Talaba: Attestatsiyadan o‘tish uchun test javoblari tarqatilmoqda

Jamiyat 22:58 / 16.04.2019 37425

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Jizzax politexnika instituti talabasining aytishicha, institut rahbariyati talabalarning fan dasturlarini o‘zlashtirish darajasini aniqlash attestatsiyasida tushishi mumkin bo‘lgan savol-javoblarni talabalarga tarqatmoqda. Ushbu savol-javoblar nusxasi tahririyatda ham mavjud.

Talabaning ta'kidlashicha, institutning Sanoat texnologiyalar fakulteti Kimyoviy texnologiya ta'lim yo‘nalishida ta'lim berayotgan pedagoglar shunday qilib bo‘lajak attestatsiya natijalarini soxtalashtirishga urinmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori talabiga ko‘ra, oliy ta'lim muassasasida mavjud yo‘nalishlar va mutaxassisliklarning umumiy soniga nisbatan 75 va undan ko‘p foizi «Attestatsiyadan o‘tdi» deb xulosa qilinsa, ta'lim muassasasi «Attestatsiyadan o‘tdi», 67 foizdan 75 foizgacha — «Attestatsiyadan shartli o‘tdi», 67 va undan kam foizida «Attestatsiyadan o‘tmadi» deb e'tirof etiladi.

Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 2018 yil mart oyida OTMda o‘tgan attestatsiyadan so‘ng, institutning Sanoat texnologiyalar fakulteti Kimyoviy texnologiya ta'lim yo‘nalishi «Attestatsiyadan shartli o‘tdi», deya e'tirof etilgan. 

«Shartli attestatsiyadan o‘tgan yo‘nalishlar bir yildan so‘ng yana attestatsiyadan o‘tishi nizomda belgilangan. Attestatsiyada asosiy ko‘rsatkich talabalarning qoldiq bilimi, talabalarga o‘tgan fanlaridan test savollari fan o‘qituvchilari tomonidan berilgan, ular o‘shanga tayyorgarlik ko‘rishmoqda», — deya vaziyatga munosabat bildirdi rektor.

Kun.uz talabalar tasarrufida bo‘lgan, o‘qituvchilar tomonidan tarqatilgan test va javoblarga ega, ammo ularning aynan attestatsiya savollari ekanligini aniqlash imkoniyati yo‘q. Shunga qaramay, JizPIda kutilayotgan attestatsiya o‘rnatilgan tartibda shaffof o‘tkazilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: