Xitoy O‘zbekistondan qator mahsulotlar importiga ruxsat beradi

Iqtisodiyot 08:37 / 27.04.2019 22858

Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida 22-23 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari E.G‘aniyev, «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i I.Ergashev Xitoyning Bojxona ma'muriyati boshlig‘i Ni Yufen bilan fitosanitar talablar asosida qator mahsulotlar eksportini amalga oshirish borasida muzokara olib bordi. Bu haqda O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xabar qilmoqda.

Muzokara chog‘ida Xitoyga qovun eksportiga fitosanitariya ruxsatnomasini berish tartibi muhokama qilindi. Xitoy tomoni Inspeksiya tomonidan olingan texnik ma'lumotlarga asosan, zararkunanda xavfini tahlil qilish jarayoni yakunlanganini ta'kidladi. Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, xitoylik mutaxassislar qovun dalalarini obdon tekshiradi. Yakunda tegishli hujjat imzolanadi va ushbu mahsulotlarning importiga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik dasturi loyihasi ko‘rib chiqildi. Ikki yillik muddatni o‘z ichiga olgan mazkur hujjatda O‘zbekistondan Xitoyga qovun, anor, uzum, limon va boshqa mahsulotlar eksporti masalasi ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat joriy yilning may oyida xitoylik mutaxassislarning Toshkent shahriga tashrifi doirasida imzolanishi mumkin.

Uchrashuvda o‘simliklar karantini tizimida soha xodimlarining malakasini hamkorlikda oshirish singari masalalar ham muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: