Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartirish kiritiladi. O‘zbekistonda «elektron dalillar» tushunchasi paydo bo‘ladi

O‘zbekiston 13:50 / 16.05.2019 10468

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan 1994 yil 22 sentyabrida tasdiqlangan № 2013-XII sonli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:

81-moddaning (Dalillarning turlari) ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

«Bu ma'lumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy va raqamli dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi».

87-moddaning (Dalillar to‘plash) birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

«Dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish: gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni so‘roq qilish; yuzlashtirish; tanib olish uchun ko‘rsatish; ko‘rsatuvni hodisa ro‘y bergan joyda tekshirish; olib qo‘yish; tintuv; ko‘zdan kechirish; shuningdek, kompyuter tarmoqlarida masofadan erkin ulanish, guvohlantirish; murdani eksgumatsiya qilish; eksperiment o‘tkazish; ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun namunalar olish; ekspertiza va taftish tayinlash; taqdim etilgan ashyolar va hujjatlarni qabul qilish; telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib borilgan so‘zlashuvlarni eshitish, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan to‘planadi».

90-moddaning (Dalillarni bayonnomada qayd etish) uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

«Bayonnomalarga: tergov yoki sud harakatining ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar, bu shaxslarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgani; tergov yoki sud harakatining o‘tkazilish joyi va vaqti, shart-sharoitlari, jarayoni va natijalari, bunda topilgan elektron ma'lumot va moddiy obektlar tavsifi va ularning ish uchun ahamiyatli bo‘lgan belgilari; tergov harakatlari yoki sud muhokamasi ishtirokchilari tasdiqlashni so‘ragan faktlar; ularning yuz berayotgan hodisa sabablari xususidagi ko‘rsatuvlari, tushuntirishlari, mulohazalari; ular tomonidan berilgan iltimosnomalar, shikoyatlar, rad etishlar; tergov harakatini olib borish yoki sud muhokamasi jarayonidagi tartibbuzarlik hollari, shuningdek bu tartibbuzarliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar kiritiladi».

95-1 moddaning (Dalillarning maqbul emasligi) uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

«Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan ushbu Kodeks normalari buzilgan holda olingan ko‘rsatuvlardan, ekspert xulosasidan, ashyoviy dalillardan, elektron ma'lumotlardan, audio-, videoyozuvlardan va boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi».

Quyidagi mazmundagi 140-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«140-1-modda. Elektron-texnik qurilmalarni, kompyuter tarmoqlarini va boshqa elektron ma'lumotlar tashuvchilarini ko‘zdan kechirish.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi va sud axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassis yoki ekspert ishtirokida elektron-texnik qurilmani va boshqa elektron ma'lumotlarni tashuvchi vositalarni aniqlangan joyida elektron axborotni saqlash va olishning samarali vositalaridan foydalangan holda ko‘zdan kechiradi.

Agarda joyida aniqlangan elektron-texnik qurilma yoki boshqa turdagi elektron ma'lumotlar tashuvchisi uning qismini tashkil etsa yoki bir qismi bo‘lsa, elektron ma'lumotlarni qidirib topish uchun tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi va sud axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassis yoki ekspert ishtirokida masofadan turib kompyuter tarmog‘ini ko‘zdan kechirishi mumkin.

Agar ikki va undan ortiq kompyuter tarmoqlarida qidirilayotgan elektron ma'lumotlarning bir qismi bo‘lishi borasida asoslar mavjud bo‘lsa, masofadan turib ko‘zdan kechirish amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Elektron-texnik qurilmalarini, kompyuter tarmoqlarini va elektron ma'lumotlarning boshqa tashuvchilarini ko‘zdan kechirish boshqa elektron-texnik vositalarni qo‘llagan holda amalga oshirilishi mumkin va bu jarayonda aniqlangan elektron ma'lumotlar boshqa elektron ma'lumotlarning tashuvchisiga ko‘chirib olinishi mumkin.

Agar elektron ma'lumotlarni ko‘chirishning iloji bo‘lmasa yoki bu holat yirik korporativ kompyuter tarmoqlarining normal sharoitda faoliyat ko‘rsatishiga sezilarli negativ ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, ular tergov harakatini yozib olish amalga oshirilayotgan qurilma monitori ekranidan tasvirni tushirish orqali qayd etilishi mumkin».

175-moddaga (Tekshirish obektlari) uchinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi kiritiladi:

«Elektron ma'lumotlar ekspertga elektron-texnik qurilmada yoki elektron ma'lumotlarning boshqa turdagi tashuvchilarida taqdim etiladi».

Quyidagi mazmundagi 204-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«204-1-modda. Elektron dalillar

Dasturiy ta'minot xususiyatlariga qarab elektron-texnik qurilma yoki elektron ma'lumotlarning boshqa turdagi tashuvchilarida avtomatlashtirilgan holda shakllantiriladigan, u yerda mavjud bo‘ladigan va saqlanadigan, raqamli belgilar yoki signallar majmuasi sifatidagi ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma'lumotlar elektron dalillar hisoblanadi».

Quyidagi mazmundagi 205-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«205-1-modda. Elektron dalillarni qo‘lga kiritish usullari

Qo‘llanilgan elektron ma'lumotlarni ko‘zdan kechirish vaqtida, shu jumladan masofadan turib, elektron-texnik qurilma, kompyuter tarmoqlari yoki elektron ma'lumotlarning boshqa tashuvchilaridan foydalangan holda elektron dalil sifatida qo‘lga kiritilishi mumkin.

Agarda elektron ma'lumotlar olinayotgan elektron-texnik qurilmalar yoki elektron ma'lumotlarning boshqa turdagi tashuvchilarida to‘liq saqlanayotgan bo‘lsa, mutaxassislar ishtirokisiz olib qo‘yiladi».

Quyidagi mazmundagi 207-1-modda bilan to‘ldiriladi:

«207-1 modda. Elektron ma'lumotlarni elektron dalil deb tan olish va uni jinoyat ishiga qo‘shish

Elektron ma'lumotni elektron dalil deb tan olish va uni jinoiy ishiga qo‘shish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa – ajrim chiqaradi».

Ko‘proq yangiliklar: