Osmondagi qirollik. Dengiz sathidan 1400 metr balandda joylashgan yagona davlat haqida nimalar ma’lum?

Jahon 17:26 4713

Yerning yoshi 4,5 milliarddan oshadi. Shu vaqt mobaynida u bir necha bor tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartirgan. Bundan tashqari, Yerning ichki jarayonlari va uning tektonik plitalari harakati juda sekin kechadi, lekin hech qachon to‘xtab qolmaydi. Bu esa sayyoramizni aql bovar qilmas darajada dinamik qiladi, deb yozmoqda IFLScience.

Olimlar asrlar davomida Yer geologiyasini o‘rganib kelmoqda. Ular sayyoramizning bugungi ko‘rinishi va nima uchun aynan shunday holatga kelganini tushunishga urinyapti, natijada har safar yangi kashfiyotga duch kelishyapti. Ana shunday qiziq faktlardan biri — Yer yuzida faqat bitta mamlakatning butun hududi dengiz sathidan 14000 metr balandlikda joylashgan.

Gap “Osmondagi qirolligi” nomi bilan ham tanilgan Lesoto haqida ketmoqda. Lesotoning butun hududi dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi, jumladan Buyuk Britaniya, Irlandiya, Niderlandiya, Daniya, Estoniya, Bangladesh va boshqa davlatlardagi eng baland tog‘lardan ham yuqoriroqda joylashgan.

Ushbu davlat geografiyasi mintaqaning murakkab tarixidan kelib chiqadi, chunki Lesoto Janubiy Afrika Respublikasining anklavi hisoblanadi — u butunlay boshqa mamlakat hududi bilan o‘ralgan va dengizga chiqish imkoniga ega emas.

Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur noyob davlatning tarixi XIX asr boshlariga borib taqaladi, ya’ni zulus xalqi o‘z yetakchisi Shaki Zul-u boshchiligida muntazam qo‘shin tuzib, harbiy ekspansiya kampaniyasini boshlagan paytlarga. Bu davr ko‘p qon to‘kilishlar va odamlarning ommaviy ko‘chishi sababli Mfekane yoki “halokatli” deb nomlandi.

Zo‘ravonlikdan qochishga muvaffaq bo‘lganlar orasida tog‘dan boshpana izlagan qirol Moshveshe I boshchiligidagi qabila ham bor edi. Bu yerda u o‘z qirolligini barpo etdi, joylashuvi sabab mamlakatni bosqinchilardan himoya qilish ancha oson bo‘lgan.

Ilgari “Osmondagi qirollik” Basutolend nomi bilan tanilgan, keyinchalik 1843 yilda Moshveshe bilan imzolangan shartnomaga binoan Britaniya mustamlakachiligi ostidagi tub davlat sifatida Lesotoga aylangan. Mamlakat mustaqillikka 1966 yilda Lesoto Qirolligi nomi bilan erishdi, qirol Moshveshe II esa uning suveren hukmdori etib tayinlandi.

Olimlarning ta’kidlashicha, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan, ammo o‘zining go‘zal tabiati bilan mashhur boshqa bir necha mamlakatlar ham mavjud: masalan, Himolay tog‘laridagi Butan va Nepal. Biroq bu davlatlarning eng past nuqtalari baribir 1000 metrdan quyida joylashgan.

Ma’lumki, Nepalning eng baland nuqtasi Everest tog‘i bo‘lib, uning balandligi 8848 metrni tashkil etadi va u Yer yuzidagi eng baland cho‘qqi hisoblanadi. Shu bilan birga, mamlakatning eng past nuqtasi dengiz sathidan bor-yo‘g‘i 60 metr balandlikda joylashgan.

Lesoto sayyoradagi eng tog‘li mamlakat unvoniga da’vo qilmasligi mumkin, biroq u o‘zining ajoyib tog‘li hududi bilan ajralib turadi, chunki uning har bir nuqtasi dengiz sathidan 1400 metrdan past bo‘lmagan tepaliklarda joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: