Navoiy viloyatida davlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘i kengaytiriladi 

O‘zbekiston 10:45 / 19.04.2019 5283

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyatida davlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat Navoiy viloyatida maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish, maktabgacha ta'limga qamrab olishni kengaytirish orqali bolalarning maktab ta'limiga sifatli tayyorlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilish Bayonining 92-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy viloyatidagi Qiziltepa agroservis va transport kolleji, Nurota maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji, Nurota qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji hamda Xatirchi xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejlari yotoqxonalari negizida davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi nazarda tutilgan.

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi Qiziltepa agroservis va transport kolleji, Nurota maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji, Nurota qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji hamda Xatirchi xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejlari yotoqxonalarining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Maktabgacha ta'lim vazirligi balansiga o‘tkazadi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan hamkorlikda mukammal ta'mirlash va rekonstruksiya qilish orqali Qiziltepa agroservis va transport kolleji yotoqxonasi negizida 125 o‘rinli, Nurota maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji yotoqxonasi negizida 75 o‘rinli, Nurota qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji yotoqxonasi negizida 125 o‘rinli hamda Xatirchi xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji yotoqxonasi negizida 75 o‘rinli davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish ishlarining 2020 yil investitsiya dasturlariga kiritilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: