«O‘zbekneftgaz» Xitoy korporatsiyasiga 16 mln dollar qarz ekani ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 15:01 / 03.04.2019 24987

«O‘zbekneftgaz» AJ bo‘linmalari va Xitoyning CPTDC korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan shartnoma majburiyatlarini bajarish vaqtida O‘zbekiston shirkatining 16 mln AQSh dollari miqdorida qarzdorligi yuzaga kelgan. Bu haqda CPTDC Kun.uz’ga xabar berdi.

Bildirilishicha, korporatsiya 1997 yildan beri «O‘zbekneftgaz» turli bo‘linmalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki tomonlama hamkorlik vaqtida qator muhim loyihalar amalga oshirildi.

Qayd etilishicha, tegishli shartnomalar va o‘zaro hisob-kitoblar aktlariga muvofiq, bugungi kunda «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘linmalarining CPTDC davlat kompaniyasi oldidagi qarzdorligi quyidagicha ko‘rinishga ega:

«O‘zneftgazqazibchiqarish» AJning shartnomalar bo‘yicha qarzdorligi:

2002 yil 9 dekabrdagi G-188 shartnomasidan - 5 739 001,30 dollar.

2004 yil 29 avgustdagi 275-sonli shartnomadan - 441 264,43 dollar.

«O‘zgeoburg‘uneftgaz» AKning shartnomalar bo‘yicha qarzdorligi:

2005 yil 21 iyundagi 124-sonli shartnoma bo‘yicha - 1 158 770,63 dollar.

2001 yil 28 apreldagi CPTDC01EX44227-sonli shartnoma bo‘yicha - 4 479 446,00 dollar.

«O‘ztashqineftgaz» AJning shartnomalar bo‘yicha qarzdorligi:

2007 yil 27 dekabrdagi TM-07-239-sonli shartnomadan - 4 147 539,29 dollar.

2008 yil 23 iyuldagi NGU-08-204-sonli shartnomadan - 13 625,40 dollar.

2008 yil 19 sentyabrdagi NGU-08-248-sonli shartnomadan - 62 308,75 dollar.

Bildirilishicha, CPTDC ko‘rsatilgan kreditorlik qarzlari qoplanishi bo‘yicha masala o‘zaro tushunish asosida hal etilishi maqsadida ko‘p bora «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi, «O‘zneftgazqazibchiqarish», «O‘zgeoburg‘uneftgaz», «O‘ztashqineftgaz» rahbarlariga xat bilan murojaat qilgan.

Bunga qarzdorlik kerakli valuta mablag‘lari yo‘qligi tufayli to‘lanmayotgani haqida javob qaytarilgan.

Shuningdek, korporatsiya O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qilgan. Shundan so‘ng, 2017 yilda tegishli muzokaralar o‘tkazilib, qarzdorlikni qoplash jadvali tuzilgan. Korporatsiya «O‘ztashqineftgaz»ning 4 223 473,44 dollar miqdoridagi qarzini 2019 yilga ko‘chirishga rozi bo‘lgan.

Biroq, korporatsiya bayonotida aytilishicha, hozirgi kunga qadar 11 818 482,36 dollar o‘rniga faqat 100 000 dollar o‘tkazib berilgan.

«Afsuski, shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, Bizga nisbatan bunday tushunarsiz va hamkorlarga xos bo‘lmagan munosabat, o‘zi tomonidan tasdiqlangan majburiyatlarni bajarmaslik nafaqat «O‘zneftgazqazibchiqarish» va «O‘zburg‘uneftgaz» obro‘siga, balki «O‘zbekneftgaz» kredit reytingi, umuman, O‘zbekiston Respublikasining kredit reytingiga putur yetkazadi», - deyiladi korporatsiya bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: