Xalqaro shaxmat akademiyasida Yan Nepomnyashiy va Boris Gelfandga o‘zbekcha chopon kiydirildi

Sport 11:45 / 17.04.2019 3172

16 aprel kuni Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida taniqli grossmeyster Yan Nepomnyashiy va O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Nodirbek Yoqubboyev o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va «Central Chess Club» ko‘magi bilan rapid yo‘nalishida o‘tkazilgan bahs 4 partiya natijasiga ko‘ra, 3.5 – 0.5 hisobida Nepomnyashiy foydasiga hal bo‘ldi.

Foto: Xalqaro shaxmat akademiyasi

Kechagi tadbir doirasida, shuningdek, Shri-Lankada o‘tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashib qaytgan o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilarni taqdirlash marosimi ham tashkil etildi. Musobaqada O‘zbekiston vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallashgan edi.

Foto: Xalqaro shaxmat akademiyasi

Bugun, 17 aprel kuni O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro grossmeyster, jahon kubogi sohibi Boris Gelfand boshchiligidagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini yakunlaydi. 12 apreldan buyon davom etayotgan treninglar doirasida 15 aprel kuni Yan Nepomnyashiy ishtirokida master-klass ham tashkil qilingandi.

Foto: Xalqaro shaxmat akademiyasi
Foto: Xalqaro shaxmat akademiyasi
Foto: Xalqaro shaxmat akademiyasi

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda ilk marta bo‘lib turgan Yan Nepomnyashiy hozirda FIDE reytingida 7-o‘rinni egallab turibdi. Rossiyalik ushbu grossmeyster 2017 yil Londonda o‘tgan super turnirda faoliyatining cho‘qqisiga chiqqan: o‘shanda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni ham mag‘lub etgan Nepomnyashiy 8-turdan keyin peshqadam bo‘lib turgani holda oxirgi turda Fabiano Karuanaga yutqazib qo‘yib, ikkinchi o‘rinni olgandi.

Ko‘proq yangiliklar: