Toshkentda Koreya korxonasi bilan nodavlat bog‘chalar tashkil etiladi 

O‘zbekiston 12:05 / 18.04.2019 6657

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Koreya Respublikasining “Chung construction design group” korxonasi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Toshkent shahar hokimligining Koreya Respublikasining «Chung Construction Design Group» korxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida beshta bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklanishi orqali maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Toshkent shahar hokimligiga xususiy sherikka davlat-xususiy sherikchilik asosida xorijiy investitsiyalarni kiritish orqali Toshkent shahrida har birining quvvati 200 o‘rindan bo‘lgan, bir xil shart-sharoitlar va texnik ko‘rsatkichlarga ega 5 ta maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratib beriladi.

Xususiy sherikning davlat-xususiy sherikchilik shartlarini ta'minlash maqsadida tashkil etiladigan 5 ta maktabgacha ta'lim muassasasining 1 tasini davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga aylantirish hamda 4 tasini xususiy sherik tomonidan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi sifatida foydalanish uchun xususiy mulk sifatida berish taklifi ma'qullanadi.

Tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari uchun:

tarbiyalanuvchilarning bir qismini ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini o‘qitish, ular uchun ota-onalar to‘lovining imtiyozli hajmlarini o‘rnatish majburiyati;

davlat maktabgacha ta'lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan summaning 50 foiziga qadar miqdorda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish tartibi tatbiq qilinmasligi inobatga olinadi.

Belgilanishicha, xususiy sherikka davlat budjetidan subsidiyalar ajratilmaydi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi Toshkent shahar hokimligi tomonidan xususiy sherikka ko‘rsatilgan yer maydonlarini ajratgan kunidan boshlab bir oy muddatda xususiy sherik bilan zamonaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha istisno tariqasida davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida bitim tuzilishini ta'minlaydi. Bitimda xususiy sherikka jumladan quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklanishi nazarda tutiladi:

Toshkent shahrida ajratilayotgan yer maydonlarida 5 ta maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish va jihozlash uchun kamida 10 mln. AQSh dollari miqdorda xorijiy investitsiya kiritish;

maktabgacha ta'lim muassasalarini qurilish-ta'mirlash ishlarini 2019 yil 31 dekabrga qadar yakunlash;

tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalarida jami 150 tadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlarini yaratish;

xususiy sherik ixtiyorida qoldirilgan 4 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘yicha davlat sherigining majburiyatlarini to‘liq zimmasiga olish hamda faoliyat turini 30 yil davomida o‘zgartirmaslik;

davlat sherigi tasarrufiga o‘tkazilgan maktabgacha ta'lim muassasasining saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida 30 yil davomida har oyda ekvivalenti 4000 AQSh.dollari miqdoridagi mablag‘larni maktabgacha ta'lim muassasasi hisobraqamiga o‘tkazib borish;

tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya jarayonini ilg‘or innovatsion va pedagogik texnologiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta'limga qo‘yilgan davlat talablari asosida tashkil etish.

Xususiy sherik davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan muddatlarda o‘z majburiyatlarini to‘liq yoki qisman bajarmagan taqdirda investitsiya obekti Toshkent shahar hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: