Skripallar zaharlangan shahar Britaniyaning yashash uchun eng yaxshi joyi deb ataldi 

Jahon 08:25 / 14.04.2019 4838

The Sunday Times britan nashri Buyuk Britaniyada 2019 yilda yashash uchun yaxshi joylar reytingini tuzdi. Reytingga ko‘ra, Britaniyada yashash uchun eng jozibador shahar Solsberi deb tan olindi.

Shahar “buyuk tarixga ega va oliy sifatli ta'limni taklif qiladi, biroq joriy yil u “jamoaviylik hissining tiklanayotgani” sababli e'tirof etilgan.

2018 yil martida kimyoviy qurol bo‘yicha mutaxassislar ushbu shaharda Rossiyaning sobiq razvedkachisi Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi bilan bog‘liq holda “Novichok” turidagi falajlovchi moddani qidirishgan va u yuqori unvonga da'vogarlik qilishi dargumon edi. “Biroq shunga qaramay, shahar o‘ziga kelib oldi va ko‘plab ko‘rsatkichlar, ayniqsa Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaga hujumdan keyin yuzaga kelgan karaxtlik, qo‘rquv va sarosimalikni yengishga yordam bergan jamoaviylik hissi bo‘yicha yuqori baho oldi”, deyilgan maqolada.

Nashrning ta'kidlashicha, Skripallar bilan yuz bergan voqeadan keyin shahar do‘konlari bo‘shab qolgan, sayyohlar oqimi pasayib ketgan, biroq hozir vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan. “O‘tgan yil bizga bir-birimizga qanchalik kuchli muhtoj ekanligimizni eslatib qo‘ydi”, deb aytgan shahardagi ruhoniylardan biri Nikolas Popadopulos.

Shuningdek, nashr mamlakatning muayyan hududlaridagi yashash uchun eng yaxshi joylarni ham aytib o‘tgan. Londonda bunday joy sifatida daryoga ochiluvchi manzaralar, a'lo sifatli transport aloqasi va nisbatan qimmat bo‘lmagan ko‘chmas mulk” sababli It oroli e'tirof etilgan. Bundan tashqari, Angliya shimolidagi York, Shotlandiyadagi Dandi, Uelsdagi Krikxauell va Shimoliy Irlandiyadagi Xolivud shaharlari yashash uchun eng yaxshi joylar deb atalgan.

Skripallar 2018 yil marti boshida Solsberidagi uylarida hushsiz topilishgan. Britaniya hukumati ularning zaharlanishida Moskvani ayblagan. Ta'kidlanishicha, Skripallarga hujum vaqtida “Novichok” turidagi modda qo‘llangan. Biroq Rossiya bu ayblovlarni inkor etib keladi.  

Ko‘proq yangiliklar: