Internetda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalari haqida ma'lumotlar tarqaldi. Xususan, tumandagi 14-son MTMning avariya holatiga kelib qolgani, xarob sanitar holatda ekani aytilgandi.
15 may kuni holatga aniqlik kiritish maqsadida mazkur ta'lim muassasasiga bordik. Matbuotning tezkor ta'sirini Oqdaryoda ko‘zimiz bilan ko‘rdik, chunki bir kun oldin tarqalgan xabarlardan so‘ng u yerda ishchi guruh faoliyat boshlagandi.
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, bu yerda butun boshli ta'mirlash guruhi ishlayotgani ahvol haqiqatdan ham xarob bo‘lganini anglatadi.
Xo‘sh, ayni vaqtda shiddat bilan ta'mirlash ishlari ketayotgan mazkur bolalar maskani qanday qilib shu ahvolga kelib qolgan? Tuman hokimi o‘rinbosari, 3-sektor rahbari va tuman maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘lim rahbarining ham shu yerda ekanidan foydalanib vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildik.
«Yashirib nima qildik, holat haqiqatdan ham yaxshi emasdi. Keling, boshdan tushuntirib beray. Tizimimiz alohida vazirlik bo‘lib ajralib chiqqan vaqtda tumanimizda 25ta davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasasi bor edi. Bir yil oldin ana shu 25ta bog‘chadan 20tasi ta'mirtalab edi.
Ana shu MTMlarning 8tasi 2018 yil davomida ta'mirdan chiqarildi. Bu yil esa yana 4tasi. Yana 2ta MTM yangidan qurildi. Tan olaman, hozir 14-maktabgacha ta'lim muassasasidan tashqari yana bir nechta muassasamiz ta'mirga muhtoj. Agar e'tibor shu tarzda bo‘lib tursa, tez orada tumanda birorta abgor holatdagi bog‘cha qolmaydi», — deydi tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Baxtigul Asrorova.
O‘rganish jarayonida yana bir holat e'tiborimizni tortdi. Shundoqqina 14-MTM hududida yaxshi sharoitda saqlangan 8 xonadan iborat bino turibdi — ammo bog‘cha balansida emas ekan.
Surishtirib bilsak, shu mahallada joylashgan 6-umumta'lim maktabi bog‘cha hududidagi bu binodan foydalanarkan. Qiziq holat, 6-maktab o‘z binosiga ega (darslar bir smenada tashkil etilgan), ammo xonalari xarob holatga kelib qolgan bolalar bog‘chasi hududidagi binoga ega chiqqan. Axir shu binoning MTM balansiga o‘tkazilishi muammoning yarmiga yechim topadi-ku?
Tuman hokimi o‘rinbosari Ma'ruf Saidmurodov shu yerning o‘zida qat'iy xulosasini berdi: «Hoziroq bu bino 14-MTMga bo‘shatib beriladi. Tegishli hujjatlarni bugundan rasmiylashtiramiz».
3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i Bahodir Ibragimov ham bog‘cha ta'miri bo‘yicha munosabatini bildirdi: «Ko‘rib turganingizday, bog‘chada qurilish-ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi. Sektor rahbari sifatida bu ishlarni shaxsan nazorat qilib boryapman. Yana bir tomondan, shu bugun tumandagi yirik korxonalardan birini ana shu bog‘cha uchun homiylik ishlariga targ‘ib qilish roziligini oldik. Bolalar bog‘chasi bir necha kunda chiroyli maskanga aylanishiga ular ham hissa qo‘shmoqchi bo‘lishdi».
Nima bo‘lganda ham bolalar bog‘chasining uzoq yil e'tibordan chetda qolgani qanchalik e'tirozli bo‘lsa, bir kunda munosabatning shu qadar o‘zgarishi shunchalik e'tiborli bo‘ldi...
P.S. Darvoqe, tumandagi 3-MTM haqida ham salbiy ma'lumot tarqalib «bunisidan qolishmaydi», deb iddao qilingandi. Ammo quyida suratlari keltirilgan muassasada sharoitlar yomon emasdi.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.