«Barselona»da chempionlik o‘yini, Angliyada YeChL uchun jang. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 21:30 / 26.04.2019 20551

Yevropa milliy chempionatlarida «ufq» ko‘rinib qolgan bo‘lsa-da, yakuniy pallada bir qator savollar hali javobsiz qolmoqda. Germaniya va Angliyada kim chempion bo‘ladi? Italiya, Angliya, Ispaniyadan YeChLdan qatnashadigan 4-o‘rin uchun bir qator da'vogarlar ichida omadlisi kim? Qaysi jamoalarni biz kuchli beshlik chempionatlarida kelasi yili ko‘rmaymiz? Va yana boshqa bir qator savollarga qisman javob berish uchun bizni navbatdagi hafta o‘yinlari kutib turibdi.

BORUSSIYa DORTMUND – ShALKe (27 aprel, 18:30)

Bundesligada navbatdagi tur Rur derbisi bilan boshlanadi. Dortmundning «Borussiya» klubi chempionlik poygasida «Bavariya»ni quvishda davom etadi, «Shalke» esa, yana bir bor azaliy raqibiga xalaqit berishga urinib ko‘radi.

Gap faqat xalaqit berishda emas, Chempionlar Ligasida nimchorak finalga chiqqan jamoa ichki birinchilikda o‘ta beqaror o‘yinlar ko‘rsatdiki, Hub Stevens shogirdlari «xavfli zona»ga eng yaqin jamoa bo‘lib turibdi. 30 o‘yindan 17tasini boy bergan «Shalke» «Shtutgart»ni faqat 6 ochkoga ortda qoldirmoqda, xolos. Ya'ni, mag‘lubiyat ularni qo‘yi ligaga bir qadamlik masofagacha yaqinlashtiradi. So‘nggi 14 o‘yinda atigi 1 marta g‘alaba qozongan «Shalke» uchun mavsumning so‘nggi qismi ham oson o‘tmasligi haqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak.

Ammo gap derbi ustida borar ekan, jamoalarning formasi va turnir jadvalidagi o‘rni chetga chiqishi ham bor gap. Buni so‘nggi o‘yinlar ham ko‘rsatib turibdi. So‘nggi 6 o‘yinda tomonlar bittadan g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 4 o‘yin durang bilan yakunlangan. Birinchi davradagi o‘yinda esa, Sanchoning goli yordamida mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Tarkiblar borasida mehmonlarning holati biroz yomonroq. To‘g‘ri, dortmundliklarda jarohat olgan uch futbolchi ham himoyachidir. Hakimi, Zagadu va Pishchek jamoaga yordam bera olishmaydi, lekin bu mavsumda «Borussiya» himoyachilari shu qadar ko‘p jarohat olishdiki, murabbiy juda ko‘p variantlarda himoyani tashkil qilishi mumkin. «Shalke» tarkibida esa, Mark Ut va Yevgeniy Konoplyankaning o‘rni juda bilinsa kerak.

BARSeLONA – LeVANTe (27 aprel, 23:45)

O‘tgan haftada Fransiya va Italiyada nihoyat chempion nomi rasman aniqlandi. Bu safar endi Ispaniyada ham sovrin egasi ma'lum bo‘lishi mumkin. Hozirda «Barselona» «Atletiko»dan 9 ochkoga oldinda bormoqda va Ispaniyada avvalo, o‘zaro o‘yinlar e'tiborga olinishini nazarda tutsak, bu borada ustunlikka ega bo‘lgan mezbonlar shu turdayoq chempionga aylanishlari mumkin. Balki bu o‘yindan oldinroq o‘tadigan uchrashuvda «Atletiko» ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, kataloniyaliklarga chempionlik uchun durang ham kifoya qiladi.

Albatta, «Barselona»ning so‘nggi 10 yilda yettinchi marotaba mamlakat chempioniga aylanishi vaqt masalasi xolos. Shunday bo‘lganda ham, bu ish «Kamp Nou»da, yuz ming muxlis qarshisida, Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yin oldidan amalga oshirilishi ham muhimdir.  

Albatta, bu o‘yinga ko‘proq kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan YeChL yarim finali rakursidan qarash to‘g‘riroq. Tabiiyki, Suares, Buskets, Rakitich, Alba, Pike kabi muhim o‘yinchilarga dam berish kerak. Messi «Alaves»ga qarshi safar o‘yinida maydonga tushmadi va katta ehtimol, bu o‘yinda qatnashsa kerak. Hech bo‘lmasa, Mbappe bilan ketayotgan «Oltin to‘p» uchun raqobat ham bunga sabablardan biri bo‘lishi mumkin.

Vaziyatga valensiyaliklar tomonidan qaraganda, e'tiborli jihatlar talaygina. Masalan, o‘tgan yilgi bahsni eslasangiz kerak – aynan «Levante» kataloniyaliklarning mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazish orzularini chippakka chiqarishgan va allaqachon chempion bo‘lib ulgurgan jamoa ustidan 5:4 hisobida g‘alabaga erishgandi. O‘shanda o‘yin davomida hisob 5:1 ko‘rinishiga ham kelgandi, hatto. Ikkinchidan, «Levante» 37 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda va «xavfli zona»dan atigi 3 ochko oldinda, xolos. Ya'ni, ularga ligada qolish uchun ochko suv va havodek zarur.

Darvoqe, o‘sha xavfli zonadagi jamoa kataloniyaning boshqa bir jamoasi – «Jirona» ekanini hisobga olsak, «Barselona» birto‘la hamyurtlariga ham yordam berib ketishi mumkin. 

LeSTeR – ARSeNAL (28 aprel, 16:00)

 

Ikki frontda kurashish «Arsenal»ga yetarlicha muammolarni keltirib chiqarmoqda. Unai Emeri Yevropa Ligasini yutish bo‘yicha mutaxassis bo‘lsa-da, u oldinlari bu ishni La Ligada bosimsiz o‘ynash mumkin bo‘lgan «Sevilya» bilan amalga oshirgandi. Yaxshiyamki, «Arsenal»ning APLdagi raqobatchilari ham yaxshi sport formada emas. Aks holda, londonliklar ancha ortda qolib ketgan va YeChLga yo‘llanmaning yagona yo‘li o‘laroq faqat Yevropa Ligasida qolgan bo‘lardi.

Gap faqat so‘nggi oylardagi muammoda ham emas, umuman «Arsenal» bu yil Angliyada safar o‘yinlarida juda yomon natija ko‘rsatmoqda. «Vulverhempton», «Everton», «Vest Hem», «Sauthempton» bu yili «Arsenal»ni o‘z maydonida «yer tishlatishdi». Umuman, safar o‘yinlari borasida «Arsenal» APLda 9-ko‘rsatkichni qayd etmoqda va bu borada hatto «Lester» ham ko‘proq ochko olishga erishgan.

Emeri shogirdlari ketma-ket ikki o‘yinda yutqazdi, avvaliga «Kristal Pelas» London derbisida uch ochko olib ketdi (2:3), keyin «Vulverhempton» o‘z maydonida «to‘pchilar» darvozasiga birinchi bo‘limning o‘zida 3ta javobsiz gol urishdi (3:1). «Arsenal» to‘rtlikka kirish uchun endi ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q, buning ustiga «Chelsi»ning ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak bo‘ladi. Yevropa Ligasidagi asosiy raqobatchi ham aynan «Chelsi».

«Lester» esa, top-jamoalarga qarshi noqulay uslubi bo‘lgan va har qanday vaziyatda xavfli o‘ynay oladigan jamoalardan biridir. O‘tgan yilning may oyida bo‘lib o‘tgan o‘yinni eslash kifoya, o‘shanda lesterliklar qiyinchiliksiz 3:1 hisobida ustun kelgandi.

Muhim o‘yinlar oldidan jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biri Aaron Remzining safdan chiqishi esa, natijalarga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Remzi katta ehtimol bilan APL o‘yinlarida maydonga tushmaydi va agar «Arsenal» Yevropa Ligasi finaliga chiqadigan bo‘lsa, o‘sha o‘yinda uelslik futbolchi jamoa tarkibidagi o‘zining so‘nggi o‘yinini o‘tkazishi mumkin.

MANCheSTeR YuNAYTeD – CheLSI (28 aprel, 20:30)

Angliyada YeChL yo‘llanmasi uchun kurash juda qattiq ketayotgandek tuyulsa-da, bir tomondan xuddi «oling-soling» manziratiga o‘xshab bormoqda. Chunki asosiy da'vogar jamoalar mavsum so‘nggida yo‘qotishsiz borish o‘rniga, umuman o‘rin ahamiyatsiz tuyulgan o‘rtamiyonalarga ochko ulashish bilan band.

«Manchester Yunayted» ketma-ket ikki turda «Everton» (0:4) va «Manchester Siti»ga (0:2) mag‘lub bo‘ldi, «Chelsi» ham qolishmay, avvaliga «Liverpul»ga safardan mag‘lub bo‘lib qaytdi (0:2), keyin o‘z maydonida «Byornli» bilan durang o‘ynadi (2:2). Mavsum tugashiga uch tur qolganda, «Chelsi» turnir jadvalida 67 ochko bilan to‘rtinchi, «Arsenal» 66 ochko bilan beshinchi, «MYu» 64 ochko bilan oltinchi bo‘lib joylashgan. Demak, Sulsher shogirdlari yakunda «Chelsi»ni ortda qoldirish uchun bu o‘yinda g‘alaba qozonishlari va keyingi turlarda ham londonliklarning ochko yo‘qotishidan umid qilishlari kerak bo‘ladi. YeChL yo‘llanmasi uchun esa, nafaqat «Chelsi», balki boshqa London jamoasi – «Arsenal» ham ochko yo‘qotishi shart.

To‘g‘ri, nazarimizda, endi «Manchester Yunayted»ni yo‘llanma u qadar qiziqtirmayapti va qaysidir ma'noda jamoa o‘sha dekabr oyiga qaytib qolgandek. Bu yerda muhim vazifa qo‘lga kiritiladigan ochkolardan ham ko‘ra, eski pozitiv muhitni qaytarish, so‘nggi oyda ro‘y bergan ketma-ket mag‘lubiyatlarni esdan chiqarish va keyingi mavsum uchun ijobiy poydevor qo‘yishni boshlash. Sulsher ham aslida shuning uchun Manchesterga tashrif buyurgandi, esingizda bo‘lsa...

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ushbu mavsumda manchesterliklarning ustunligini ko‘rishimiz mumkin. APLning birinchi davrasidagi o‘yinda faqat so‘nggi daqiqalardagina «Chelsi» hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, fevral oyida «MYu» «Chelsi»ni besh yillik tanaffusdan so‘ng «Stemford Brij»da mag‘lub etgan va Angliya Kubogidan chiqarib yubordi.

Umuman olganda, har ikki jamoa ham top-o‘yinlarda u qadar ishonchli ko‘rinmayapti. «Manchester Yunayted» bu yil APL o‘yinlari doirasida top-6 vakillaridan faqat «Tottenhem»ni yenga oldi, xolos. «Chelsi» esa, bu guruhdagi jamoalarga qarshi safar o‘yinlarida yaxshi ko‘rsatkichlarga ega emas – Sarri shogirdlari barcha to‘rt safar o‘yinini mag‘lubiyat bilan yakunladi.  

JIRONA – SeVILYa (28 aprel, 17:00)

Ispaniyada chempion nomi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beradigan 4-o‘rin uchun ham, turnirda o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurash ham avjiga chiqqan.

«Sevilya» «Xetafe» bilan teng ochko jamg‘argan holda, faqat o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra pastroqda joylashib qoldi va endi har bir o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi va «Xetafe»ning ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak bo‘ladi. Bu safargi raqibi «Jirona» esa, jadvalning qo‘yi qismida va bu klub ham keskin raqobat ichida. Kataloniya jamoasi ligada qolishi uchun turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilishi shart. Qizig‘i, «Jirona» bu o‘yindan keyin «Sevilya»ning «kuchli to‘rtlik» uchun raqibi «Xetafe»ga mehmonga boradi. Keyin esa, ligada qolish uchun kurash olib borayotgan boshqa bir klub – «Levante»ni qabul qiladi. Xullas, jamoaning keyingi turlardagi har bir o‘yini bizning anonsimizdan o‘rin olsa kerak.

Qatorasiga yetti o‘yindan beri faqat mag‘lubiyatga uchrayotgan «Jirona» uchun imkoniyatlar ko‘p qolmayapti ham. Shu bilan birga, «Jirona» o‘sha g‘alabasiz o‘yinlarda ham u qadar kuchsiz ko‘rinmagan va 6 o‘yindan 5tasida minimal hisob qayd etilgandi. Lekin «Sevilya» «Jirona» uchun juda noqulay raqib, La Ligada bo‘lib o‘tgan barcha uch o‘yinda ham andalusiyaliklarning qo‘li baland kelgan. Bu o‘yinlarda «Jirona» birorta ham gol ura olmagan.

Mezbonlarga ikki jihat yordam berishi mumkin. Birinchidan, «Sevilya» tarkibidagi bir qator muhim futbolchilar bo‘lmish Andre Silva, Gonalon, Vyober, Nolito kabilar maydonga tusha olishmaydi. Ikkinchidan, «Sevilya» bu mavsumda safar o‘yinlarida u qadar ishonchli ko‘rinmayapti va 17 o‘yindan atigi 5tasida g‘alaba qozonib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha 10-o‘rinda bormoqda. Qizig‘i, safar o‘yinlari borasida «Jirona» ancha ustun sanalib, aksincha, uyda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda o‘ta beqaror – Eysebio Sakristan shogirdlari mezbonlik qilgan 17 o‘yindan atigi 2tasida g‘alaba qozonishgan, xolos. Ligada eng yomon ko‘rsatkich.

TORINO – MILAN ( (28 aprel, 23:30)

A Seriyadagi so‘nggi 6 o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozongan «Milan» turnir jadvalida deyarli pastlamagan bo‘lsa-da, raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma jamoani eng yaqin masofaga yaqinlashtirib bo‘ldi. «Atalanta» va «Roma» ochkolar bo‘yicha ham deyarli yetib oldi, «Latsio» bilan ham 4 ochkolik masofa bor. Bu safargi raqib «Torino» esa «Milan»dan uch ochko kam jamg‘argan, xolos. Demak, natijalar borasida har doimgidek beqaror ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan «Milan» uchun mavsum oxiri hal qiluvchi maqomda bo‘ladi. Gattuzo shogirdlari bu o‘yinlarda g‘alaba qozonib, 4-o‘rinni saqlab qolishlari va uzoq tanaffusdan so‘ng YeChLga qaytishlari mumkin. Shu bilan birgalikda, muvaffaqiyatsiz o‘yinlar «Milan»ni 8-o‘ringa ham tushirib yuborishi hech gap emas. A Seriyadagi natijalar keskin pasaygan va buning ustiga kechagina Italiya Kubogida final ostonasida qoqilgan «Milan» uchun hal qiluvchi palla yaqinlashmoqda.

«Torino» esa, yuqorida aytilganidek, kuchli to‘rtlikka juda yaqin. Bunga o‘ziga xos muvaffaqiyatli seriya – so‘nggi 13 o‘yinda atigi 1 mag‘lubiyat bilan ko‘rsatilgan natijalar sababchi bo‘ldi. To‘g‘ri, bu o‘yinlarning ko‘pi durang bilan yakunlandi, lekin shunday beqaror raqobatchilar yonida bu natijalar ham oldinga siljish uchun yetarli edi. Darvoqe, duranglar haqida so‘ng borganda, «Milan» va «Torino» o‘rtasidagi oxirgi 4 uchrashuv ham durang hisobda yakunlanganini ta'kidlash mumkin.

Bir tarafdan, so‘nggi 15 o‘yinda turinliklar «Milan» ustidan g‘alaba qozona olmayotgani mehmonlarga umid uchqunlarini namoyish etsa, boshqa tarafdan, milanliklar «Torino» maydonida 2012 yildan beri g‘alaba qozona olmayotganliklarini ham eslatib o‘tish mumkin. Mana shunday bir-biriga qarshi an'analar ham bu o‘yin juda qiziqarli o‘tishidan dalolat qilmoqda.

BOShQA O‘YINLAR
26 aprel. «LIVeRPUL» – «Haddersfild» (23:55)
27 aprel. «TOTTeNHEM» – «Vest Hem» (16:30), «ATLeTIKO» – «Valyadolid» (19:15), «INTeR» – «YuVeNTUS» (23:30)
28 aprel. «Byornli» – «MANCheSTeR SITI» (18:05), «Nyurnberg» – «BAVARIYa» (21:00), «Rayo Valekano» – «ReAL» (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: