Kattaqo‘rg‘onda tuman hokimi o‘rinbosari javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan nizo davom etadi. Tadbirkor haqmi?

Jamiyat 17:14 / 18.04.2019 19726

So‘nggi vaqtlarda mahalliy hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasida turli nizo va tushunmovchiliklar yuzasidan tahririyatga murojaatlar ko‘paymoqda. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlar jarayonida tadbirkor mahalliy hokimlik mutasaddilarini ayblasa, hokimlik tadbirkorning o‘zini aybdor qiladi.

Kun.uz saytiga navbatdagi shunday mazmundagi murojaat Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Elyor Qodirovdan keldi.

«Men 2018 yil aprel oyida tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tuman hokimiyati yonida joylashgan istirohat bog‘idan muzqaymoq va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan pavilon qurish uchun yer maydoni ajratishini so‘rab tuman hokimiga murojaat qilganman. Murojaatim natijasiz qolgani sababli tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Sanaqulovga uchrashganimda, u men so‘ragan joydan yer ajratib berish uchun 100 million so‘m pul talab qildi. Shundan so‘ng men Samarqand viloyati hokimiga shaxsan uchrashib, masala va muammolarni tushuntirganimdan keyin u kishining yordami bilan tuman hokimligi yuqorida aytilgan manzilda yer ajratib berishdi. Men tuman hokimligi tomonidan talab qilingan hujjatlarni tayyorlaganimdan so‘ng ularning ruxsati bilan qarorda ko‘rsatilgan maydonda qurilish ishlarini boshladim. Qurilish jarayonida tuman hokimi shaxsan o‘zi kelib, qurilish ishlariga baho berib, qo‘shimcha yer maydoniga yo‘lak qilishimni, temir chambaraklar o‘rnatib, gulxona qilishimni va manzarali daraxtlar ekishimni, kelin-kuyovlar uchun alohida qo‘shimcha joy qurishimni tayinlab, topshiriq berdi. Tuman hokimi bu topshiriq ijrosi yuzasidan telefon qilib, eslatib ham turdi. Men tuman hokimi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarib, zamonaviy pavilonni qurib bitkazdim. Ammo bugungi kunda tuman hokimiyati mutasaddilari kelib, «qarorda ko‘rsatilgan muddatda shartnoma tuzmagansan, sen qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha yer maydoniga qurilish qilgansan», degan vaj bilan qarorni bekor qilishlarini, men qurgan pavilonni buzishi yoki kimoshdi savdosiga qo‘yib, sotib yuborishlarini aytib, menga bosim o‘tkazishayapti. Mening aybim tuman hokimi o‘rinbosariga 100 million so‘m bermaganimmi?», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, tadbirkor bilan suhbatlashdik. Elyor Qodirov yuqorida yozilgan e'tirozlarini aytar ekan, qarorda ko‘rsatilgan muddatda shartnoma tuzganini va o‘zboshimchalik emas, balki tuman hokimi topshirig‘i asosida qo‘shimcha yer maydoniga qurilish qilganini ta'kidladi.

O‘rganishimiz davomida masalaga tegishli hujjatlar bilan ham tanishdik. Ma'lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining 2018 yil 20 avgustdagi «Fuqaro Qodirov Elyor Mamatqul o‘g‘liga pavilon sifatida foydalanib, aholiga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun vaqtincha foydalanishga 0,02 ga yer maydonini ijaraga berish to‘g‘risida»gi 1520-q-sonli qarori bilan tadbirkorga ijara asosida yer ajratib berilgan.

Tadbirkor shu qaror asosida zamonaviy pavilonni qurib bitkazgan va uning ta'kidlashicha, tuman hokimining topshirig‘iga ko‘ra, qo‘shimcha qurilishni ham amalga oshirgan. Endi aynan shuning uchun muammoga duch kelmoqda.

Vaziyatga oydinlik kiritish va tadbirkorning e'tirozlari yuzasidan izoh olish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi A'zamxon Bahromov bilan uchrashdik.

«Biz dastlab, bu tadbirkorni to‘liq qo‘llab-quvvatlaganmiz. Ammo u istirohat bog‘ida spirtli ichimlik hisoblangan pivo sotgani guvohi bo‘ldim. Bir necha marta ogohlantirdim. Qolaversa, o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha qurilishlarni qilib oldi. Albatta, bu bo‘yicha o‘z e'tirozlarimizni aytdik. Ammo shundan keyin uning bizga nisbatan shikoyatlari ko‘paydi. Viloyat rahbarining sayyor qabulida menga ko‘p tuhmat gaplarni aytdi. Hozir ham turli tashkilotlarga shikoyat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan masalalarda bizga ochiqchasiga tuhmat qilmoqda. Yer ajratib berilgandan keyin qarorda ko‘rsatilan muddatda ijara shartnomasi ham tuzmagan. Biz bu masalaning barcha qonuniy choralarini ko‘ramiz. Sud orqali hal qilamiz», – deydi tuman rahbari.

