Diqqat: tez yordam mashinasi! Yoki Toshkent haydovchilari nega yo‘l berishmadi?

Jamiyat 19:11 / 15.05.2019 67782

Sir emas, xalqimiz farovonligi oshgani sayin, shahar va qishloqlarimiz ko‘chalari yanada serqatnov bo‘lib, avtomobillar harakati ko‘payib bormoqda. Bu esa, haydovchilardan yanada hushyor va atrofida bo‘layotgan jarayonlarga e'tiborliroq bo‘lishni talab qiladi.

Ayniqsa, kunning ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarida, haydovchilarga ham oson emas. Biroq hayotda ba'zan shunday holatlar bo‘ladiki, qanchalik shoshayotgan bo‘lsangiz ham, ortingizda kelayotgan avtomashinaga yo‘l berishingiz qonun tomondan talab etilsa, insoniylik jihatidan zarurat hisoblanadi. 

Gap, taxmin qilganingizdek, favqulodda chaqiruv orqali harakatlanayotgan yong‘in xavfsizligi, patrul yoki tez tibbiy yordam mashinalari haqida bormoqda.

Kun.uz tahririyati mamlakatimizning bosh va eng tirband shahri bo‘lgan Toshkentda tez yordam mashinasiga yo‘l berishda haydovchilarimiz qanchalik ahil va hamjihat harakatlanishiga oydinlik kiritish maqsadida ijtimoiy loyihaga qo‘l urdi.

Bunda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent Shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlik qilindi.

Video: YouTube

Video: Mover (tas-ix)

Loyiha vaqtida tez yordam mashinasi miltillovchi yorug‘lik va tovushli ishoralarini yoqib chorrahaga yaqinlashib kelayotganiga qaramay, ayrim haydovchilar bunga e'tibor bermadi. Qayrilib olish joylarida ham haydovchilar transport vositalarini to‘xtatish choralarini ko‘rishmadi.

Guvoh bo‘lganimiz holatlarga mutaxassislarning qarashi qanday? Tez yordam bo‘limi xodimi, haydovchisi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili o‘z fikrlarini bildirdi. Dastavval, maxsus transport vositalariga yo‘l berish masalasi qonunchilikda qanday tartibga solingani xususida.

«Yo‘l harakati qatnashchilari Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni, yo‘l harakati qoidalarini bilishlari kerak va yo‘l harakati davomida o‘sha qonun va qoida talablariga rioya qilishlari lozim. Ushbu qonun-qoidalar transport vositalari haydovchilari va piyodalar uchun birdek amalda va kuchda. Amaldagi YHQning 25-27-bandlarida to‘sqinliksiz harakatlanadigan transport vositalarining imtiyozlari belgilab berilgan. Bular, tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi va ichki ishlar idoralarining maxsus transport vositalaridir.

Ushbu transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarini bajarayotgan vaqtda yo‘l qoidalarida belgilangan ayrim talablardan chetga chiqishlari mumkin. Ushbu transport vositalari yaqinlashib kelayotganda, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari ularni to‘sqinliksiz o‘tkazib yuborish shartligi belgilab berilgan. Bu yo‘l qatnov qismida harakatlanayotgan piyodalarga ham tegishli.

Mabodo, maxsus imtiyozga ega avtomobillar tovushli va yorug‘lik ishoralari bilan harakatlanayotganda vaqtda o‘tkazib yuborilmasa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning http://lex.uz/docs/97664 1255-moddasi, 1-qismida javobgarlik nazarda tutilgan. Unga binoan, transport vositalari haydovchilari, to‘sqinliksiz harakatlanishi zarur bo‘lgan transport vositalarini o‘tkazib yubormaydigan bo‘lsa, eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi», - dedi mayor Shodmon Saparov.

Shodmon Saparov

Uning qayd etishicha, haydovchilar yo‘l qatnov qismi chiziqlariga qat'iy amal qilishsa, yo‘llarda har qanday vaqtda ham tirbandliklarning oldini olish imkoni saqlanib qolinar edi.

«Bu borada, aytib o‘tishim mumkinki, transport vositalari haydovchilari, yo‘l qatnov qismi chiziqlar bilan belgilangan ko‘chalarda o‘sha chiziqlar oralig‘ida harakatlanishlari YHQda ham belgilab qo‘yilgan. Agar, haydovchilar qat'iy ravishda chiziqlar orasida harakatlanishsa, o‘tkazib yuborilishi zarur bo‘lgan avtomobillar kelib qolgan taqdirda, ularni o‘tkazib yuborish uchun imkoniyat keng bo‘ladi. Bugungi kunda, juda ko‘p hollarda, yo‘l qatnov qismining bir harakatlanish yo‘lagida bittadan ortiq avtomobillar harakatlanish holatlari kuzatiladi. Bu esa, yo‘llarda asossiz tirbandliklarga sabab bo‘ladi», - deya ta'kidladi YHXB katta inspektori Saparov.

16 yildan buyon tez yordam ko‘chma brigada shifokori bo‘lib ishlab kelayotgan Alisher Alimov yo‘llardagi tirbandliklar tufayli o‘lim bilan bog‘liq holatlar ro‘y bergani xususida so‘zlar ekan, tig‘iz vaqtlarda haydovchilar tez yordam mashinalariga yo‘l bermaslik holatlari ko‘p kuzatilishini ta'kidladi.  

Alisher Alimov

«Bir safar Jarariqdan bir bemorni Ⅰ-shahar klinik shifoxonasiga keltirayotganimizda, darvoza oldida jon berdi. Bunaqa og‘ir holatda har bir daqiqa g‘animat hisoblanadi. Bemorga qanchalik tezroq zaruriy muolaja ko‘rsatilsa, uning hayotini saqlab qolish imkoniyati oshadi, – deydi Alisher aka. – Yo‘llarda haydovchilarimizning ishimizni sifatli va o‘z vaqtida bajarishga xalaqit beradigan hollar ko‘p bo‘ladi. Oddiy misol, chorrahalarni bo‘shatishmaydi yoki yo‘l berishmaydi. Ayniqsa, tig‘iz payt deydigan vaqtlarda haydovchilar e'tiborsizlik tufaylidir balki, tez yordam mashinalariga yo‘l berishmaydi. Buning oqibatida manzilga yetib borish imkoniyati cheklanadi».

Xo‘sh, tez yordam mashinasi haydovchisi transport vositalarini boshqarib ketayotganlarning hatti-harakatlarini qanday baholaydi?

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Yunusobod tumani 11-sonli Tez tibbiy yordam bo‘limi haydovchisi Nizom Ibrohimov bu xususda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Nizom Ibrohimov

«Toshkent shahar aholisidan bir narsani iltimos qilardimki, yo‘llarda maxsus imtiyozga ega avtomobillarga e'tiborliroq bo‘lishsin. To‘g‘ri oxirgi vaqtlar yo‘l beradiganlar ham ko‘payib qolgan. Chorrahalarda navbatchilikda turgan YPX xodimlari ham tez yordam mashinalari yaqinlashayotganda chorrahani bo‘shatishga harakat qilishadi. Ammo, yo‘l-transport hodisasiga uchragan og‘ir ahvoldagi fuqarolarni olamiz, ba'zida yo‘l bermaydiganlar ham uchrab turibdi. Oldimizga o‘tib tormoz pedalini bosadi. Qayrilib olishimizda qarshidan kelayotgan avtomobillar ham ko‘pincha yo‘l bermaydi.

Tovushli va chiroqli ishoralarimiz yonib turgan chog‘da ham yo‘lni bo‘shatishmaydi. Shu kabi e'tiborsiz haydovchilardan tez yordam mashinalariga yo‘l berishlarini iltimos qilardim. Bu hayot, issiq jon, bilib bo‘lmaydi, balki o‘sha odamning uyiga ketayotgandirmiz.

Shunday hollar ham bo‘lganki, shoshib ketayotganimizda ayrim haydovchilar oldimizga tushib “o‘yin” qilib ketishadi. Axir, og‘ir ahvoldagi, hayot bilan kurashayotgan kishiga har bir soniya, daqiqa g‘animat.

Yana bir narsa. Tez yordamni chaqirganlar ham bizlarning o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli kechikishimizni to‘g‘ri tushunsinlar. Favqulodda holatlarda bizlar ham imkon darajasida tezroq yetib borishga harakat qilamiz. Ammo, chorrahalarda yo‘l berishmasa, ustiga haydab keta olmaymiz. Kechikib qolsak, bizlarga qattiq so‘zlar qilishadi.

Bugungi kunda haydovchilarning bir-biriga nisbatan hurmatsizligi juda kuchayib ketgan. Bu narsa, chorrahalarda, harakatlanib ketayotganingizda, orqadan kelib tovushli ishora berishlari, o‘tib ketishga urinishlarida kuzatiladi. Olib ketayotgan bemorning ahvoli og‘irlashib qolsa, shifokor mashinani chetga olishni so‘raydi. Ortda kelayotgan transport vositalari o‘ngga o‘tishimizga yo‘l bermaydi. Shifokor esa, yordam ko‘rsatishi kerak. Yana bir marta murojaat qilardimki, haydovchilar sabrliroq bo‘lishsa, yo‘l chiziqlariga rioya qilishsa, tirbandliklar ham bo‘lmasdi», - deydi Nizom aka.

Xullas, Toshkent shahrida tez yordam mashinalariga yo‘l berish bilan bog‘liq ahvol guvohi bo‘lganingizdek. Yo‘l berganlardan yo‘l bermaydigan haydovchilar ko‘p nazarimizda. Bu muammoni muolaja qilish uchun esa, juda ko‘p narsa talab qilinmaydi. Balki, haydovchi va piyodalar atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga e'tiborliroq, sabrliroq bo‘lish va boshqa vatandosh taqdiriga befarq bo‘lmasalar kifoya. Bundan tashqari, haydovchilar belgilangan yo‘l chiziqlariga rioya qilishsa ham olam guliston bo‘lar edi. Chunki, yo‘l chiziqlari shunday favqulodda holatlarni e'tiborga olingan holda kengroq chiziladi.

Tolib Rahmatov Kun.uz muxbiri
Fazliddin Abduqodirov operator
Muhammadjon G‘aniyev operator   

Ko‘proq yangiliklar: