Joriy yilning 2 aprel kuni O‘zbekiston moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi vakillari hamda Angliyaning The Economist Intelligence Unit tashkilotining Davlat siyosati masalalari bo‘yicha konsultantlari Umberto Moreno va Metus Samellar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekistonning so‘nggi 2 yil davomida xalqaro reytinglar va indekslardagi nufuzidagi ijobiy o‘zgarishlar va kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, The Economist Intelligence Unit tashkiloti mutaxassislari tomonidan Jahon bankining Boshqaruv indikatorlari va Biznesni yuritish reytingi, Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksi kabi xalqaro reytinglarda respublikaning nufuzini yanada oshirish bo‘yicha bir qator takliflar berib o‘tildi.
Shu bilan birga, uchrashuvda Moliya vazirligi va Economist Intelligence Unit tashkilot o‘rtasida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.