Shundan keyin tabdirkorning murojaatlari qayd etilgan shikoyatlarga oydinlik kiritdik.

Xo‘sh, haqiqatan ham tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Sanaqulov yer ajratish uchun tadbirkor aytganidek, undan 100 million so‘m talab qilganmi?

Tuman hokimi A.Bahromovning ta'kidlashicha, uning o‘rinbosari bu mablag‘ni obodonlashtirish maqsadlari uchun so‘ragan. Ma'lum bo‘lishicha, bu holat yuzasidan sud qarori ham chiqqan.

Tuman hokimligi yuristi K.Ahmedov bizga sud hujjatlarini taqdim etdi. 2018 yil 5 sentyabrda Kattaqo‘rg‘on ma'muriy sudining ochiq majlisida muhokama etilgan ma'muriy ish yuzasidan sud qarorida qayd etilishicha, N.Sanaqulov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 241-4-moddasi (Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bog‘liq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish) bilan aybli deb topilgan. Sud qarori bilan unga jarima jazosi tayinlangan. Sud tadbirkordan mablag‘ talab qilingani holatini haqiqatan ham obodonlashtirishga homiylik qilish uchun so‘ralgan deb topgan.

Tadbirkor shikoyatida tuman hokimligi mutasaddilari «qarorda ko‘rsatilgan muddatda shartnoma tuzmagansan, sen qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha yer maydoniga qurilish qilgansan», degan vaj bilan qarorni bekor qilishlarini, men qurgan pavilonni buzishi yoki kimoshdi savdosiga qo‘yib, sotib yuborishlarini aytib, menga bosim o‘tkazishyapti», deya yozib o‘tgan. Tuman hokimi bilan suhbatimizda ham shu haqda eslatildi.

Haqiqatan ham tadbirkor tuman hokimi qarorida belgilanganidan tashqari qo‘shimcha yer maydonida qurilish qilganmi?

Aynan shu masalalar tadbirkorning Samarqand viloyati hokimiga murojaatidan so‘ng viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari H.Xo‘jamqulov va boshqa mutasaddilar ishtirokida o‘rganib chiqilgan. Bu haqda tuzilgan dalolatnoma mazmuni bilan tanishdik. Tadbirkor imzo qo‘ymagan dalolatnomada «tuman hokimi qarorining 3-bandiga asosan bir oy muddatda ijara shartnomasi tuzilmagani, tadbirkor tomonidan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan 1 sotix yer maydoni egallanib, tegishli tartibda ruxsat olmasdan qo‘shimcha qurilish ishlari olib borgani sababli shartnomani bekor qilish to‘g‘ri taklif» ekani yozilgan.

Qarorning 3-bandida yer 10 yilga ijaraga berilgani va 1 oyda ijara shartnomasi tuzilmasa, mazkur qaror o‘z kuchini yo‘qotishi qayd etilgan.

Aslida ijara shartnomasi haqiqatan tuzilmaganmi? O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishcha, tuman hokimligi va tadbirkor o‘rtasida ijara shartnomasi 2018 yil 5 sentyabrda tuzilgan. Ijara shartnomasida tadbirkor va tuman hokimi A'zamxon Baxromovning imzosi turibdi. Tuman hokimi qarori esa 2018 yil 20 avgustda qabul qilingan. Demak, qarorning 3-bandi bu holatda tadbirkor tomonidan buzilmagan. Mazkur ijara shartnomasi 2018 yil 5 sentyabrda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limidan 1135-son tartib raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ijara shartnomasi suratlarida bunga guvoh bo‘lish mumkin.

Tadbirkor qarorda belgilanganidan tashqari 1 sotix joyga qurilgan noqonuniy qurilishni tuman hokimining topshirig‘i bilan amalga oshirganini, o‘zboshimchalik bilan egallangan, deyilayotgan joyga pavilon uchun faqat kirish yo‘lagi qurgani, qolgan joyini obodonlashtirib qo‘yganini aytmoqda.

Bu nizoda kim haq? Biz bu yerda qaysidir tomonning yonini olish fikridan yiroqmiz. Shikoyat asosida tuman hokimligi va tadbirkor o‘rtasidagi nizoni xolis o‘rgandik.

Kun.uz viloyatdagi mas'ul mutasaddilar ushbu nizoni tez orada hal etishiga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: