Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston 11:33 / 19.04.2019 5756

Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat teatrlari toifalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining bilet narxlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Davlat teatrlarida sahnalashtiriladigan sahna asarlarini yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

milliy istiqlol g‘oyalariga hamohang, badiiy jihatdan yuksak, xalqchil sahna asarlarini sahnalashtirish, tomosha va konsert dasturlarini yaratish;

xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib sahna asarlari, tomoshalar va konsert dasturlari bilan hissa qo‘shib borish;

aholining turmush madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an'analar, milliy bayramlarni tiklash hamda davom ettirishda ko‘maklashish;

teatr va tomosha san'atini keng targ‘ib etish maqsadida mamlakatimiz va xorijiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish;

teatr va tomosha san'ati oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali tashkil etish uchun xodimlarning malakasini oshirish choralarini ko‘rish, ularni ma'naviy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskorlikni rag‘batlantirishning samarali usullarini joriy etish;

ko‘rgazmalar, festival, ko‘rik-tanlov, ma'ruzalar, madaniyat, san'at, ilm-fanning atoqli arboblari bilan uchrashuvlar, benefis, teatr spektakllari, maxsus tayyorlangan dasturlar, dam olish va ijodiy kechalar, maqsadli teatrlashtirilgan marosim kechalari va boshqa tomosha tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazish;

mamlakatda va xorijda teatr va konsert-tomosha gastrol faoliyatining keng ko‘lamli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;

mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Bunda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalariga budjet mablag‘lari o‘z daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun ajratib beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: