Moliya vazirligi: xalqaro obligatsiyalarning jahon kapital bozorlaridagi narxlari barqaror darajada saqlanib turibdi

Iqtisodiyot 12:04 / 23.04.2019 3465

Joriy yilning 13 fevral kuni umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollar miqdoridagi 5 va 10 yil muddatli O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalari (xalqaro obligatsiyalar) jahon moliya bozorlarida joylashtirilgach, 14 fevral kunidan ularning ikkilamchi bozordagi savdosi boshlandi. 

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, o‘tgan 2 oy mobaynida xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi narxlari barqaror darajada saqlanib turdi hamda jahon moliyaviy bozorlaridagi umumiy trendlar doirasida o‘zgarib, global iqtisodiyotda yuz berayotgan jarayonlar, makroiqtisodiy o‘zgarishlar va kutilmalar ta'siri ostida shakllanib bordi:

- 5 yillik xalqaro obligatsiyalar narxlarining o‘z nominal qiymatiga nisbatan tebranishi 99,200-100,950% (daromadliligi mos ravishda 4,532– 4,933%) oralig‘ida, shu jumladan 19 aprel kuni holatiga - 100,333% (daromadligi - 4,670%);

- 10 yillik xalqaro obligatsiyalar narxlarining o‘z nominal qiymatiga nisbatan tebranishi 98,000-100,523% (daromadliligi mos ravishda 5,306 – 5,640%) oralig‘ida, shu jumladan 19 aprel kuni holatiga - 100,160% (daromadligi - 5,353%). 

Ma'lumot uchun: xalqaro obligatsiyalarning narxi obligatsiyalar daromadliligiga teskari proporsional bo‘lib, obligatsiyalar narxi ko‘tarilganida daromadlilik foiz stavkasi pasayadi. 

Xalqaro obligatsiyalar narxining umumiy bozor trendlari doirasidagi tebranish va o‘zgarishlarini inobatga olmaganda, o‘z nominal qiymatiga nisbatan barqaror darajada turishi xalqaro investorlarda mazkur obligatsiyalar bo‘yicha jiddiy risklar yoki salbiy kutilmalar yo‘qligini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasining 5 va 10 yillik xalqaro obligatsiyalari narxlarining ikkilamchi bozordagi dinamikasiga quyidagi asosiy omillarning ta'siri kuzatildi: 

•  AQSh Federal Rezerv Tizimi va Yevropa Ittifoqi Markaziy bankining foiz siyosati yuzasidan kutilmalar va qabul qilingan qarorlar;
•  jahon moliya bozorlaridagi rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishi;
•  Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Brexit), Xitoy va AQSh o‘rtasida savdo munosabatlari bo‘yicha muzokaralar va boshqa global iqtisodiy trendlarga ta'sir etuvchi jarayonlar bilan bog‘liq yangiliklar va boshqalar.

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi narxlarining so‘ngi 2 oy mobaynidagi dinamikasi quyidagilardan dalolat beradi:

•  Xalqaro obligatsiyalar narxlarining barqaror darajada turishi mazkur obligatsiyalarning joriy yilning fevral oyida birlamchi bozorda joylashtirilgan narxlari bozor muvozanatiga mos kelishini ko‘rsatadi. Boshqacha qilib aytganda, mazkur obligatsiyalar birlamchi joylashtirilishida muvozanatli bozor narxidan sezilarli darajada past yoki yuqori baholanmagan. 
•  Xalqaro obligatsiyalar narxlaridagi kichik tebranishlar va ularning jahon kapital bozoridagi umumiy trendlar doirasida bo‘lishi mamlakatimizning jahon moliya tizimiga integratsiyalashayotganini anglatadi. Bu, o‘z o‘rnida, jahon moliya bozorlariga ta'sir etuvchi global iqtisodiyotdagi o‘zgarish va kutilmalarni yaqindan kuzatib borish va tizimli ravishda tahlil etishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, xalqaro obligatsiyalar narxlari xalqaro investorlar uchun respublikadagi makroiqtisodiy holat va kutilmalarning “barometri” sifatida xizmat qilishidan kelib chiqib, obligatsiya narxlari dinamikasi tizimli islohotlar va prudensial makroiqtisodiy siyosat yuritilishi, hamda iqtisodiy ma'lumotlarning ochiqligi va shaffofligining ta'minlanganligi bilan bog‘liq bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: