Prezident farmoni ijrosida ko‘zbo‘yamachilik qilgan Past Darg‘om tumani mutasaddilari yana bir marta va'da berdi

Jamiyat 19:00 / 23.04.2019 22548

Maqola sarlavhasini bejiz bunday nomlamadik. Murojaatlar asosida jurnalistik surishtiruvlar jarayonlarida aynan shunday holatlarga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Jumladan, Past Darg‘om tumani hokimiyati mutasaddilarining  ko‘zbo‘yamachiliklari va yolg‘onlaridan jabr chekkan nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaning muammosi hamon ijobiy yechim topmayapti. Tuman hokimligi mutasaddilari faqat va'dalar bilan cheklanmoqda.

Sevara Nurmurodovaning takroriy murojaati asosida ushbu mavzuga yana qaytdik.

Aynan shu muammo yuzasidan 2018 yil 22 dekabr kuni «Nogironligi bo‘lgan ona yana aldanib qolmasin — Pastdarg‘omcha «fonogramma» «jonli ijro»ga aylanarmikan?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Past Darg‘om tumanida yashovchi, ikki farzandning onasi, I guruh nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaga Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan 2017 yil 24 dekabrda ikki xonali uy berilgani, lekin bu uy aslida boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgani, endi uy tortib olinayotgani bayon etilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda ikki nafar – 7 yoshli egizaklari Hasan-Husan bilan yashayotgan Sevara Nurmurodova 2016 yilda baxsiz hodisa tufayli umurtqa pog‘onasini jarohatlab olgan va yurish baxtidan bir umrga ayrilgan. U hozirda faqat nogironlik aravachasida harakatlana oladi. Shu tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ham ajrashishi unga yana bir og‘ir zarba bo‘ladi.

2017 yil 1 dekabrda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolangandi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tumandagi nogironligi bo‘lgan ayrim fuqarolarga arzon uy-joylardan berilgan. Sevara Nurmurodovaga ham tumanning «Po‘latchi» mahallasida qurilgan ikki qavatli uylardan ikki xonali xonadon ajratilgan.

«Uy-joyga ehtiyojim borligi uchun men ham Past Darg‘om tumani hokimligiga murojaat qilgandim. 2017 yil 24 dekabrda orzum ushaldi. Menga tantanali ravishda ikki xonali uy berishdi. Bilasizmi, quvonchim dunyoga sig‘masdi o‘sha payt. Prezidentimizdan, viloyat va tuman rahbarlaridan behad minnatdor bo‘ldim. Televideniye s'yomka qildi, to‘lqinlanib intervyular berdim. Ammo yaqinda tuman hokimligidan uyni qaytarib berishim kerakligini aytishganida juda yomon ahvolga tushdim... Bu uyning egasi boshqa emish...», – deya Sevara Nurmurodova ko‘z yoshlari tufayli so‘zlarini oxirigacha davom ettirolmagandi biz bilan suhbatda.

Uning ta'kidlashicha, uy topshirilsa-da, hali tayyor bo‘lmaganligi uchun ikki oydan keyin ko‘chib kirgan. Unda ham viloyat hokimligiga bir necha marta murojaat qilgandan keyin tuman hokimligi unga uyni bergan.

Biroq haligacha uy hujjatlari unga rasmiylashtirilmagan. Shu tufayli zarur to‘lovlarni ham amalga oshirolmay kelmoqda. Unga faqat hech narsaga arzimaydigan sertifikat — oddiy qog‘oz berilgan, xolos.

O‘rganishimiz davomida aynan shu masalada Past Darg‘om tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Tolib Hamzayev bilan uchrashib, izoh so‘ragandik.

«Prezidentimiz farmonidan keyin 2017 yil dekabr oyida o‘sha vaqtdagi tuman hokimi tomonidan zudlik bilan uch nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga uy topish lozimligi haqida topshiriq berildi. Ammo yangi qurilayotgan uy-joylardan tayyor holatdagisi yo‘q edi. Uyga boshlang‘ich to‘lovlarni to‘lagan va qurilishi deyarli yakunlanib qolgan uy egalaridan so‘rab, vaqtincha berib turishini iltimos qildik. Ularga keyinchalik yangi qurilayotgan uylardan berilishi tushuntirilgandi. Bu orada Sevara Nurmurodovaga boshqa yerdan kredit asosida uy-joy rasmiylashtirilib, boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab berilgan. Ammo u boshqa uyga ko‘chishni istamayapti», – deya holatni izohlagandi Tolib Hamzayev.

«Ular menga to‘lovi qimmat bo‘lgan uyni taklif qilishyapti. Arzon uy-joy emas. Ahvolimni ko‘rib turibsiz. Axir, kreditni qanday to‘layman? Oyiga olayotgan nogironlik nafaqamdan ikki baravar ko‘p to‘lab borishim kerak. Hozir yashayotgan uyim nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan. Menga rasmiylashtirib berilsa, oyiga to‘lovni amalga oshirishga nafaqam yetadi. U yog‘ini bir amallarman. Ammo qimmat uy-joyga qurbim yetmaydi», – degan edi Sevara Nurmurodova.

Tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayev uyning haqiqiy egasi boshqa yerdan qurilayotgan yangi uy-joylardan olishga rozi bo‘lsa, Sevara Nurmurodovaga shu uyni rasmiylashtirib berishlari mumkinligini aytgandi.

Bu masala yuzasidan uyning haqiqiy egasi bilan suhbatlashganimizda u boshqa joydan uy berilsa, bu uy Sevara Nurmurodovaga rasmiylashtirib berilishiga e'tirozi yo‘qligini bildirgan edi. Tuman hokimi o‘rinbosari Tolib Hamzayev bu masala yuzasidan zarur hujjatlarni tez orada rasmiylashtirishga va'da bergan edi.

Ammo ushbu va'da bajarilmagach, biz bu mavzuga qaytib, masala yechimi yuzasidan Past Darg‘om tuman hokimligi mutasaddilari bilan takror suhbatlashgan edik.

Bu masala yuzasidan «Kun.uz» saytida 2019 yil 14 yanvar kuni «Sevinch yoshlari qayg‘u yoshlariga aylanishi. Past Darg‘omda nogironligi bo‘lgan ona yana aldanmoqda» sarlavhali takroriy maqola e'lon qilingandi. 

«Tuman hokimligi mutasaddilari bu muammo yuzasidan hech qanday ish qilishgani yo‘q. Yana aldashda davom etishmoqda. To‘g‘risi, ularga ishonchim qolmagan. Masala yechim topishiga ham ishonmayapman. Faqat va'dalar bilan cheklanishayapti», – degandi Sevara Nurmurodova.

Ushbu holat yuzasidan yana Tolib Hamzayev bilan bog‘langanimizda (Past Darg‘om tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari) bu muammo yaqin kunlarda hal etilishi haqida aytib, yana va'da bergandi.

Afsuski, va'dalar bajarilmadi. Past Darg‘om tumani hokimligi mutasaddilarining yolg‘on va'dalaridan charchagan Sevara Nurmurodova biz bilan bog‘lanib, bu muammo hal bo‘lmayotganini, tuman hokimligi mutasaddilari Prezident farmoni ijrosini ta'minlash uchun ko‘zbo‘yamachilik qilib, undan foydalanishganini, o‘shanda Prezidentdan juda minnatdor bo‘lib, bu mehr va g‘amxo‘rlikdan Allohga behisob shukr aytib, nogironligi bo‘lsa-da, hayotga va yashashga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanganida tuman hokimligi mutasaddilari barchasini chilparchin qilganini ko‘zida yosh bilan aytib berdi.

Uning hasrati bizni bee'tibor qoldirmadi. Ijodiy guruhimiz bilan tumanga yangi hokim etib tayinlangan Shunqor Xudoyberdiyev va hokim o‘rinbosari Tolib Hamzayev bilan uchrashib, muammo yechimi yuzasidan izoh so‘ragandik.

«Sevaraning muammosidan xabarim bor. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan vaqtimda shu muammo bo‘yicha qabulimga kelgandi. Uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayapmiz. Bu muammoni ham tez orada ijobiy hal qilib beramiz», – degandi Sh.Xudoyberdiyev. T.Hamzayev esa doimgidek masalani hal etishga tuman hokimi oldida yana bir bor va'da bergandi.

Va'dalar... Va'dalar. Nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaning muammosi hanuzgacha hal etilmadi va unga Prezident nomidan topshirilgan uy hali ham rasmiylashtirib berilmayapti.

Bu holat yuzasidan yana tuman hokimligi mutasaddilari bilan bog‘landik. Tuman hokimligining qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassisi Qurbon Mirzayev bu borada amaliy ishlar qilinayotganini va masala bir-ikki kun ichida ijobiy hal etilishini bildirdi.

Biz bu safar ham ishondik. Muhimi, aldangan, nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaning muammosi ijobiy hal etilsin.

Aslida boshidan hammasi aldovlarsiz amalga oshirilganda, shuncha muammo yuzaga kelmasdi. Nogironligi bo‘lgan ayol ham shuncha ovora bo‘lmasdi. Uning ko‘zlaridan bir yil avval to‘kilgan sevinch yoshlari bugunga kelib qayg‘u yoshlariga aylanmasdi.

Tuman hokimligi mutasaddilari Prezident farmoni ijrosi yuzasidan ko‘zbo‘yamachilik qilmaganida, ommaviy axborot vositalari uchun «sahna ko‘rinishi» uyushtirishmaganida ikki farzandi bilan yashayotgan nogironligi bo‘lgan ayol shuncha sarson-sargardon bo‘lmas edi. Uning viloyat va tuman mutasaddilariga bo‘lgan ishonchi chilparchin bo‘lmas edi. 

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: