«Paxtakor» o‘yinida yana hakamlar mavzusi, Farg‘onada penaltilar, Olmaliqda esa gollar yomg‘iri – Superligada tur yakunlari

Sport 20:30 / 08.04.2019 18474

4-7 aprel kunlari O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bu tur davomida futbol muxlislari ko‘plab qiziqarli o‘yinlarga guvoh bo‘lishdi. «Paxtakor» yana g‘alaba qozondi va turnir jadvalidagi peshqadamlikni davom ettirdi. «Bunyodkor» esa uchinchi urinishda g‘alaba qozonib, ochkolar hisobini ochdi. Quyida turning eng qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Paxtakor» va hakamlar mavzusi

3-turning markaziy bahsi Toshkentda o‘tkazildi. «Paxtakor» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qildi. Bu jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar doim qiziqarli kechgan. «Nasaf» o‘tgan mavsumlarda ko‘plab yetakchilarini boshqa klublarga kuzatganiga qaramay, Ro‘ziqul Berdiyev yana raqobatbardosh jamoa tuza oldi. «So‘g‘diyona»ga qarshi total ustunlikdagi g‘alabadan so‘ng «Nasaf» Toshkentdagi katta o‘yinda ham «Paxtakor»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilgandi.

Amalda shunday bo‘ldi ham. «Paxtakor» juda kuchli tarkibga ega bo‘lsa ham, asosan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat «Nasaf» Shota Arveladze jamoasiga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. «Paxtakor» va hakamlar mavzusi anchadan buyon eslanmayotgandi. Qolaversa, joriy mavsumda «sherlar» har doimgidan kuchli ko‘rina boshladi. Biroq 3-turga kelib yana «Paxtakor» va hakamlar mavzusi «ochiq deb e'lon qilindi».

O‘yinni boshqarib borgan Aziz Asimov avvaliga yo‘q joydan «Paxtakor» darvozasiga penalti belgiladi. 10-daqiqa o‘tib borayotganda Jaloliddin Masharipov chap qanotdan oldinga bordi va to‘pni jarima maydonchasiga uzatdi. To‘p himoyachi G‘olib G‘aybullayevga tegib, maydonni tark etdi. «Nasaf» futbolchilari xotirjam burchak to‘pi tepilishiga tayyorlanayotgan bir vaqtda Asimov to‘p himoyachining qo‘liga to‘p tekkanini qayd etib, «Nasaf» darvozasiga penalti belgiladi.

Vaholanki, to‘p G‘aybullayevning qo‘liga emas, qorniga tekkandi. Championat.asia sayti o‘sha holatda to‘p futbolchining qorniga tekkanini isbotlaydigan videoni ham e'lon qildi.

Bu vaziyatda to‘p qo‘lga tegmaganini bilish uchun odam ming yildan buyon hakamlik qilayotgan va multfilmlardagi superqahramonlar kabi ko‘zga ega bo‘lishi shart emas. Shunchaki oddiy fizika qonunlaridan xabardor bo‘lsa kifoya.

«Paxtakor»ning ikkinchi goli ham mojaroli bo‘ldi. Biroq Krimetsning golida to‘p chindan ham «Nasaf» himoyachisidan Krimetsga borgandek ko‘rindi. Shu sabab ikkinchi gol «toza» urildi, degan xulosa o‘rinliroq.

Xullas, «Paxtakor» yana hakamlar «ishtiroki»da g‘alaba qozondi. Asimov «Paxtakor» ishtirokidagi navbatdagi o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. «Bunyodkor» bilan o‘yinda ham Kamoliddin Tojiyev yaqqol ofsayddan gol urganini eslasangiz kerak. O‘sha o‘yinda ham hakam Aziz Asimov edi...

Beshta gol urgan va «Ronalduga golni nishonlashi o‘rgatgan» Polvonov

Olmaliqning OKMK jamoasi mavsumni yomon boshladi. O‘z maydonida «Buxoro» bilan 0:0 o‘ynagan olmaliqliklar ikkinchi turda «Qizilqum»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Osiyo Chempionlar Ligasi hamda O‘zbekiston Superkubogidagi muvaffaqiyatsizliklar Mirjalol Qosimovning jahlini chiqargani aniq. Chunki Qosimov mag‘lubiyatlarga ko‘nib ketadigan murabbiy emas.

OKMK 3-turda «Qo‘qon-1912»ni qabul qilib, o‘ta yirik hisobda g‘alaba qozondi – 7:1. Bu esa olmaliqliklarning o‘yinga qanday kayfiyatda tushganini ko‘rsatadi. O‘yinda tajribali hujumchi Zafar Polvonov oz emas, ko‘p emas, beshta gol urdi. Bunaqasi o‘zbek futbolida 2006 yildan buyon bo‘lmagandi. Polvonov golini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonladi. Bu borada Qosimov hazillashib, shunday dedi: «Ronaldu golni bunday nishonlashni Zafardan o‘rgangan». Polvonov bir o‘yindayoq Superliga to‘purarlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Bir o‘yinda 4ta penalti va Abramovning ilk g‘alabasi

Vadim Abramovning murabbiylikka qaytgani muxlislarni xursand qildi. Chunki bu murabbiy milliy terma jamoadagi faoliyati sabab ko‘pchilikning hurmatini qozongan. Uni parokanda bo‘lib ketgan «Bunyodkor» kutib turgandi. Jamoada rahbariyat o‘zgargan, ko‘pdan-ko‘p qarzlar, legionerlar bilan muummolar, tayin stadion yo‘q, yetakchilar ketgan. Ammo Abramov «Bunyodkor»ning yosh futbolchilari bilan yaxshi jamoa tuza oldi.

Superliganing dastlabki ikki turida mag‘lub bo‘lgan «qaldirg‘ochlar» ustozi jamoa tezroq g‘alaba qozonishi kerak ekanini aytgandi. 3-turda «Bunyodkor» jiddiy o‘yinda maydonga tushdi. Abramov jamoasi Farg‘onada «Navbahor» bilan o‘ynadi. Turning eng quvnoq o‘yinida rasmiy mehmon maqomidagi jamoa 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Bu o‘yinni muxlislar 4ta penalti belgilangani bilan eslab qolishadi. Ilgiz Tantashev har ikki jamoani ham «xafa qilmay» jamoalarning darvozasiga ikkitadan, jami to‘rtta penalti belgiladi. Xurshid G‘iyosov ikkita penaltidan ham gol urdi, «Navbahor» hujumchisi Aleksandr Kasyan esa bitta penaltidan aniq foydalanib, ikkichisida xato qildi, uning zarbasini Murod Zuhurov bartaraf etdi.

Tantashev penaltilarni juda kichik kontaktlar uchun ham belgilagani e'tiborni tortdi. Hakam har ikki jamoa uchun ham teng miqdorda penalti belgilaganiga qaramay, o‘yin oxirida «Istiqlol» stadioniga yig‘ilgan muxlislarning «shirin so‘zlari» bilan «siylandi».

Farg‘onada kechgan bahsda «qaldirg‘ochlar» haqli g‘alabaga erishdi. Buni Andrey Kanchelskis ham tasdiqladi: «Biz raqibni mensimadik va mag‘lub bo‘ldik». Endi «Bunyodkor»ni mensimaslik kerak emasligini bilib olishdi. Chunki bu jamoaning 17 yoshli futbolchilari ham gol urishmoqda.

Vadim Abramov o‘yindagi penaltilar bo‘yicha munosabat bildirib o‘tdi: «Men maydonda turib kuzatdim, vaziyatni to‘liq ko‘rmasdan hozir bir narsa deyishim qiyin. Agar penaltiga tortadigan vaziyat bo‘lsa, to‘rtta emas oltita ham belgilash mumkin. Asosiysi, o‘sha vaziyat haqiqatdan ham penalti belgilanishi uchun  asos bo‘lishi kerak».

«Surxon» dadil odimlamoqda

15 yildan so‘ng yuqori divizionga qaytgan «Surxon» dastlabki ikki turda ham yomon taassurot qoldirmagandi. 3-turda Miklyayev shogirdlari Jizzaxda «So‘g‘diyona» mehmoni bo‘lishdi. Tarkibida yaxshi futbolchilar jamlangan termizliklar yarim soatning o‘zida o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishdi. Shavkat Salomov ikkita, Sherzod Hakimov bitta gol urib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirishdi.

Ayniqsa, Shavkat Salomovning birinchi goli juda chiroyli chiqdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Surxon» ochkolari sonini 7taga yetkazib, turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. 4-turda yetakchi «Paxtakor» aynan «Surxon» mehmoni bo‘ladi va bu o‘yin juda qiziqari kechishi kafolatlangan.

Iste'fo yaqin...

3-tur o‘yinlaridan so‘ng ikki jamoa murabbiyi iste'fo haqida gapirdi. «Qo‘qon-1912» Olmaliqda 7ta gol o‘tkazib yuborgach, jamoa murabbiyi No‘'mon Hasanov rahbariyat oldida biror variant bo‘lsa, iste'foga chiqishga tayyorligini aytdi. Hasanov matbuot anjumanida juda tushkun holatda bo‘lgani bu gaplarni shunchaki aytmaganini bildiradi. Balki, Hasanov tez orada iste'foga ham chiqar, balki unga imkon berilar.

Bu turda «So‘g‘diyona» ham yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. «Surxon»ga qarshi o‘yindan so‘ng jizzaxliklar bosh murabbiyi Sergey Lushchan ham iste'fo haqida gapirdi. Biroq «So‘g‘diyona» uni ishdan bo‘shatgani haqida rasman ma'lumot bergani yo‘q.

Agar «So‘g‘diyona» Lushchanni iste'foga chiqarsa ham, o‘z maydonida «Surxon»dan, mehmonda «Nasaf»dan uchralgan joriy mavsumdagi mag‘lubiyatlar sabab iste'foga chiqarmaydi. Klub Lushchanga o‘tgan mavsumdan buyon imkon berib kelmoqda va jamoa autsayderlar qatoridan chiqib keta olmayapti.

Hafta g‘alabasi. «Dinamo» 90+3-daqiqada 3 ochkoni ilib ketdi

3-turda Samarqandning «Dinamo» klubi mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. O‘z maydonida Bekobodning «Metallurg» jamoasini qabul qilgan samarqandliklar 90+3-daqiqada g‘alabani ilib ketishdi. «Dinamo» yarim himoyachisi Ixtiyor Toshpo‘latovning goliga bekobodliklar safida Muzaffar Muzaffarov javob bergandi. O‘yinda 1:1 hisobi saqlanib qoladigandek ko‘ringan bir vaqtda «Dinamo» himoyachisi Mirkomil Lokayev jamoasiga g‘alaba keltirdi.

O‘ng qanot himoyasida o‘ynovchi Lokayev bo‘yi baland futbolchi emas. Shunday bo‘lsa-da, 90+3-daqiqada u jarima maydonchasi chizig‘ida, darvozadan 16 metr masofada turib to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Bu vaziyatda bekobodliklar posboni Zafar Safoyev sirpanib ketgandi.

Hafta qahramoni – Zafar Polvonov

O‘tgan ikki turda legioner futbolchilar Dragan Cheran hamda Elguja Grigalashvillini haftaning eng yaxshi futbolchsi deb topgandik. Bu turda esa mahalliy futbolchini bu nomga munosib ko‘rdik. Bir o‘yinda 5ta gol urgan Zafar Polvonov shubhasiz, eng yaxshi bo‘lishga munosib edi. 12 yildan buyon o‘zbek futbolida bu ishni eplagan futbolchi topilmagandi.

Milliy terma jamoa murabbiylari doim bizda yaxshi hujumchi ko‘p emasligini aytishgan. Masalan, Kuper Osiyo Kubogiga bittagina nominal hujumchi bilan bordi. Janob Kuper endi OKMKning o‘yinlarini e'tibor bilan kuzatsa ham zarar qilmaydi. Axir bizda har kuni ham bitta o‘yinda 5ta gol uradigan futbolchi chiqavermaydi-ku...

Ko‘proq yangiliklar: