari va xorijiy investorlarni shaxsan qabul qiladi. Shu bilan birga, har chorakda Qabulxonalar ishlarining natijalari xususida prezidentga axborot beradi.

Ko‘proq yangiliklar: