“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Toqatga ko‘ra javobgarlik”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov sharhlab berdi.
Video: YouTube
Video: Mover (tas-ix)
Ibn Abbosdan (r.a) rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambarimiz alayhissalotu vasallam rivoyat qildilar: “Alloh taolo mening ummatimdan xato qilgan ishlarini, esdan chiqarib qilgan ishlarini va majburlab qildirilgan ishlarining gunohini kechirdi”.
Hadisning ma'nosidan ko‘rinyaptiki, inson toqati yetmagan ishlarga dinimizda taklif qilinmaydi. Ya'ni, javobgar sanalmaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda deydi: “Alloh taolo bir nafsga uning toqati yetmaydigan narsani hech qachon taklif qilmaydi”.
Dinimiz – yengil, mashaqqati yo‘q, oliyjanob va mo‘'tadil din. Banda bir ishni bilmasdan, xato qilib qo‘yadi. O‘zicha uni to‘g‘ri deb biladi, lekin aslida, u ish xato bo‘ladi. Mana shu ishning gunohiga banda javobgar bo‘lmas ekan. Ikkinchisi, esdan chiqarib qo‘yilgan ish. Zimmasidan majburiyati bordir yoki farz amallarni qilish kerakdir, lekin qasddan emas, unutuvchilik kayfiyati ustun kelib, qiladigan ishini esidan chiqarib qo‘ydi. Mana bu holatda ham u gunohkor hisoblanmaydi. Uchinchisi esa, majburlab qildirilgan ish. Ya'ni, insonning o‘zi qilishni istamadi, ammo u majburlandi, unga tahdid bo‘ldi, u o‘zining joni, moli muhofazasi uchun majburan gunoh ish qilsa, Alloh uni gunohkor hisoblamas ekan.