Yashnobod tumanida joylashgan uydagi quduq ichidan jasad topildi

Jamiyat 14:42 / 13.04.2019 39514

2019 yil 11 aprel kuni soat 13:15da Toshkent shahar IIBBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Yashnobod tumani, S.Mashxadiy 1-berk ko‘chasi, 12-uy hovlisidagi quduq ichidan fuqaro A.X.ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida, ushbu xonadon aslida fuqaro A.I.ga tegishli bo‘lib, u yerda hech kim yashamasligi, balki taxminan 2018 yilning yanvar oyidan ushbu xonadonda tadbirkorlik maqsadida baliq ko‘paytirilishi, bu yerda marhum A.X. va voyaga yetmagan fuqaro K.Sh. norasmiy ravishda ishlab kelishganligi ma'lum bo‘ldi.

10.04.2019 yilda hovlida hech kim bo‘lmagan paytda, o‘rtalarida kelib chiqqan janjal oqibatida, K.Sh. qasddan o‘ldirish maqsadida, shu yerda bo‘lgan bolg‘a bilan A.X.ning bosh qismiga bir necha marotaba urib, o‘ldirganligi, so‘ngra jinoiy izlarini yashirish uchun murdani hovlidagi quduq ichiga tashlab yuborib, voqea joyidan yashiringanligi aniqlangan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasining 11.04.2019 yildagi dastlabki xulosasiga ko‘ra, A.X.ning o‘limi 1 sutka avval olingan og‘ir tan jarohatlari natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 11.04.2019 yilda Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan voyaga yetmagan K.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi JPKning 345-moddasiga asosan tergov harakatlarini davom ettirish uchun Toshkent shahar IIBB HTBga yuborilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. K.Sh. tegishli protsessual tartibda ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: