Prokuratura hokim tadbirkorga to‘sqinlik qilgani haqidagi murojaat bo‘yicha rasmiy izoh berdi 

Jamiyat 15:01 / 09.05.2019 26710

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan Yakkabog‘ tumani, "Madaniyat" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Sh.Ortiqovning joriy yilning 4 may kuni "Ozodlik" radiosiga “tuman hokimi Sh.Donayev tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishiga to‘sqinlik qilganligi haqida”gi videomurojaati joyida chiqib o‘rganildi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xabariga ko‘ra, o‘rganishda fuqaro Sh.Ortiqov Yakkabog‘ tuman tuman hokimiga yozma ravishda ariza bilan murojaat qilmaganligini, faqatgina 16.03.2019 yilda tuman hokimi Sh.Donayevning qabuliga kirib, yer maydoni ajratishni so‘raganligini, shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ishonch telefoni"ga 17.03.2019 yilda murojaat qilib, “2017 yildan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotganligini, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida 26 gektar yer maydoni ajratish haqidagi og‘zaki murojaatiga Yakkabog‘ tumani hokimiyati tomonidan ijobiy natija bo‘lmayotganligini, yer maydoni ajratish masalasida amaliy yordam berishni so‘raganligi”ni bildirgan.

Aniqlanishicha, ushbu murojaat 18.03.2019 yilda 30/4-son bilan ro‘yxatga olinib, shu kuni o‘rganib chiqish uchun tuman Yer resurslari 
va davlat kadastri bo‘limiga yuborilgan.

Murojaat bo‘lim tomonidan o‘rganilib, 2019 yil 02 aprel kuni  fuqaro Sh.Ortiqovga “paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratilishi mumkinligi to‘g‘risida” ma'lum qilingan.

Shuningdek, ushbu holat yuzasidan tuman hokimi Sh.Donayev o‘z tushuntirish xatida “fuqaro Sh.Ortiqovni joriy yilning mart oyida qabul qilganligini, qabul jarayonida unga yer maydoni ajratish uchun fermer xo‘jaligi tashkil etishi va paxta-g‘alla  hosili yetishtirishi lozimligi haqida tushuntirganligini, unga “Rossiya Federatsiyasiga ishlashga ketishini, tadbirkorlar kerak emasligi kabi boshqa xar-xil gaplarni aytmaganligini” bildirgan.

O‘rganish jarayonida, Yakkabog‘ tumani hokimining 2019 yil  8 maydagi H-3516/05-sonli qaroriga asosan tumandagi U.Mirzayev massivi hududidan fuqaro Sh.Ortiqov rahbarligidagi, ko‘p tarmoqli sabzavotchilikka ixtisoslashgan "Ortiqov Shaxbozbek" nomli fermer xo‘jaligiga 49 yil uzoq muddatli ijaraga foydalanishi uchun jami 10 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydoni ajratilishi ta'minlangan.    

Shuningdek, fuqaro Sh.Ortiqovga ATB "Qishloqqurilishbank" Yakkabog‘ filiali tomonidan 30 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishi borasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, joriy yilning 10 may kunida kredit mablag‘i to‘liq ajratib berilishi to‘g‘risida bank ma'muriyati tomonidan kafolat xati taqdim etildi. 

Bundan tashqari, fuqaro Sh.Ortiqov tomonidan Yakkabog‘ shahri, "Ayg‘irko‘l" mahalla fuqarolar yig‘ini A.Temur ko‘chasida joylashgan savdo do‘konidan ijara haqi olinmagan holda ishlab chiqarish faoliyati uchun bino ajratib berish to‘g‘risidagi taklif rad etildi. 

O‘rganishda, fuqaro Sh.Ortiqovning tuman hokimi Sh.Donayev unga qo‘pol muomalada bo‘lganligi va "Rossiya Federatsiyasiga borib ishlagin" degan so‘zlari o‘z tasdig‘ini topmadi, deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.  

Ko‘proq yangiliklar: