«Asta-sekin bo‘lyapti-ku?» - Mutasaddi uchun navbatchi ibora yoxud abgor yo‘llarning 0,03 foizi ta'mirlangani haqida

Jamiyat 15:00 / 23.04.2019 23681

Navbatdagi murojaatni o‘rganish uchun yo‘lga chiqdim. Oddiygina arznoma. Biroq, uni bir inson chorasizlikdan, umid bilan yozgani aniq. 

Xizmat yuzasidan vodiyning uch viloyati bo‘ylab murojaatlar, xabarlar va xayriyalar tayyorlaymiz. Turli tumanlar, shahar va qishloqlar. Turfa odamlar. Tashvishlari, muammolari bir-biriga o‘xshash odamlar. Arizalarni o‘rganish bilan doimiy shug‘ullanish davomida tajriba shakllanadi. Kun.uz sayti pochtasiga kelgan murojaatlarning ilk qatorlarini o‘qib, telefon orqali aytilayotgan masalani ikki og‘iz eshitib, mazkur muammolar qanday yuzaga kelgani va uning yechimi qay holatda tugashini 50-60 foiz taxmin qila oladigan bo‘lib boryapmiz.                                                

Murojaatlar... Murojaatlar...

Aholi vakillari zorini tinglab, o‘rgangani borgach, «nahotki, odamlar uzoq yillardan beri shunday muammoga chidab kelgan? Hudud hokimi, mutasaddilar, sektor rahbarlari biror marta mahallaga oyoq bosmasligiga sabab nima?», deya o‘yga tolasiz.

Adirning eng tepasida 20 yildan beri ichimlik suvi nimaligini bilmay yashayotgan aholi, qishloqda zavod ochib, uni ishlata olmayotgan tadbirkor, hududdagi ta'lim muassasasining ayanchli holati, yomg‘ir yog‘sa yo‘li botqoq bo‘lib ketganidan o‘zi ishga bir amallab chiqsa-da, farzandlarini maktabga yubora olmayotgan mahalla ahli. Simyog‘ochlari eskirib yonboshlagan, transformatori yengil shamol bo‘lsa ham «lip» etib o‘chadigan ko‘cha, tabiiy gaz isini unutib, suyultirilgan gaz balloniga navbatda turgan yoki ballonga gaz to‘ldirib tashlab ketishlarini ikki oydan beri kutayotgan 80 yoshli onaxon... Uyi abgor, 4 farzandining boquvchisi yo‘q xokisor yolg‘iz ayol. Bog‘i buzilayotgan, chorvasi uchun maydoni yo‘q fermer, og‘ir kasal bo‘lib muhtojga aylangan o‘qituvchi. Eh-he, yana qanchadan-qancha muammolar...

Muammolar aslida doim mavjud. Ish bor joyda albatta kamchiliklar ham bo‘lishi tabiiy. Faqat ularni bartaraf etishi kerak bo‘lgan mutasaddilarning munosabati, e'tibori ham boshqacha bo‘lishi kerak-da?

Ba'zi rahbarlarning «mazmundor» iborasi

Ma'lum bir muammoni joyiga borib o‘rgangach, o‘sha hudud mas'ulidan izoh so‘rashga urinasiz. O‘z ishini yaxshi bilgan rahbar siz bilan uchrashishdan qochmaydi. Ayrimlari esa o‘z o‘rinbosarini ro‘baro‘ qilib, parda ortiga o‘tishi ham bor.

O‘rinbosar ikki o‘t orasida sizga doimgidek «mazkur mahalla yoki ko‘cha dasturga tushganini, tez kunlarda barcha muammolar hal qilinishi»ni aytadi. Uning gaplari ishonarli chiqmaydi, chunki u aksar hollarda vaziyatdan qutulish uchun so‘zlaydi.

Maqola chiqadi, ozmi-ko‘pmi reaksiya bo‘ladi. Aksariyat muammolar hal qilinadi yoki «yaqin kelajakdagi dastur va rejalarga kiritiladi». O‘sha muammo o‘z yechimini topgani haqida ma'lumotnomalar olamiz. Ba'zida raddiyalar ham keladi.

Arizachilar MTMdagi ayanchli holatlar, botqoqqa aylangan ko‘cha, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va shu kabi boshqa zaruriy ehtiyojlar ta'minotidagi muammolar bo‘yicha avvaliga tuman hokimligi, boshqa tashkilotlar, viloyat mutasaddilariga chiqqanini bir dasta hujjatlar bilan ko‘rsatishadi. Hujjatlar qanchadan-qancha ovoragarchiliklarning ifodasidek, go‘yo.

Arznomani joyida ko‘rgach, tuman yoki shahar mutasaddisini topib (buning o‘zi bir mashaqqat) suhbatlashganimizda, u o‘sha «sehrli» iborani aytadi: «Biz ham tek turganimiz yo‘q. Ishlayapmiz. Sekin-sekin bo‘lyapti-ku?». Mana shu, «Asta-sekin hammasi amalga oshyapti. Qolgani ham bo‘ladi», degan jumlalarni mutasaddilardan eshitaverib, quloq bezib ketgan.

Mas'uliyatsiz rahbarning maqola chiqqanidan keyin aytadigan gapi ham aniq — «Butun O‘zbekistonga sharmanda qilish shart emas edi. O‘zimiz masalaning oxiriga yetardik».

Shunday rahbarlarga shunday «asta-sekinlar»ni deb dunyodagi boshqa mamlakatlardan ortda qolib ketganimizni baralla aytadigan vaqt allaqachon kelib bo‘lgan.

Mulohazalilikni, og‘ir-vazmin bo‘lishni yoqtiradigan xalqmiz. Bu juda yaxshi xislat. Biroq bugun butun dunyo shiddat bilan rivojlanmoqda. Bizda esa ba'zi sohalar joyida depsinib turishda davom etmoqda.

Tezkorlik zarurati

«Osiyo yo‘lbarslari»dan biri bo‘lgan Singapur davlati qanday iqtisodiy yuksalgani haqida ko‘p o‘qiganmiz. Ular ham investitsiyaga katta e'tibor berib yuksalishda «portlash» qila olishdi. Taniqli jurnalistlarimizdan biri Xitoy safaridan so‘ng shunday degandi: «Ilgari Toshkentda yurganimda Xitoyning 1,5 milliard aholisi – uning muammosi, deb xom o‘ylagan ekanman. Aslida, bu uning boyligi, katta yutug‘i ekan».

Bizda ham qanchadan-qancha ishchi kuchi bor-ku? Tuman markazlariga, qishloqlarga uzluksiz energiya resurslarini olib borish, yo‘llarni ta'mirlash masalasini ham zudlik bilan hal qilish kerak, axir? Chekka hududlarda sanoatni elektrsiz, gazsiz, yo‘lsiz rivojlantirib bo‘lmaydi-ku?

Chekka qishloqda sanoat obektini ochib, dam-badam tok o‘chishi tufayli uni yurgiza olmayotgan tadbirkor haqida tanqidiy maqola yozganimizdan so‘ng, tuman hokimi ochiqchasiga xafa bo‘ldi. O‘sha yerdagi kamchilikni ko‘tarib chiqib, tuman obro‘siga putur yetkazibmiz. Mutasaddi telefonda yozg‘iradi: «Aka, hokimiyatga kelib bir og‘iz aytganingizda chorasini ko‘rardik. Mana, hammasi bo‘lyapti-ku?». Yana o‘sha tanish ibora. Ana sizga mulohaza uchun mavzu...

Axir tumandagi aholining ishsiz qolishi, tadbirkorning ishi yurmasligini qachongacha oriyat qilib yashirib yurish kerak? Ba'zida, «qadriyatlarimizga ham o‘zgartirish kiritish» kerak emasmi?

Qishloq xo‘jaligida ham bor islohotlarni tezroq amalga oshirish kerak.

To‘g‘ri, hamma ishda ham jadallik qilib bo‘lmaydi. Tabiat va Yaratgan qonunlari bilan ona qornidagi chaqaloq 9 oyda, hayvonot va nabotot vakillari ham ma'lum bir muddatda o‘sib ulg‘ayadi. Lekin sanoatda, iqtisodiyotda, ta'limda, tibbiyotda mavjud vaziyatdan tezkorlik bilan chiqib ketish kerak.

Viloyat mutasaddisi yo‘llar ahvoli haqidagi savolimga javoban shunday degandi: «Yil davomida ta'mirtalab ichki yo‘llarning 0,03 foizi (!) qilindi. Bitum yo‘q!». Bu turishda qachon tong otadi? Uning gapidan xulosa qiladigan bo‘lsak, yo‘llarimiz 40-50 yildan so‘ng epaqaga keladi-ku?

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi ham qisqa muddatlarda taraqqiy etishga qaratilganini mahalliy rahbarlar tushunib, tafakkur etsalar bo‘lar edi. Afsuski, ularning ko‘pi bugungi sur'at bilan hamqadam ish olib bora olmayotganday. Davlatimiz rahbarining «Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak», degan so‘zlarining real hayotdagi amaliy ifodasini, so‘z bilan ish birligini tatbiq etish joylardagi mutasaddilarga bog‘liq.

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: