O‘zbekistonga sarmoya yotqizishni istagan xorijiy investorlar skretch-moliyaviy modelidan foydalangan holda kutilayotgan tahdidlarni hisob-kitob qiladi. Bunda kelajakdagi foydani chegirma (diskont) foizi bilan taqqoslaydi. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov 17 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy maydonga ilk qadami» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
«Mana shu chegirma foizi ahamiyat juda katta, negaki foiz qanchalik katta bo‘lsa, kelajakdagi foydaning hozirgi qiymati shunchalik kichkina bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, chegirma foizi davlatning 10 yillik obligatsiyalari narxini shakllantirishda ham ta'sir qiladi. Shu paytgacha, u 10 foizdan yuqori bo‘lgan valuta riski, yana boshqa risklar uchun 1 foizdan, xususan bozordagi yangi davlatning ishtiroki uchun va boshqa omillarga ko‘ra foiz qo‘shib borilgan», — deydi Isoqov.
2019 yil fevral oyida O‘zbekistonning 1 milliard dollarga teng 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozoriga joylashtirilgandi.
O‘zbekiston hukumati, avval, obligatsiyalar daromadliligini 5,3-6 foiz miqdorda belgiladi. Shunga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqish va moliya bozorida talab yuqori bo‘lgani tufayli foiz stavkalari qayta ko‘rib chiqildi va 4,75-5,3 foiz etib belgilandi.
Odilbek Isoqovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston tashqi davlat qarzi mamlakat YaIM 20 foiziga teng. Shu tufayli investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun qarz olish yoxud bond chiqarish uchun himoya buferi mavjud.
«Moliyaviy bozor ishtirokchisi sifatida har xil tebranishlar, o‘zgarishlarga e'tiborli bo‘lishimiz lozim. Shuning uchun asosiy savol — pulni qayerga yo‘naltiramiz, uni qanday sarflaymiz? Sir emas, ko‘p kreditlar korxonalarimizni zamonaviylashtirish uchun yo‘naltirilgandi. Ammo obligatsiyalardan tushgan pullar tijorat banklarga depozit sifatida ajratiladi. Shuningdek, ssudalar berilishi nazarda tutilgan», — deydi Isoqov.
O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq, mablag‘lar tegishli foizlar bilan qaytarish shartlarida auksion orqali tijorat banklarining depozitlariga (889,2 million dollar) joylashtiriladi. Bundan tashqari, 20 million dollar Agrobank ATBga qarz sifatida, 89,9 million dollar Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasiga ssuda sifatida beriladi.