Xaridorlarning puli qayerga ketyapti?

Iqtisodiyot 10:47 / 13.04.2019 30974

Naqd tushumni yashirish orqali soliqlardan qochish muammosi boy tarixga ega. Doim bunga qarshi choralar ko‘rib kelingan. Ushbu sohaga zamonaviy texnologiyalar kirib keldi. Soliq organlari xodimlariga ularni bartaraf etish vazifasi yuklatilgan. Bu ishni qanchalik yaxshi uddalasalar, Davlat budjetiga tushumlar to‘liq kelib tushishini ta'minlabgina qolmay, xaridorlarni firibgarlardan, sotib olayotgan tovar va xizmatlari uchun ortiqcha haq to‘lashlaridan ham himoyalagan bo‘ladilar, deb yozadi Oleg Gayevoy Norma nashrida.

Qonunni hurmat qilmaydiganlarga qarshi ayovsiz kurashish lozim 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat budjetiga tushumlar prognozlari ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, uning daromad qismini to‘ldirish rezervlarini ko‘rsatdi. Tadbirkorlik faoliyatini legallashtirish, soliq ma'muriyatchiligini yaxshilash ular sirasiga kiradi.

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda soliqlardan bo‘yin tovlash sxemalari qo‘llanilyapti. Soliq organlari qonunbuzarlarga qarshi samarali choralarni ishlab chiqayotganda buni nazardan qochirmasliklari darkor. Aks holda barcha urinishlari zoye ketadi. 

Terminaldan qo‘rqmaymiz…

Avvaliga insofsiz tadbirkorlar terminaldan qo‘rqib, faqat naqd pul bilan hisoblashishga urindilar. Bugun xaridor bank plastik kartasi vositasida hisoblashmoqchi bo‘lsa, bundan hech kim cho‘chimaydigan bo‘lib qoldi. Ushbu vaziyatda o‘sha insofsiz sotuvchilarda Prezidentning 15.02.2017 yildagi PQ–2777-son qarori talablaridan qochish yo‘li bor. Oddiy xaridorlar to‘qnash kelgan ikkita holat bunga yorqin misol bo‘la oladi. 

Chorsu bozorida xaridor va sotuvchi 500 ming so‘mlik erkaklar poyabzalini oldi-sotdi qilishga kelishib oldilar. Sotuvchi haqini plastik kartada olishga rozi bo‘ldi. Hisob-kitob terminali peshtaxtaning ko‘rinarli joyida turgan edi. Haq to‘lashga kelganda xaridorga bozorning narigi tomonidagi bank bo‘limiga borishni taklif qildilar. U yerda sotuvchining vakili bir chekkada turgan bankomatdan kerakli summani yechib oldi. Natijada xaridor karta orqali hisob-kitob qildi, sotuvchi naqd pulga ega bo‘ldi. Yutqazgan faqat budjet bo‘ldi.

Bunday holatlar faqat bozorlarda uchramaydi. Konsertga chipta sotib olishni olaylik. Kassir xaridorning plastik karta vositasida haq to‘lamoqchiligini ko‘rib, terminal yo‘qligini aytadi. Vaziyatdan chiqish uchun to‘lov tizimlaridan biri yordamida mablag‘ni kartadan kartaga o‘tkazishni taklif qiladi. Shunday qiladilar ham. Faqat nima sababdan mablag‘lar yuridik shaxsning schyotiga emas, kimningdir shaxsiy kartasiga o‘tkazilgani noma'lumligicha qoladi.   

Shu yo‘l bilan xarid qilgan kishining ko‘nglida g‘ashlik qoladi. Vaqt o‘tishi bilan sotuvchi aytganidan ko‘ra ko‘proq summa to‘laganini anglab yetadi. Bankomatda pulni naqdlashtirish va kartadan kartaga o‘tkazishda vositachilik haqi undiriladi, u xaridor zimmasiga tushadi. Qandaydir firibgarlarning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lgani ham hech kimga yoqmasa kerak…

Uzringizni qabul qildik

Tilga olingan barcha holatlarda «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga xilof ish qilingani yaqqol ko‘rinib turibdi. Hujjatda quyidagi talablar belgilangan:

• xaridorga tovar, xizmat, shu jumladan narx haqida to‘g‘ri axborot berish bo‘yicha;

• real to‘langan xarid qiymati ko‘rsatilgan kassa chekini berish bo‘yicha.

Soliq qonunchiligi ham buzilgani ko‘rinib turibdi.

Vaziyat o‘z-o‘zidan hal etilishini kutib bo‘lmaydi. Chora ko‘rilmasa, muammo chuqur ildiz otadi. Jamiyat ongi va tushunchasini o‘zgartira oladigan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Davlat soliq qo‘mitasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga shunday tashabbus bilan chiqa oladi.

Birinchidan, soliq solish tizimi samaradorligini tahlil qilish, soliq to‘lovchilarning har bir guruhi kesimidagi ishlarning ahvolini o‘rganish zarur. Bunda eskicha yondashib bo‘lmaydi. Bozorda ishlovchi tadbirkorlar orasida soliqlarni belgilangan shkalada xotirjam to‘lay oladiganlari ham, bunga qurbi yetmaydiganlar ham bor. Qiyin ahvolda qolganlarga umumbelgilangan darajaga chiqishida yordam berish kerak. Ayrim sohalarda qabul qilingan stavkalarni qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lishi mumkin. Bunda iqtisodiyotning barcha sohalarida xufiya aylanmani oshkor qilishga qaratilgan asosli tadbirlarni ko‘rish lozim.  

Ikkinchidan, nihoyat, xaridorlarni rag‘batlantirish tizimini to‘la ishga tushirish zarur, ular doim chek talab qilib, uning mazmuni qonunchilik normalariga qanchalik muvofiq kelish-kelmasligini tekshiradigan bo‘lsinlar. Onlayn-NKMni joriy etish bo‘yicha pilot loyiha doirasida tilga olingan g‘oyani asos qilib olish mumkin. Xaridorga berilgan har bir kassa cheki – qimmatbaho yutuqlar o‘ynaladigan lotereya bileti.

Uchinchidan, soliq organlari iste'molchilar bilan real samara beruvchi operativ aloqani yo‘lga qo‘yishi maqsadga muvofiqdir. Iste'molchi qonunbuzarlik dalillari haqida tez xabardor qilishi mumkin bo‘lgan barcha aloqa kanallarini ishga solish zarur. Bunda barcha zamonaviy internet-texnologiyalardan, shu bilan birga an'anaviy ishonch telefonlari, yozma murojaat qilish imkoniyatidan foydalanish kerak.

To‘rtinchidan, iste'molchilarning xabarlariga imkon qadar tez munosabat bildirish, dalillarning ishonchliligini nazorat xaridi yordamida tekshirish zarur. Amaldagi Nizomda (28.06.2013 yilda 2475-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) chakana savdodagi hisob-kitoblarda sodir etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida soliqchilarga kelib tushgan ma'lumotlarni o‘rganib chiqishga uch kun ajratilgan. Bu juda uzoq muddat. Bunda o‘t o‘chiruvchilardek harakat qilish: signal kelib tushishi bilan chaqirilgan joyga yetib borish kerak.

Beshinchidan, fosh etilgan huquqbuzarlarga nisbatan keskin choralarni qo‘llash talab etiladi. Davlat va iste'molchiga yetkazilgan zararni qoplasin, shuningdek qonunga muvofiq jazosini olsin – uzringizni qabul qildik qabilida ish tutilmasin. Shu bilan birga tadbirkorda nima sababdan noqonuniy yo‘lni tanlaganini izohlash huquqi bo‘lishi kerak. Tahliliy materiallar tayyorlashda va yechimlarni taklif etishda ushbu axborotga tayanib ish ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: