Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlar o‘z holiga tashlab qo‘yiladimi? Samarqandlik yolg‘iz ona bir oydan beri boshpanasiz qolmoqda

Jamiyat 15:18 / 08.05.2019 13860

Samarqand viloyatida joriy yilning aprelida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli suv toshqinlari yuzaga keldi.

«Ko‘pchilikka kelgan to‘y» deya tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlar imkoni boricha o‘zlari uni bartaraf etishmoqda. Ammo shusiz ham himoyaga muhtoj, bir amallab kun ko‘rayotgan, yolg‘iz boshi bilan farzandlarini ulg‘aytirayotgan ayol uchun esa bu sinovni yengish oson emas. Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatni o‘qib, hech bo‘lmasa mana shunday oilalarga ko‘mak berish zarur ekani anglashildi.

«Men M.Ashurova Samarqand shahri Maqsud Shayxzoda mahallasida yashayman. 1996 yil turmushga chiqib, turmush o‘rtog‘im bilan 2004 yilgacha yashadik. Birgalikdagi hayotimizdan ikki nafar farzandimiz bor. 2004 yildan buyon o‘zim yolg‘iz ikki farzandimni voyaga yetkazdim. Shu yillar davomida na bolalarimning otasidan, na qonu-qarindosh, mahalla-ko‘ydan biror yordam so‘ramadim. Ikki farzandimni yolg‘iz tarbiya qildim. 2019 yil 5 aprel kuni tunda kuchli jala kelishi oqibatida uyimni sel olib ketdi. Ko‘zimga ikkala farzandimdan boshqa hech narsa ko‘rinmay faqat o‘g‘lim va qizimni uyqudan uyg‘otib ko‘chaga olib chiqdim. Mahalla raisiga telefon qilib holatimni tushuntirganimda, «sendan boshqa ishim yo‘qmi?» deb telefonni o‘chirdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilish kerak, raqamini bilmayman. Yana raisni bezovta qildim shu masalada. Unga boshqarma raqamini bersa, o‘zim telefon qilishimni aytdim. U esa boshqarma raqami bilmasligini aytib, telefonini o‘chirdi. Xullas, ofat qarshisida o‘zim qoldim. Yaxshiyamki qo‘ni-qo‘shni bor ekan. Ular uydan zarur narsalarni olib, ko‘chlarimni opamnikiga olib borishdi. 6 aprel kuni virtual qabulxonaga telefon qildim. Samarqand viloyati hokimligiga va Samarqand shahar hokimiga ariza yozib bordim. Qabulxonadagilar menga o‘xshaganlar juda ko‘pligini bildirib «Qay biringizga yordam beraylik deyishdi. Men 1007 raqamiga telefon qilishga majbur bo‘ldim. Samarqand shahar hokimligidan vakil keldi-yu, hech ish qilmasdan ketib, boshqa qaytmadi. Soat 17:00larda qo‘ng‘iroq qilib qo‘rs javob eshitdim. Xullas, qaysi idoraga murojaat qilmay aytarli yordam ololmadim.

Oradan bir oy vaqt o‘tib ketdi. Hali ham opamning uyida yashab turibman. Sel oqibatida yuzaga kelgan muammoga qaysi davlat idoralari yordam beradi o‘zi? Kimga murojaat qilishni bilmayman...».

Samarqand shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassislari holat bo‘yicha qisqacha izoh berishdi: «Haqiqatdan ham hozircha tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga moddiy yordam ko‘rsatilgan emas. Talofat kichik emas, 250 xonadon zarar ko‘rgan. Hozirgi vaqtda zarar salmog‘i hisoblab chiqilyapti. Barcha hisob-kitoblardan so‘ng, bu bo‘yicha xat bilan chiqamiz».

Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zebiniso Rahmonova holat bo‘yicha batafsilroq ma'lumot berdi: «Aslida bu masalada fuqaroga yordam berish vazifamiz emas, rejamizda ham yo‘q. Ammo yolg‘iz ona bo‘lgani uchun uyiga borib vaziyatni o‘rgandim, shahar hokimiga ham yetkazdim. Hokimlik qurilish bo‘limi xodimlari fuqaroga uchta variant bo‘yicha yordam taklif qilishdi. Birinchisi, fuqaro vaqtinchalik yashab turish uchun ijara uy topsa, hokimlik to‘lovlarini qoplab beradi. Unga shahardagi «Kimyogarlar» qo‘rg‘onidagi umumiy yotoqxonada yashab turish taklif qilindi. Ammo fuqaro taklif qilingan yotoqxonani rad etib, «menga o‘zim yashaydigan hududdan joy kerak» demoqda. Bu hududdan ijara uy topilmayapti. Uchinchi taklifimiz esa, Farhod shaharchasidan ayollar reabilitatsiya markazidan barcha sharoitlarga ega joy berish. O‘sha yerda ham yashab turishi mumkin. Bundan tashqari, hokimlik 10 million so‘mlik qurilish materiallari ham taklif qilishgan. Bunga ham ko‘nmadi-da opa...».

Reabilitatsiya markazi

Shu o‘rinda bir mulohaza. Fuqaroga bugun vaqtincha yashash uyi topib berish ham kerak, to‘g‘ri. Ammo bu masalaga yechim emas, fikrimizcha. Yolg‘iz boshi bilan yillar davomida tiklagan uyi bir kechadayoq avariya holatiga kelib qoldi. Endi yana uyli bo‘lishi uchun u necha yil ishlashi kerak? Fuqaro uyini tiklash uchun yordam so‘ramoqda. Vaziyatni to‘g‘ri baholaydigan bo‘lsak, seldan zarar ko‘rgan yuzlab xonadonlarning barchasining uyini tiklab berish imkonsiz narsa ekani ham ma'lum. Ammo gap yuqorida aytilganidek, uyidan ajragan yolg‘iz ona haqda ketyapti.

Hokim o‘rinbosari bilan suhbatdan so‘ng yana M.Ashurova bilan bog‘landik.

«To‘g‘ri, menga Kimyogarlar qo‘rg‘onidan yotoqxona haqda aytishdi. Ammo u yerning sharoitini bilaman, voyaga yetayotgan qizim bilan ko‘chib o‘tolmayman. Hojatxona-yu hammomi tashqarida. Qolaversa, shaharning narigi tomonida joylashgan. Ishdan chiqib yetib borgunimizcha yarim kecha bo‘ladi. Hokimlik qurilish bo‘limi vakillari qayerdadir buzilayotgan binoga borib butun qolgan qurilish materiallaridan olishim mumkinligini aytishdi. Men qanday eplayman buni? Farhod posyolkasidan esa menga joy taklif qilingan emas. Eng alam qiladigan joyi shundaki, men Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilganimdan so‘ng shahar hokimligi tomonidan «Fuqaroga yordam ko‘rsatildi» qabilida javob xati berilgan ekan. Murojaatlar shunchalik yolg‘on xat bilan osongina yopilaveradimi?», deydi u.

Uyi buzilganlarga hokimlik uy qurib berolmasligini bilamiz. O‘rganish jarayonida ayrim rasmiylarning fuqaro haqida «hamisha norozi», «ko‘p narsa so‘rayapti» qabilidagi so‘zlarini ham eshitdik. Ammo fakt shuki, M.Ashurova tabiiy ofatdan so‘ng bir oy o‘tib ham amalda hech qanaqa, bir so‘mlik ham moddiy yordam olgan emas. Aksincha, bir kunda uyidan ajragan, sarosimada qolgan, suyanchig‘i yo‘q fuqaroga moddiy yordam bilan bir qatorda ma'naviy, ruhiy yordam ham kerak.

Anvar MUSTAFOQULOV

Ko‘proq yangiliklar: