102 daqiqalik o‘yinni yutolmagan «Paxtakor», maktab bolasining goli evaziga yutgan «Bunyodkor», bittagina gol urgan Polvonov – Superligada 4-tur yakunlari

Sport 22:20 / 15.04.2019 23531

Superligada 4-tur o‘yinlari yakunlandi. Bu turda chempionat yetakchisi «Paxtakor» Termizda «Surxon» mehmoni bo‘ldi va mavsumdagi ilk ochkochisini yo‘qotdi. Amaldagi chempion «Lokomotiv» esa o‘z maydonida OKMKdan ustun keldi. Quyida 4-turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Qizilqum» ilk mag‘lubiyatini Bekobodda qabul qildi. Zohid Abdullayev «Krasnitskiy klubi»ga a'zo bo‘ldi

4-turning ilk o‘yini Bekobodda o‘tkazildi. «Metallurg» o‘z maydonida «Qizilqum»ni qabul qildi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bu Hamidjon Aktamov shogirdlarining mavsumdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. Bungacha navoiyliklar 1 ta g‘alaba 2 ta durang natija qayd etishgandi. «Metallurg» esa Samarqanddagi alamli mag‘lubiyatdan jahli chiqqan ko‘rinadi «Qizilqum»ni ayab o‘tirmadi.

Bekobodliklar safida Stanislav Andreyev va Bahrom Ablurahimovlar bittadan, Zohid Abdullayev ikkita gol urdi. Abdullayevning bu ikkita golini bekobodliklar anchadan buyon kutishayotgandi. Chunki Zohidning O‘zbekiston Chempionati va Kubogi bahslarida urgan gollari 98 taga yetgandi.

«Qizilqum» bilan o‘yinda Zohid Abdullayev chempionat va kubok o‘yinlarida urgan gollari sonini 100 taga yetkazib oldi va Gennadiy Krasnitskiy nomidagi to‘purarlar klubiga a'zo bo‘ldi. Hujumchi gollarining 68 tasini chempionat bahslarida urgan. Zohid «Krasnitskiy klubi»ga a'zo bo‘lgan 31-futbolchiga aylandi. «Metallurg» safida to‘p tepgan futbolchilar orasida esa beshinchi bo‘lib bu klubga qo‘shildi. Oldinroq «Metallurg» safida o‘ynagan futbolchilardan Shuhrat Mirxoldirshoyev, Farid Habibulin, Muxtor Qurbonov va Server Jeparovlar «Krasnitskiy klubi»ga a'zo bo‘lishgandi.

«Nasaf» o‘z maydonida yengildi

Turning kutilmagan natijalaridan biri Qarshida o‘tkazildi. «Nasaf» o‘z maydonida «Navbahor»ni qabul qilib, 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Qarshiliklar bu o‘yinda favorit deb qaralayotgandi, chunki «Nasaf» o‘tgan turda «Paxtakor» bilan tengma-teng o‘ynab, yaxshi jamoaga aylanganini isbotlagandi.

«Navbahor» esa aksincha, birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmay muxlislarini xavotirga solayotgandi. Kanchelskis jamoasi ilk g‘alabasini aynan Qarshida qo‘lga kiritishi kutilmagan holat bo‘ldi. Bu esa namanganliklar ham o‘z formasiga kirib borayotganidan nishona.

Fyodorov Qosimovni yengganini Abramov stadiondan tomosha qildi. Zafar Polvonov bu gal bittagina gol urdi

Mavsumni «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lib boshlagan «Lokomotiv» ketma-ket uchinchi o‘yinda g‘olib bo‘ldi. Oldingi o‘yinlarda vodiy jamoalari «Navbahor» va «Andijon»ni mag‘lub etgan «Temiryo‘lchilar» 4-turda OKMKni qiyinchilik bilan yengishdi. Chunki olmaliqliklar safida oxirgi 14 yilda O‘zbekiston chempionatida bir o‘yinla 5 ta gol urgan ilk futbolchi o‘ynayotgandi. Jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ekani ham ko‘p narsani anglatardi.

Biroq Qosimov jamoasining «Lokomotiv»ga kuchi yetmadi. Zafar Polvonov 3-daqiqadayoq gol urib, hisobni ochgandi, lekin birinchi bo‘lim yakunida «Lokomotiv» ikkita gol urib, g‘alabani ilib ketdi. Qosimov o‘yindan keyin futbolchilariga ikkinchi raqamda o‘ynashni ko‘rsatma berganini aytdi va bu ko‘rsatma birinchi bo‘limdan so‘ng foyda bermaganini ham tan oldi.

«Dinamo» «Davron Fayziyev derbisida» g‘olib bo‘ldi va 5-o‘ringa ko‘tarildi. Qadamboyning qadami qutlug‘ keldi

Samarqandning «Dinamo» jamoasi o‘tgan turda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgandi. 4-turda ham samarqandliklar g‘alaba qozonishdi. Bu gal Davron Fayziyev shogirdlari Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubini qabul qilib, Qadamboy Nurmetovning yagona goli evaziga g‘olib bo‘lishdi. Fayziyev uzoq yillar «So‘g‘diyona»da ishlagandi va shu sabab «Dinamo» - «So‘g‘diyona» o‘yiniga «Davron Fayziyev derbisi» deb nom berishimiz mumkin.

O‘yindagi yagona golga mualliflik qilgan Qadamboy Nurmetov o‘tgan mavsumlar Pro-ligada «Orol»da o‘ynab tanilgandi. Xorazmlik futbolchi yuqori Superligada o‘zining debyut golini urdi va jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi.

«Dinamo» bu g‘alabadan so‘ng ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi va 5-o‘ringa ko‘tarildi. Keyingi ikki turdan buyon g‘alaba qozonayotgan samarqandliklar Toshkentda «Paxtakor» mehmoni bo‘lishadi.

Ilk iste'fo

Samarqanddagi o‘yindan so‘ng «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Sergey Lushchan iste'foga chiqishini aytdi. Jizzaxliklar mavsumni «Bunyodkor»ga qarshi g‘alaba bilan boshlagan bo‘lishsa-da, keyinchalik «Nasaf», «Surxon» va «Dinamo»ga mag‘lub bo‘lishdi.

Lushchan o‘tgan mavsumdan buyon «So‘g‘diyona»da ishlab kelayotgan va jamoa uning qo‘l ostida oxirgi pog‘onalardan chiqa olmayotgandi. Uning o‘rnini o‘tgan mavsum «Buxoro»da ishlagan Ulug‘bek Baqoyev egallashi kutilmoqda.

Hafta o‘yini. «Paxtakor» 102 daqiqa gol ura olmadi

Turning markaziy bahsi Termizda o‘tkazildi. 15 yildan so‘ng yuqori divizionga qaytishi bilan yetakchilar qatorida borayotgan «Surxon» chempionat yetakchisiga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va «Paxtakor» mavsumda ilk marta ochko yo‘qotdi. O‘yinda to‘xtalishlar juda ko‘p bo‘ldi va buni bahs qancha davom etganidan bilish mumkin. Hakam birinchi bo‘limga 3 daqiqa qo‘shib berdi. Ikkinchi bo‘lim esa 99-daqiqa o‘tib borayotgandagina tugadi. O‘yin umumiy 102 daqiqa davom etdi, lekin unda g‘olib aniqlanmadi.

«Paxtakor» o‘yinning katta qismida to‘pni nazorat qildi. O‘yinda juda ko‘p to‘xtalish bo‘lganini ham ta'kidlash kerak. Shota Arveladze ham shunda e'tibor berib, o‘yin davomida 12-14 marta yo‘q joydan to‘xtalish bo‘lganini ta'kidladi. O‘yin aytarli asabbuzarlik va hakamlik xatolarisiz o‘tgani alohida xursand bo‘lishga arziydigan narsa bo‘ldi.

Bu o‘yinni futbol rasmiylari, xususan O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham stadiondan kuzatdi. Termizdagi stadion muxlislarga to‘lgani uning darajasini yanada oshirdi.

«Bunyodkor» maktab bolasining goli evaziga g‘olib bo‘ldi

«Bunyodkor» 4-turda qiyin g‘alabaga erishdi. Abramov shogirdlari Olmaliqda 15-pog‘onada borayotgan «Andijon»ni 1:0 hisobida mag‘lub etishdi. Yosh futbolchilardan iborat «qaldirg‘ochlar»ning yagona goliga jamoaning eng yosh vakili Jasur Jaloliddinov mualliflik qildi.

2002 yilda tug‘ilgan va hali maktab o‘quvchisi hisoblangan Jaloliddinov o‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionatida o‘ynagan eng yosh futbolchiga aylanganini eslasangiz kerak. Jasur jarima maydonchasiga kirmay zarba yo‘lladi va shubhasiz turning chiroyli goli muallifiga aylandi.

«Buxoro»da ilk g‘alaba, «Qo‘qon-1912» ikki o‘yinda 10 ta gol o‘tkazib yubordi

Turning oxirgi o‘yini Farg‘onada o‘tkazildi. Butun vodiy jamoalari uchun uy stadioniga aylanib qolgan «Istiqlol» arenasi bu gal «Qo‘qon-1912» - «Buxoro» o‘yinini qabul qildi. O‘tgan turda OKMKdan 7 ta gol o‘tkazib yuborgan qo‘qonliklar hamon o‘zlariga kela olmagan ko‘rinishadi. No‘'mon Hasanov shogirdlari «Buxoro»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi va bu mag‘lubiyat aftidan murabbiyning iste'fosi uchun yana bir qadam bo‘ldi.

«Buxoro» safida Ivan Nagayev, Aziz Ibragimovlar super gollar urishdi. Buxoroliklarning yana bir goliga 2000 yilda tug‘ilgan Asadbek Sobirjonov mualliflik qildi.

Hafta qahramoni – Zohid Abdullayev

Hafta qahramoni sifatida Zohid Abdullayevni tanladik. Abdullayev o‘zbek futbolida eng munosib baho berilmagan futbolchilardan biri. Chempionat to‘purarlari ko‘p o‘zgaradi, ba'zi yillar to‘purar bo‘lgan futbolchi keyinchalik yo‘qolib qoladi, lekin Zohid doim gol uraveradi. Lekin u har doim terma jamoa murabbiylarining nazaridan chetda qolavergan. Chempionat to‘purari bo‘lib yurganida ham.

Ishoning, o‘zbek futbolida bunaqa jo‘shqin o‘yin ko‘rsatadigan futbolchilar ko‘p emas. Abdullayevning qiziqqonligi, golni nishonlashdagi jo‘shqinligi Jyeymi Vardini eslatib yuboradi. O‘tgan yillar Abdullayev faoliyatini tugatishi haqida gaplar paydo bo‘lgandi, lekin «Metallurg»ning ramziga aylanib qolgan Zohid hamon gol urishda davom etmoqda.

«Qizilqum» darvozasiga sof hujumchilarga xos harakati bilan ikkita gol urgan Abdullayev chempionat va kubok bahslarila urgan gollari sonini 100 taga yetkazib oldi va «Krasnitskiy klubi»ga a'zo bo‘lgan 31-futbolchiga aylanib, shubhasiz hafta qahramoni nomiga munosib bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: