Messi «Liverpul»ni yo‘ldan oldi. U va'dasini bajarmoqda

Sport 13:00 / 02.05.2019 26437

«Barselona» Chempionlar ligasining yarimfinalidagi ilk o‘yinda «Liverpul»ni mag‘lub etdi (3:0). Lionel Messi dublni rasmiylashtirdi va katalonlar klubidagi gollari sonini 600taga yetkazdi. Bu gollar kataloniyaliklar uchun deyarli final yo‘llanmasini kafolatladi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin 
«Barselona» (Ispaniya) – «Liverpul» (Angliya) – 3:0 (1:0) 
Gollar: Suares, 26 (1:0). Messi, 75 (2:0). Messi, 82 (3:0).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto (Alenya, 90+4), Langle, Pike, Jordi Alba, Rakitich, Buskets, Vidal, Messi, Suares (Dembele, 90+3), Koutino (Semedu, 60).
«Liverpul»: Alisson, Gomes, Matip, van Deyk, Roberson, Fabino, Keyta (Henderson, 24), Milner (Origi, 85), Saloh, Mane, Vaynaldum (Roberto Firmino, 78). 
Ogohlantirishlar: Langle, 39. Fabinyu, 81. Suares, 81. Jordi Alba, 86. 
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).
1 may. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.
Javob o‘yini – 7 may.

Messining birinchi goli
Bu o‘yindan oldin barcha Messi u «Barselona» safidagi ilk golini roppa-rosa 14 yil muqaddam, 2005 yilning 1 mayida urganini yodga oldi. «Albasete» bilan o‘yinda u Ronaldinoning pasidan keyin braziliyalik futbolchining yelkasiga chiqib debyut golini nishonlagandi. 14 yil o‘tib argentinalik futbolchining ko‘k-anorranglilar libosida urgan gollari soni 598tani tashkil etib turgandi. U yana ikki gol bilan yubiley natijaga yetishi mumkin edi - bu ishni «Liverpul»ga qarshi o‘yindayoq amalga oshirishni ahd qildi.

Ehtiyotkor tarkiblar
Ikki jamoa bosh murabbiyi ham o‘yinga ehtiyotkorlik bilan tarkib tanladi. «Barselona»da maydon markazida Artur Ramos o‘rnini Arturo Vidal egalladi. Chililik futbolchi raqib jamoa hujumlarini buzishda foydali bo‘ldi, ko‘pchilik Valverde «Liverpul»ning sobiq havbekini zaxirada qoldirib, uning o‘rniga Usmon Dembeleni tushirishini kutgandi - lekin braziliyalik futbolchi sobiq jamoadoshlariga qarshi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi. Mehmonlarda esa o‘ng qanotni himoya qilishga hujumkor himoyachi Aleksandr-Arnold o‘rniga Gomes yuborildi. Dekabr oyidan buyon asosiy tarkibdan o‘rin olmay qo‘ygan Gomes Koutinoga qarshi personal harakat qilishi lozim edi. Klopp jarohatidan tiklana olmagan Firminoni zaxirada qoldirishga majbur edi, bu esa Shaqirini maydonga tashlashga imkon berardi, lekin germaniyalik mutaxassis Veynaldumni tanladi. U Deyan Lovren va Jordan Hendersonni ham zaxirada qoldirdi.

Ikki «penalti» va jarohat
Mehmonlar ilk daqiqalardanoq oldinga tashlanishdi - «Liverpul» futbolchilari hujumda o‘ziga ishongan holda harakatlanishdi, katalonlar esa barchani hayron qoldirgan holda himoyada o‘ynashga majbur bo‘lishdi.

Umuman olganda, birinchi bo‘limda teng futbol ko‘rdik. Buni statistika ham tasdiqlaydi: to‘plar nisbati - 52 foizga 48 foiz, zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatkich - 5:6 (aniq zarbalar bo‘yicha 2:0). Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolarli vaziyatlar ikki jamoa jarima maydonida bittadan bahsli vaziyat bo‘lishi bo‘ldi. Avvaliga Sadio Mane Jyerar Pike bilan to‘p uchun kurashda gazonga quladi va penalti so‘radi. Boshqa vaziyatda esa Joel Matip Lionel Messini to‘xtatishga uringanida qo‘li bilan to‘pga o‘ynadi. Ikki holatda ham hakam va videoyordamchilar o‘yinni buzib qo‘ymaslik uchun penalti qo‘ymaslikka qaror qilishdi. 

Bundan tashqari, yarimfinalning ikkinchi o‘yinida ham ilk bo‘limdayoq majburiy o‘zgartirish amalga oshirildi («Tottenhem» - «Ayaks» o‘yinida mezbonlar himoyachisi Tomas Fertongen 31-daqiqada maydonni tark etishga majbur bo‘lgandi), «Kamp Nou»dagi o‘yinning 24-daqiqasida Ivan Rakitich bilan to‘qnashuvdan keyin Nabil Keyta o‘yinni davom ettira olmadi.

Suares «Liverpul»ga gol urib uni nishonladi

«Barsa» raqib hujumlariga kutilganidan kamroq javob qaytardi. Agar Luis Suares sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol etmaganida birinchi bo‘limni «Liverpul» hisobiga yozsa bo‘lardi. 15-daqiqada Messi to‘p bilan oldinga bordi, uni imkon qadar to‘xtatishdi, bu vaziyatda 4-5 himoyachi uni to‘xtatish bilan andarmon bo‘ldi, van Deyk uni ortdan tomosha qilish bilan kifoyalangan bo‘lsa-da, Fabino va Milner uni qattiq qarshi olishdi, ammo bu hujum baribir zarba berish bilan yakunlandi - Koutinoning zarbasini Alisson ushlab oldi.

Ammo baribir ko‘k-anorranglilar maqsadga erishishdi, golli hujumni sobiq liverpulchilar tashkillashtirishdi: Keyta chiqib ketganidan keyin uyushtirilgan hujum vaqtida Koutino Albani to‘p bilan ta'minladi, u esa jarima maydoniga yorib kirgan Suaresni topdi - urugvaylik hujumchi sifatli pasga oyoq qo‘yishi kifoya qildi - to‘p Alissoning yonidan o‘tib, darvozadan joy oldi. Bu Suaresning joriy YeChLdagi ilk goli edi. U sobiq jamoasiga urgan golini xuddi jahon chempionati finalida gol urgan kabi nishonladi - lekin u ogohlantirgandi. «Men «Liverpul»dan barchasi uchun minnatdorman. Lekin meni bilasizlar, maydonga chiqqanimda do‘stlik unutiladi, sobiq jamoadoshlar va yoqimli xotiralar bir chetga surib turiladi», degandi u o‘yindan oldin.

Virjiyl van Deyk nafaqat Angliyaning, balki jahonning eng yaxshi markaziy himoyachisi bo‘lishi mumkin, ammo bu vaziyatda Matipning bo‘sh qolgan joyini aynan u yopishi kerak edi, gol urilgan vaziyatda barcha jamoadoshlari aynan niderlandiyalik himoyachiga yarq etib qarashdi.

Ter Shtegen - kosmos
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Liverpul» yanada hujumkor o‘ynadi. Klopp shogirdlari ikkinchi bo‘limni hisobdagi ustunlik bilan boshlashi ham mumkin edi - agar raqib darvozasida Mark-Andre ter Shtegen turmaganida. 

Birinchi bo‘lim yakuni shiddatli kechdi, ammo Mane raqib darvozasi qarshisida turib, to‘pni darvoza to‘sinidan yuqoriga tepdi, Milner va Salohning kuchli zarbalarini ter Shtegen qaytardi. Germaniyalik darvozabon tanaffusdan keyin ham asosiy qahramonga aylandi - 59-daqiqada u Milner yaqin masofadan turib zarba berishga chog‘langanida to‘pni egallab oldi. Ko‘rinishidan u o‘yindan-o‘yinga, o‘z darvozasiga yo‘llangan har zarbadan keyin mahoratini oshirib bormoqda.

599

«Barselona» asta-sekin raqibni o‘z jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirishga kirishdi. Bunga qisman Suaresdan farqli ravishda sobiq jamoadoshlari darvozasiga gol urolmagan Koutino o‘yindan olinib, o‘rniga Samedu tushirilishi ham sabab bo‘ldi. Vidal yanada foydaliroq o‘yin ko‘rsata boshladi, u goh o‘ng qanotda, goh chap qanotda raqib hujumlarini to‘xtatib qoldi. Qolgani esa Messiga qo‘yib berildi.

O‘yinning 75-daqiqasida «Barselona» xavfli hujum uyushtirdi, bu jamoaning ikkinchi bo‘limdagi ilk hujumi edi - Roberto raqib jarima maydonida to‘p uchun kurashda g‘olib kelib, Suaresni qulay vaziyatga chiqardi, urugvaylik futbolchining zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi, Messi esa uni osonlik bilan bo‘sh darvozaga joyladi - Messini qo‘riqlashi kerak bo‘lgan van Deyk haqiqiy tomoshabin vazifasida.

Bu argentinalik futbolchining ko‘k-anorranglilar safidagi 599-goli bo‘ldi. 2:0 - bu Madrid uchun chiptalarni buyurtma qilishni boshlash mumkin degani.

600

Masala bir necha daqiqa o‘tib oydinlashdi - Messi yubiley golini urish uchun to‘pni nuqtaga o‘rnatdi - ha, u uchun jarima zarbasi penalti deganidir. U bu safar ham Alisson va «Liverpul»ni imkonsiz qoldirib, to‘pni darvozaning yuqori «to‘qqizligi»ga joylashtirdi.

Mehmonlar javob goli urishga harakat qilishdi, tezlik bilan uyushtirilgan hujumda Firmino bo‘sh darvozaga yo‘llagan to‘pni Rakitich qaytarib yubordi, Saloh qaytgan to‘pga zarba berib hisobni qisqartirishi mumkin edi, ammo u 5-7 metr masofadan yo‘llagan to‘p ustundan qaytdi, ha u chap oyoqda emas, o‘ng oyoqda tepgandi.

O‘z navbatida, «Barsa» ham to‘rtinchi golni urishga yaqin keldi. Qolgan daqiqalarda tablodagi hisob o‘zgarmadi va katalonlar javob o‘yinidan oldin final uchun juda zo‘r imkoniyat hosil qilishdi. Javob o‘yinida ham vaziyat o‘zgarmasa, kataloniyaliklar so‘nggi 4 yil ichida ilk marta finalga chiqishadi. Yurgen Kloppda ularni to‘xtatish uchun nimadir o‘ylab topishga bir hafta vaqt bor, «Liverpul» futbolchilarida esa yana ikki bo‘lim.

Messining va'dasi
O‘tgan yilning avgustida, mavsum boshlanishidagi ilk o‘yin arafasida «Barselona» sardori «Kamp Nou»ga yig‘ilgan muxlislar qarshisida nutq irod qilgan va jamoa bu mavsum Chempionlar ligasi kubogini Kataloniyaga qaytarishiga va'da bergandi.

«O‘tgan mavsumda biz Ispaniya Kubogini va oltin medallarni qo‘lga kiritdik. Ammo bizda Chempionlar ligasida yakuniga yetmay qolgan ish bor. Va'da qilamanki, sovrinni stadionimizga qaytarish uchun barcha ishni qilaman», degandi u o‘shanda.

Leo gapida turadigan odam. U juda kam intervyu beradi, omma bilan juda kam muloqot qiladi, kam va'da beradi. Avval ham 4 marta bu sovrinni qo‘lga kiritgan buyuk forvardni o‘tgan mavsumda «Roma»ga qarshi o‘yinlar natijasi (uydagi 4:1dan keyin safardagi 0:3) qattiq g‘azablantirgandi. Endi u jimgina rekord ortidan rekord o‘rnatib, bosh sovrin sari bormoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: