2019 yilning 1-11 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga «Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi»ni ishlab chiqish doirasida Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasining texnik ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma missiyasi tashrif buyurdi.
Missiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga o‘rta muddatda bozor munosabatlariga asoslangan moliyalashtirishga o‘tish, «Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi»ni ishlab chiqishga ko‘maklashish orqali uning tahliliy imkoniyatlarini oshirish hamda mahalliy qarz bozorini rivojlantirish bo‘yicha ko‘maklashishdir.
«Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi» hukumatning xarajat va xatar o‘rtasidagi tanloviga asoslanib, davlat qarzi portfelining o‘rta muddat uchun shakllantirilishini nazarda tutadi.
Texnik ko‘mak doirasida missiya a'zolarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati, vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda tijorat banklari (Milliy bank, O‘zsanoatqurilish banki va Ipoteka bank) vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida missiya a'zolari, Moliya vazirligining «Davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi» boshqarmasi va «Xalqaro moliyaviy munosabatlar» bosh boshqarmalari mutaxassislari bilan birgalikda, zarur makroiqtisodiy, fiskal va davlat qarziga oid ma'lumotlarni shakllantirdilar.
Shu bilan birga, missiya vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining «Davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi» boshqarmasi xodimlari uchun «Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi»ni ishlab chiqish bo‘yicha seminar treninglar o‘tkazildi.
Trening yakuni bo‘yicha, tahlillar va turli hil makroiqtisodiy ssenariylardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi uchun o‘rta muddatda davlat qarzini boshqarishning to‘rt hil strategiyalarining birlamchi loyihalari ishlab chiqildi.
Kelgusida, mazkur birlamchi loyihalar asosida Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi uchun Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan, deyiladi vazirlik xabarida.