«Hamma yugurishga». Tibbiyot muassasasi stadionmi?

Jamiyat 16:54 / 08.05.2019 23069

Yaqin orada sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti bilan bog‘liq tadbirlar tez-tez o‘tkazilmoqda. Turli instansiyalar tashabbusi bilan bot-bot yugurish, sog‘lomlashtirish aksiyalari tashkillashtirilyapti, Toshkentda ilk bor xalqaro yarim marafon ham bo‘lib o‘tdi, barcha telekanallarda har kuni uch marta ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari videoroliklari namoyish etilishi belgilandi. Butun aholi qatnashadigan «Alpomish» , «Barchinoy»  jismoniy tayyorgarlik testlarining o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. «Yoshlar sport haftaligi» , yurish kuni tadbirlari o‘tkazildi. Boring, ana Jismoniy tarbiya va sport vaziri-yu, yoshlar yetakchisining o‘zi aholi bilan bir safda turib badantarbiya mashqlarini bajardi ham.

Bularning barchasi, albatta, aholi salomatligini mustahkamlash, jamoaviy immunitetni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida amalga oshirilyapti. Aholi orasida eng minimal harakatsizlik kuzatilgani holda salomatlik reytinglarida yuqorilashni orzu qilib bo‘lmaydi.

Bunday aksiyalarning mantiqiy davomi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligining 664-sonli buyrug‘i chiqqan bo‘lib, u «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Qarori ijrosiga qaratilgan. Unda aholi o‘rtasida salomatlik muhitini shakllantirishga qaratilgan bandlar mavjud. Bunga bog‘liq ravishda, Toshkent shahar hokimiyati sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining ham buyrug‘i chiqqan va unda Toshkent shahridagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari, haftasiga kamida bir marotaba «Salomatlik kuni»  tashkil etish ko‘rsatilgan. «Tibbiyot muassasalarida sog‘lom turmush tarzini olib borish uchun sharoitlar yaratish»  degan qismi ham mavjud.

Mazkur ko‘rsatmalar shahar tibbiyot maskanlarida qisman (!) bajarilayotganiga bevosita guvoh bo‘ldik. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 13-poliklinikada chindan ham xodimlar ish kuni davomida badantarbiya bilan shug‘ullanishyapti. Poliklinika xodimining ma'lumot berishicha, kunda ikki mahal ─ soat 11.00 va 15.00da xodimlar binoning asosiy dahliziga yig‘ilib, sport instruktori boshchiligida yengil yugurish va gimnastika mashqlarini qilishadi. «Hamma ham chiqmaydi, kim istab, kim istamay chiqadi, qo‘ldan kelgancha mashqlarni bajaradi» ,─ deydi hamshira.

Ajablanarlisi, mashg‘ulotlar naq binoning ichida, bemorlar qatorlashib navbat kutib turgan joyda o‘tkaziladi. Shunchaki kartinani ko‘z oldingizga keltiring: kim yo‘talgan, kim aksirgan, kimning qon bosimi oshgan, kim yosh bolasini ko‘tarib kelgan, homiladorlar... O‘rtada esa oq xalatlilar to‘planib, kim astoydil, kim qo‘l uchida sport mashqlarini qilyapti. Bu aholiga tibbiyot xodimlarining o‘zini o‘rnak qilib ko‘rsatish sifatida baholanishi mumkindir, lekin ancha-muncha ko‘tarilayotgan chang-to‘zoni, shovqin yugurayotgan shifokorining qaytishini kutib navbatda turgan bemorlarning kayfiyatiga ta'sir qilgani sezilib turibdi.

Albatta, badantarbiyaning foydasiga qarshi gap bo‘lishi mumkin emas, tibbiyot xodimlarining aholiga shaxsiy namuna ko‘rsatishi ham samaralidir balki. Lekin bu tibbiyot muassasasiga sog‘ligidan shikoyat qilib kelgan bemorlarga noqulaylik tug‘dirish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Badantarbiya mashqlari tegishli talabga javob beradigan sharoitda bajarilishi kerak emasmi, degan haqli savol tug‘iladi. Vaholanki, buyruqda «tibbiyot muassasalarida sog‘lom turmush tarzini olib borish uchun sharoitlar yaratish» degan ko‘rsatma ham berilgan. Amalda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri binoning o‘zida yugurish tashkil etilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Mazkur holat bo‘yicha bemorlar o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Aziz Egamberdiyev:

─ Men sog‘lom turmush tarzini doimo qo‘llab-quvvatlayman. Ammo atrofda turli muammo bilan kelgan bemorlar turganda bunday sharoitdagi badantarbiya o‘zini qanchalik oqlaydi? Talab etiladigan forma va sharoit bo‘lmay turib, shifokorlarning bemorlar qarshisida yugurib yurishi qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Damira Ishoqova:

─ Menimcha, tibbiyot xodimlarining badantarbiya bilan shug‘ullanishi ham o‘ziga foyda, ham bizga namuna bo‘ladi. Lekin bu poliklinikaning sport bilan shug‘ullanishga moslashtirilmagan binosida emas, ochiq havoda boshqacharoq tartibda qilinsa, yaxshiroq bo‘lardi.

Tibbiyot muassasalari xodimlari ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z ish joylaridagi mazkur buyruqning ijro holati bo‘yicha fikrlar bildirishdi. Ma'lum bo‘lishicha, buyruq barcha muassasalarga yetkazilgan, lekin hamma joyda ham bajarilayotgani yo‘q. Ayrim poliklinikalarda nomuntazam tarzda binoning o‘zida o‘tkazilsa, ba'zilari hech qachon badantarbiya mashqlari o‘tkazilmaganini ta'kidlashdi.

«Salomatlik kunlarining o‘tkazilishi, badantarbiya bilan shug‘ullanishimiz uchun tanaffuslar berilishidan xursandmiz. Kun bo‘yi bemorlarni qabul qilaverib, stuldan qimirlamay ishlashga to‘g‘ri keladi ba'zida. Bu salomatlik uchun zararli ekanligini mutaxassis sifatida o‘zimiz yaxshi anglaymiz. Lekin hamma shifokorlar ham bemorlar oldida chopqillab yurishni istamasa kerak» , ─ deydi ish joyini ma'lum qilishni istamagan tibbiyot xodimi Marg‘uba Sobirova.

Odamlar yugurmasin, sog‘lom turmush tarzi bilan shug‘ullanmasin, degan fikrdan yiroqmiz. Faqatgina «yuqori»  shunday deyapti, degan o‘yda qarorni ko‘r-ko‘rona bajarish emas, boshqa omillarni ham inobatga olish, avvalo qaror ijrosi uchun kerakli sharoitni yaratish kerak. Toki odamlarda qarorlar shunchaki namoyish uchun qabul qilinyapti va majburiyat kayfiyati ta'sirida bajarilyapti, degan qarash shakllanmasin va odamlarni sportdan bezdirib qo‘ymaylik.

Saodat Abdurahmonova

Ko‘proq yangiliklar: