O‘zbekistonda «Suvxizmat» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 16:28 / 23.04.2019 4960

O‘zbekistonda Suv xo‘jaligi vazirligi ta'sischiligida “Suvxizmat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etiladi. Bu haqda “Suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytiladi.

Qayd etilishicha, suv resurslarini boshqarishda eng quyi bo‘g‘inda suv iste'molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatishda, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etishda o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Xususan:

birinchidan, joylarda fermer xo‘jaliklari tomonidan suv resurslaridan oqilona foydalanilmasligi oqibatida bunday “tabiat in'omini” sarflashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmoqda;

ikkinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tasarrufidagi suv xo‘jaligi obektlarining (sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlari) texnik holati, meliorativ texnikalar bilan ta'minlanganlik darajasi qoniqarsiz ahvolda;

uchinchidan, suv iste'molchilari uyushmalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun shartnoma intizomiga rioya qilinmasligi, to‘lovlarni undirilish darajasining pastligi, ishlayotgan xodimlarning malakasini bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligi, oylik ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanmasligi ular faoliyatida kadrlar qo‘nimsizligi va ish sifatining samaradorligiga salbiy ta'sir etmoqda.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ta'sischiligida “Suvxizmat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilishi va ularning namunaviy tuzilmasi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Suv xo‘jaligi vazirligi davlat nomidan to‘liq boshqaruv huquqi bilan “Suvxizmat” MChJlarni faoliyatini amalga oshiruvchi organ etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“Suvxizmat” MChJlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

suv iste'molchilarining suv iste'moli rejalarini umumlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari bo‘yicha suv bilan ta'minlash, suvni oqilona boshqarish, kundalik monitoringi va ularning hisobi hamda hisobotini yuritish;

o‘z hisobidagi sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlarini ta'mirlash-tiklash, ishchi holatda saqlash hamda tuman irrigatsiya bo‘limi bilan ularni belgilangan tartibda rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni tashkil qilish;

suvni boshqarishda bosqichma-bosqich innovatsion uslublarni joriy etish, xizmat ko‘rsatish hududidagi suv iste'molchilariga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish hamda suvni tejaydigan boshqa texnologiyalarni joriy qilishda ko‘maklashish;

sun'iy suv obektlaridagi suv olish joylarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek suvni hisobga olish vositalarini (gidropostlarni) attestatsiyadan o‘tkazish;

viloyat meliorativ ekspeditsiyasi bilan birgalikda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ishlarini tashkil qilish;

suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni belgilangan muddatlarda undirish choralarini ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga:

“Suvxizmat” MChJlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularni malakali kadrlar bilan butlash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

sug‘orish tarmoqlari, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlarni belgilangan tartibda ta'mirlash-tiklash, rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlarini tashkil qilish;

suvni boshqarishda bosqichma-bosqich innovatsion uslublarni shu jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv iste'molchilariga suv yetkazib berish, suv hisobotini yuritish ishlarini tashkillashtirish;

“Suvxizmat” MChJlarni yillik saqlash xarajatlari smetalarini ishlab chiqilishi, mablag‘larni shakllantirish va maqsadli ishlatilishi hamda uning hisobotini yuritilishini ta'minlash yuzasidan javobgarlik yuklanadi.

Qayd etilishicha: 

suv iste'molchilarining suv olish limitlarini belgilash, suv iste'moli rejalarini tasdiqlash suv xo‘jaligi organlari (tuman irrigatsiya bo‘limlari) tomonidan amalga oshiriladi;

tuman (shahar) irrigatsiya bo‘limlari tomonidan suv manbalaridagi suvning prognozlaridan kelib chiqib suv iste'molchilarini oldindan xabardor etgan holda, ularning suv olish rejalari hamda limitlariga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritiladi;

xizmat ko‘rsatish hududidagi suv iste'molchilariga suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish “Suvxizmat” MChJ yoki davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy xizmat ko‘rsatuvchi operatorlar tomonidan amalga oshiriladi;

2019 yil 1 maydan boshlab, suv iste'molchilari har oyning 20-sanasiga qadar o‘tgan oyda ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni to‘liq to‘lashlari shart;

belgilangan muddatda to‘lovlar amalga oshirilmaganda suv yetkazib berish to‘xtatiladi;

suv yetkazib berilishi to‘xtatilgan iste'molchiga qayta suv ta'minoti ular tomonidan eng kam oylik ish haqi miqdoridagi to‘lov “Suvxizmat” MChJlari hisobiga to‘langanidan keyin navbat bilan amalga oshiriladi;

“Suvxizmat” MChJlari suvdan foydalanish va suv iste'moli bo‘yicha amaldagi qoida va tartiblarni buzish holatlarini aniqlaganda, dalolatnoma rasmiylashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining joylardagi bo‘limlariga taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: