«Bolang rak bo‘lib o‘lsin». Bekhemning «dahshatli tushi» haqida

Sport 14:56 / 06.05.2019 31491

Futbolning eng yorqin yulduzlaridan biri Devid Bekhem kuni-kecha 44 yoshni qarshi oldi. Uning futboldagi yutuqlari, ko‘rsatgan o‘yinlari va hayoti haqida shundoq ham ko‘p narsa bilamiz. U doim futbol jamoatchiligi ko‘z o‘ngida, ashaddiy muxlis va muxlisalar qurshovida yashagan, doim xalqning muhabbatini his qilib kelgan. Ammo shunday davr borki, Bekhem bu yo‘lda juda yolg‘iz qolgandi. Balki aynan o‘sha davr Devidga muhabbat va nafratning masofasi bir qadam ekanini, obro‘ va e'tibor har qancha yuksaklarga chiqmasin, doim haqiqiy inson bo‘lib qolish muhim ekanini o‘rgatgandir. E'tiboringizga spors.ru portalida e'lon qilingan materialni havola qilamiz. 

Uni butun Angliya yomon ko‘rib qolgandi.

Sent-Etendagi stadion yonidagi avtoturargohda Bekhem otasining ko‘ksiga boshini qo‘yib yig‘lar, shu atrofdan o‘tib ketayotgan Argentina terma jamoasi avtobusidagilar esa, futbolkalari bilan g‘alabani nishonlab, ota-o‘g‘il Bekhemlarning ustidan kulib o‘tib ketishdi. Ikki soat oldin Ouenning o‘sha supergoli va Devidning qizil kartochkasi bilan esda qolgan nimchorak final uchrashuvi tugagan - Angliya penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchragandi.

Avvaliga hammasi yaxshi boshlandi. Aynan Bekhem Mayklning goliga to‘p uzatmani amalga oshirdi, ammo keyin Diyego Simeone bilan to‘qnashuv yuz berdi. Chimda yotgan Devid raqibini tepib yubordi va Simeone vaziyatdan unumli foydalanib, artistlik qobiliyatini ishga soldi. Inglizlar oyoq tegmaganini isbotlashga urinishdi, lekin Kim Milton Nilsen o‘z qarorini berib bo‘lgandi.

«Bekhemning oyog‘i unga tegmagan bo‘lsa-da, u o‘zini juda yomon tutdi. Raqibni urishga urinishning o‘zi ham xuddi urgandek gap va buning uchun maydondan chetlashtiriladi» - deb keyinchalik qarorini izohladi daniyalik hakam.

Uchrashuvning qolgan qismini Devid tunnel oldida kuzatdi. U Ins va Bettining omadsiz penaltilarini ham o‘sha yerdan tomosha qildi. Albatta, agar uni maydondan chetlatishmaganda, birinchilardan bo‘lib, seriyada qatnashgan bo‘lardi. Balki to‘liq tarkib bilan inglizlar vaziyatni durangga ham olib bormas edilar balki...

Keyingi kun yanada og‘ir o‘tdi. Rasvo kayfiyat va Angliyaga qaytish. Yo‘lda Bekhem birato‘la Nyu-Yorkka ketishga qaror qildi - u yerda rafiqasi Viktoriya Bekhem farzand kutayotgandi. Shuningdek, u yerda shafqatsiz ingliz jurnalistlari yo‘q - bunday paytda Angliyadan uzoqroq bo‘lib turish ham foydali.

Ammo Devid adashgandi, uning xatosi hatto AQShga ham yetib borgan, Jon Kennedi aeroportidayoq Bekhemni yuzlab fotomuxbirlar-u jurnalistlar kutib olishdi. U ta'qibdan qochib taksining orqa o‘rindig‘iga o‘zini otdi, eshikni yopmoqchi bo‘ldi, ammo mashinani o‘rab olgan jurnalistlar bunga izn bermasdilar. Bir necha soniya Bekhem va «raqiblar» mashina eshigini talashishar, shu onda narigi tomondan bir ayol kirib, futbolchini rasmga ola boshladi. Bu dahshat edi. Taksist katta qiyinchiliklar bilan u yerdan mashinani olib chiqib ketdi.

Nyu-Yorkda Bekhem mundialni o‘ylamaslikka urindi - Spice Girls konsertiga tashrif buyurdi, asosiy vaqtini Viktoriya bilan o‘tkazdi, hatto Madonna bilan ro‘para kelishga to‘g‘ri keldi.

«O‘g‘lim, xavotir olma. Sen «MYu» futbolchisisan. Hammasi yaxshi bo‘ladi, biz yoningdamiz», - Aleks Fergyusondan ushbu «sms»gina Bekhemni sal xotirjam qildi. Lekin muammolar endi boshlanayotgandi. Chempionatdan oldin butun Angliya Bekhemni yaxshi ko‘rar, endi esa. Xuddi shu «muhabbat» bilan uni «ko‘mish»ga tayyor edi.

Dastlab, oila jabr ko‘rdi. Devid Amerikada dam olayotganda muxbirlar uning ota-onasi istiqomat qiladigan Londondagi uyni qurshab oldilar. Eshik ochilishi bilan bir guruh jurnalistlar kamera va mikrofonlar bilan bostirib kelishar, hatto ba'zilar stol-stul olib kelib, hovlida kofe ichib o‘tirishar, uy egalarining tashqariga chiqishini kutishardi. Keyingi zarbani esa gazetalar berdi. The Mirror asosiy sahifada «O‘n sher va bir ahmoq bolakay» sarlavhasi bilan chiqdi. The Sun esa dars nishoni ostiga Bekhemning rasmini qo‘yib, yozdi: «Hali ham jahlingizdan tushmadingizmi? Nishondagi Bekhem bilan alamingizni chiqaring!».

Devid Londonga qaytganida, aeroportda uni politsiyachilar kutib oldi.

- Tinchlikmi, meni hibsga olmoqchimisiz?

- Yo‘q, ser, sizni qo‘riqlash uchun keldik.

Futbolchi bir guruh politsiyachilar qurshovida aeroportdan chiqdi. Avvaliga kulgili tuyulgan bu holat tashqarida 50dan ortiq muxbirlar bilan tabiiyga aylandi. Ularning hammasi Bekhemga tashlanishdi: «Devid sen butun jamoaga pand berding, bilasanmi? Butun mamlakatga pand berding! Nima qilganingni tushunyapsanmi, Devid?».

Bu faqat boshlanishi edi. London janubidagi pivoxona mijozlari Bekhemning ashaddiy muxlisi sifatida, mundial oldidan uning katta manekenini yasatishgandi. Endi esa, hammasi o‘zgardi, 400 funtlik manekenni yo‘l chetidagi simyog‘ochga osib qo‘yishdi. «Ular shunchaki, butun Angliya xohlayotgan ishni qilishdi, xolos», - deya oqladi pab xo‘jayini.

Manchesterdagi baptistlar cherkoviga kiraverishdagi peshtoqqa yozib qo‘yishdi: «Xudo hammani, hatto Devid Bekhemni ham kechiradi». Turli tazyiqlar, noma'lum raqamlardan qo‘ng‘iroqlar har kuni oddiy holga aylangandi. Hatto bir kuni Bekhem bir konvert oldi va uning ichida pistolet o‘qi bor edi.

Avgustda, mashg‘ulotlardan so‘ng, Devid o‘zining yaqin o‘rtog‘i Deyv Gardner bilan Manchesterdagi Living Room kafesiga kirishdi. Ilgari bu joyni Devid juda yoqtirardi, chunki kafening doimiy mijozlari uni tanishsa-da, bezovta qilishmasdi. Xotirjam o‘tirish mumkin edi. Endi hammasi o‘zgargandi. Futbolchilar kirishi bilan butun zal jim bo‘lib qoldi va xuddi kinolardagidek nafratli nigoh bilan Devidni ta'qib qila boshlashdi. Do‘stlar panaroq joy topib o‘tirishdi, lekin odamlar ularga shunday qarab turishardiki, natijada u yerni butunlay tark etishga to‘g‘ri keldi.

Shundan keyin, endi ko‘chaga bronjilet va kaska taqib chiqish lozimligi haqida hazillashib yurishdi. «Men bu voqealarni kulgi bilan qarshi olishga urinar, shuning yordamida o‘zimni xotirjam tutishga urinardim, xolos», - deb eslaydi futbolchi.

Bir kuni Devid yarim kechasi g‘alati ovozdan uyg‘onib ketdi. Politsiyada unga tezkor chaqiruv telefonini berishgandi, ammo avvaliga uning o‘zi nima bo‘layotganini bilmoqchi bo‘ldi. Pastga tushib qaraganda, devor ustida bir odam qimirlamay o‘tirar va Bekhemdan ko‘zini uzmasdi. Dahshat edi. Bir necha vaqt ular shu tariqa bir-birlariga qarab turishdi va keyin Devid politsiya chaqirgani ichkariga kirib ketdi. Qaytadan kelib, oynaga qaraganida, u odam ketib bo‘lgandi Bunday vaqtlarda Devid faqat bir narsadan xursand bo‘lardi: yaxshiyamki, Viktoriya Nyu-Yorkda va bunday voqealarning guvohi bo‘lmayapti.

Endigina 23 yoshga to‘lgan futbolchi uchun bu katta sinov edi. Matbuot bilan gaplashmay qo‘ydi, ota-onasini Manchesterdagi uyga ko‘chirib olib keldi, Viktoriyaga Angliyaga kelishni taqiqladi. Uydan ko‘chaga chiqmas, klub unga qo‘riqchilar tayinlagandi ham. Bunday hayotdan Italiya yoki Ispaniyaga ketish haqida ham o‘ylay boshladi, lekin «Yunayted» muxlislari va jamoadoshlarining qo‘llab-quvvatlashi unga madad berardi.

«Har xil odamlar sen haqingda nima deyishlarini o‘ylama. Bu yerda seni sevishadi va quvvatlashadi. Qolganlarga esa, mavsum boshlanganida javob berishing mumkin», - derdi ser Aleks. «Chempionatdan so‘ng menda yangi mavsum oldidan ikki yo‘l qolgandi: yo hammasi yoki hech narsa. Men buni o‘z o‘yinim bilan isbotlashim kerak» - shu tariqa Bekhem yangi mavsum u uchun eng muhim va muvaffaqiyatli bo‘lishi kerakligi haqida qaror berdi.

Birinchi o‘yin «Lester»ga qarshi «Old Trafford»da kechdi va muxlislar uni ajoyib qarshi olishdi.

«Har safar burchak to‘pi tepish uchun borganimda, minglab muxlislar o‘rnilaridan turib meni olqishlardilar. Shu orqali ular men bilan ekanliklarini ko‘rsatishar, bu men uchun juda ahamiyatli edi. Orqangda «Yunayted»ning oltmish ming muxlisi tursa, dunyoning qolgan qismiga qarshi bemalol kurasha olasan», - degandi Devid Bekhem.

«Old Trafford» uni sevar, ammo boshqa stadionlarda undan nafratlanishardi.

Ikkinchi tur «Vest Hem»ga qarshi safarda edi. Stadion yonidagi avtoturargohda yuzlab mahalliy muxlislar Bekhemga hujum qilishdi. U faqat politsiyachilar yordamida ichkariga kirib oldi. Butun o‘yin davomida tribunalarda uning sha'niga qichqiriqlar tinmasdi: «Angliyadan yo‘qol, haromi», «O‘g‘ling rak bo‘lib o‘lsin, iloyim!».

Bunday munosabat hatto uchrashuv hakami Jevid Ellereyni ham hayron qoldirgandi.

«Men unga yaxshi gaplar aytib, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildim», - deb eslaydi Ellerey, - «hakamlar ham ba'zida xato qilishlarini va bu holatda eng yaxshisi hammasini unutish kerakligini aytdim. Men shunchaki, fanatlarning harakatlari uni quyushqondan chiqarishi mumkinligidan qo‘rqardim. Ammo unga qoyil, jilmaygancha, futbol o‘ynashda davom etdi».

Boshqa stadionlarda ham Bekhem deyarli shunday qarshi olindi. Mavsum boshida u ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi, lekin vaziyat yumshamas, nafrat davom etardi. Devid biror marta ham provakatsiyalarga uchmadi. Uning eng yaxshi o‘yinlaridan biri Yevropa Chempionlar Ligasida «Inter»ga qarshi kechdi. Uning ikki aniq to‘p uzatmasidan so‘ng, inglizlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ayniqsa, Bekhem uchun bu g‘alaba juda muhim edi, zero italiyaliklar tarkibida o‘sha Diyego Simeone to‘p surardi. O‘yindan keyin raqiblar bahslashib ham o‘tirishmadi, aksincha, liboslarni almashishgach, Simeone Bekhemning peshonasidan o‘pib qo‘ydi ham.

Shu o‘yindan so‘ng barcha shubhalar tarqab ketdi. Keyin qatorasiga g‘alabalar: Avvaliga Angliya chempionligi (6 gol, 10 assist) va Angliya Kubogi («Arsenal» bilan muhim o‘yinda gol). «Bavariya»ga qarshi tarixiy g‘alabada ham Devidning hizmatlari katta - gollarga sabab bo‘lgan har ikki burchak to‘pini ham aynan u ijro etgandi. G‘alaba golidan keyin Devid sheriklari bilan golni nishonlash uchun yugurmadi. Burchakdagi bayroqcha oldida tentaklik bilan sakrardi.

«Shu paytda men Argentinaga qarshi o‘yinni eslashga urindim, ammo negadir, u voqea shunchaki, dahshatli tushga o‘xshardi, xolos», - deydi Devid Bekhem.

Mavsum oxirida u UYeFAdan bir qator shaxsiy sovrinlarni ham oldi. U eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi yarim himoyachi va eng qadrli futbolchi sifatida e'tirof etildi, yil oxirida bo‘lib o‘tgan FIFA va «Frans Futbol» so‘rovnomalarida Rivaldodan keyin ikkinchi o‘rinni oldi. Hammasi iziga tushib ketdi.

Odamlar Bekhemdan qanday nafratlanganliklarini unutib ham yuborishdi, lekin Devid esdan chiqarmadi.

Uning o‘zi ham keyinchalik tan olishicha, matbuot anjumanlarida savol berayotgan jurnalistlarga qarab, ularning yuzlarini eslashga urinar va o‘sha zamonlarda u haqida yomon gaplarni yozganlarni tanishga harakat qilardi. Vaqt o‘tib, ba'zi jurnalistlar pushaymonliklarini ochiq bayon qilishdi. The Sun muharriri Pirs Morgan esa o‘sha dars bilan bog‘liq suratni eslar ekan, xodimlari ancha oshirib yuborishganini tan oldi.

Devid lekin haligacha bir narsani tushunmaydi, shuncha nafrat qayerdan?

«Meni eng hayron qoldirgani, hatto hozir ham, o‘zim ulg‘ayib, ota bo‘lgach, yanada ko‘proq hayratlanganim, o‘sha o‘ziga g‘alati g‘alati laqablar qo‘yib olgan, ko‘zlari nafratga to‘lgan otalar, besh-olti yashar o‘g‘illarini yetaklab olib, meni haqoratlarga ko‘mishardi. Axir o‘sha bolakay ko‘z oldida bunday o‘rnakni qanday qabul qiladi?

Ularning nafratiga futbolning aloqasi yo‘q. Shunchaki ular nafratlanishni yoqtiradilar».

Ko‘proq yangiliklar: